O‘zA O`zbek

23.05.2020 Chop etish versiyasi

Moʻmin moʻminga muhofiz

Moʻmin moʻminga muhofiz

Muborak Ramazonning shukuhli kunlari ham nihoyasiga yetmoqda. “Nihoya” soʻzining oʻrni emasdir, hoynahoy. Zero, moʻmin-musulmon bandaning nazarida hademay, ha, hademay kelgusi yil ramazoni xuddi ramazon qoʻshigʻini aytib kelgan bolakaylar singari darvozamizni taqillatib keladi. Ibodat ibodatga ulanadi, bogʻlanadi – shu tariqa umrimizni mazmunlarga toʻldiradi, bezaklar ila jilva bagʻishlaydi.

Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi galdagi Ramazon hayitini nishonlash toʻgʻrisida maxsus bayonot eʼlon qildi. Bayonotning maxsusligi Ramazon hayitini nishonlash tartibiga daxldor boʻldi.

Nafaqat Oʻzbekiston, balki butun dunyo boʻylab tarqagan tojdor virus balosi butun kurrai arz boʻylab odamlarning hayoti, turmush tarzida favqulodda burilish yasadi. Ana shu toʻlqinda Ramazon shartlarini ado etish qanday boʻladi, degan savol koʻndalang boʻldi. Axir tarixda bunaqasi boʻlmagan! Jomeʼ masjididagi kundalik jamoat namozlari, juma namozlari, taroveh namozlari, amru maʼruf va nahiy munkar yigʻinlari, qolaversa, bayramona tuzaladigan iftorlik dasturxonlari vaqtinchalik toʻxtatildi. Qanchalik kutilmagan boʻlmasin, qanchalar tasavvurga sigʻmasin, VAZIYAT, HOLAT ni hisobga olishga majbur boʻldik. Va, mana, muborak hayit arafasida yana bir favqulodda MAJBURIYATga roʻpara kelib turibmiz. Chindan ham majburiyat, chindan ham kutilmagan vaziyat, holat.

Vatandoshlarimiz alohida ehtiyot chorasi ostida yashayotganiga ikki oydan oshib bormoqda. Hukumatimiz va davlatimiz rahbariyati talafot asoratlarini mumkin qadar kamaytirish yoʻlida kunu tun tinim bilmayotir.

Prezidentimizning Ramazon hayitini nishonlash toʻgʻrisidagi qaroriga eʼtibor qilaylik. Davlatimiz rahbari xalqimizning bayram bilan tabriklar ekan, koronavirus pandemiyasi sharoitida ehtiyot choralarini koʻrishga chaqirmoqda. “Ramazon hayitini karantin talablariga muvofiq” nishonlashga alohida urgʻu bermoqda. Maqsad nima? Maqsad aniq: xalqimizni kutilmagan talafotlardan asrash-avaylash! Sogʻligʻi haqida qaygʻurish!

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi bayonotida esa vaziyat taqozosi bilan boʻlayotgan oʻzgarishlar atroflicha asoslab berilgan. Qurʼoni Karimdan, hadisi sharifdan va boshqa ishonchli manbalardan keltirilgan dalillarda Ramazon hayitini nishonlash tartibini oʻzgartirishga izn berilishi taʼkidlangan. “Moʻtabar fiqhiy kitoblarimizda “Zararni daf qilish foydani jalb qilishdan oldinga qoʻyiladi”, degan qoida bor”. Mazkur qoidaning zamirida shariat insonga zarar yetish ehtimoli yuz bergan holatda ibodatlarni yengil tarzda ado etishga ruxsat etilishi koʻrsatib oʻtilgan.

Hayit kunlari keksalarimizni, yaqin-yiroqlarni ziyorat qilish, bemorlarimiz qalbiga malham boʻlguvchi soʻzlarimizni yuzma-yuz izhor etishga nima yetsin?! Buni hammamiz bilamiz, biroq!

Hamma gap ana shu “biroq”da! Ayni kunlardagi bosh masala, bosh muddao – har kim oʻz sogʻligʻi ustida qaygʻurish! Oʻz sogʻligʻini ehtiyot qilgan inson boshqani ehtiyot qilgan hisoblanadi. Pandemiya davridan qolgan va hech qachon eskirmaydigan, ahamiyatini yoʻqotmaydigan shior boʻlib qoladi bu soʻzlar!

Islom dini nafaqat ruhiy-maʼnaviy, ayni chogʻda jismoniy ozodalik, koʻrkamlik dini ekanligi, zamonaviy tibbiyot tili bilan aytganda, SHAXSIY GIGIYENAni koʻklarga koʻtaruvchi din ekanligi ayni ushbu pandemiya davrida chinakam maʼnoda isbotini topdi, desak mutlaqo mubolagʻa boʻlmaydi. Qolaversa, “COVID–19” barcha asoratlari bilan bir qatorda, butun bashariyat oldiga shaxsiy gigena tushunchasini tubdan yangilash vazifasini koʻndalang qoʻydi. Insoniyatning “Yo hayot, yo mamot!” oʻrtasidagi nojot yoʻli GIGIYENAda ekanligining isbotlaydigan joyi qolmadi.

Muqaddas kitoblarimizda islom dinining bandalariga malol kelmaydigan din ekanligi, bandaning toqatidan ogʻir tushadigan din emasligi bayon etilgan. Barcha saʼy-harakat VAQTINCHALIK VAZIYAT TAQOZOSIdan kelib chiqqan holda oʻzimizni, oilamizni, qoʻni-qoʻshnimizni, yor-birodarlar va qon-qarindoshlar hayotini saqlashga qaratilganin

i biror kun-biror lahza unutishga yoki bunday talablarga beeʼtibor qaramaslikni INSONIY, EʼTIQODIY maslakka aylantirishga daʼvat etmoqda. “Moʻmin moʻminga koʻzgu” degan muborak hadis bor. Bu oʻlmas kalomni “Moʻmin moʻminga muhofiz” – himoyachi, desak xato boʻlmasa kerak.

Muborak Iydul fitr arafasida duo qilaylik:

Yo, Parvardigori olam, bandalaringni bilib-bilmay yoʻl qoʻygan gunohlaridan Oʻzing afu etgaysan, rahm-shafqatingni darigʻ tutmagaysan, bandalaring boshiga yogʻilib turgan baloi ofatlarning yuzini teskari qilgaysan, Oʻzing nozil etgan barcha-barcha ibodatlarni bekamu koʻst ado etadigan kunlarimizni yaqinlashtirgaysan, omin!..

Xurshid Doʻstmuhammad,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

3 324
O'zA