O‘zA O`zbek

03.03.2020 Chop etish versiyasi

Moʻtabar ayollar...

Moʻtabar ayollar...

Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligida “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishonini topshirishga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirining birinchi oʻrinbosari Elmira Bositxonova mamlakatimizda ayollarni, bilim olishga ishtiyoqi baland qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ular manfaatlarini himoyalash, har jihatdan ragʻbatlantirishga ustuvor eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi.

Prezidentimizning 2018-yil 2-fevraldagi “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni taʼsis etilgandi.

Jamiyat va davlat hayotida faollik, tashabbuskorlik koʻrsatgan, halol mehnati bilan oilaning shakllanishi, uning farovonligi mustahkamlanishiga, onalik va bolalik muhofazasiga munosib hissa qoʻshgan, sogʻlom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, joylarda maʼnaviy-axloqiy muhitni sogʻlomlashtirish, milliy qadriyatlarimizni targʻib etish borasida ibratli faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar mazkur koʻkrak nishoniga munosib koʻrilmoqda.

Oʻtgan yili Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasining “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni bilan xalq eʼtirofiga sazovor boʻlgan, mehnat faoliyatida koʻplab yutuqlarga erishgan, oilasi bilan namuna boʻlayotgan 290 nafar xotin-qiz taqdirlangan edi.

photo5400109514688146538.jpg

2020-yilda koʻkrak nishoni yoʻriqnomasiga oʻzgartirish kiritilib, ushbu nishon 50 yoshdan yuqori boʻlgan, oilasidagi muhit bilan boshqalarga oʻrnak boʻlishni hayot tarziga aylantirgan ayollarga berilishi belgilab qoʻyildi va 287 nafar ayol “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoniga munosib koʻrildi.

Taqdirlanganlar orasida hududlarda yashab, ibratli faoliyat koʻrsatayotgan opa-singillarimiz, munis onaxonlarimiz ham bor. Ular turli soha vakillari ekani eʼtiborga molikdir.

– Yigirma besh yildan buyon “Oʻzbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyida ishlayman, – dedi “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni sohibasi Sanoat Rahimova. – Kamtarona mehnatlarim eʼzozlanganidan koʻnglim osmon qadar yuksaldi.

Tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston xalq artisti Toʻti Yusupova mamlakatimizda ayol zotini ulugʻlash borasida koʻrsatilayotgan eʼtibor uchun minnatdorlik bildirib, mushfiq onaxonlarga bagʻishlangan monologni oʻqib berdi.

Sanʼat ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokidagi konsert tadbirga yana-da fayz bagʻishladi.

1 650
Nazokat USMONOVA, OʻzA