O‘zA O`zbek

20.06.2018 15:50 Chop etish versiyasi

Mirzo Ulug‘bek izdoshlari Samarqandda jam bo‘ldi

Mirzo Ulug‘bek izdoshlari Samarqandda jam bo‘ldi
Samarqand shahrida joriy yilning 19-23 iyun kunlari umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-11 sinf o‘quvchilari o‘rtasida fizika va astronomiya fanlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek nomidagi xalqaro olimpiada o‘tkaziladi.

Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur nufuzli xalqaro tanlovda qatnashish uchun bugun Samarqandga Rossiya, Belarus, Yaponiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston davlatlaridan vakillar tashrif buyurdi. Ilk bor o‘tkazilayotgan xalqaro olimpiadada ushbu mamlakatlar hamda yurtimizning 45 nafar iqtidorli o‘quvchilari fizika va astronomiya fanlari bo‘yicha bellashadi.

Olimpiada nazariy hamda eksperimental bosqichda o‘tkazilib, materiallar o‘zbek, rus va ingliz tillarida tayyorlangan. Qatnashchilar o‘zlari xohlagan tillarda sinovdan o‘tadilar.

O‘quvchilar bilimi dunyoning taniqli xalqaro darajadagi ekspertlari, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi mamlakatlarining professor-o‘qituvchilari, yurtimizning tajribali olimlari, amaliyotchi o‘qituvchilardan iborat hakamlar tomonidan baholanadi.

G‘oliblar va sovrindorlar tashkiliy qo‘mita tomonidan oltin, kumush, bronza medallari, diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlanadi. O‘zbekistondan qatnashgan xalqaro olimpiada g‘oliblari yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli o‘qishga kirish huquqini qo‘lga kiritadi.

Tanlov davomida ishtirokchilarga yurtimizning turizm salohiyati namoyish etilib, Samarqand shahrining diqqatga sazovor maskanlariga sayohatlar uyushtiriladi. Shuningdek, turli ma’anaviy-ma’rifiy tadbirlar rejalashtirilgan.

Bugun kechqurun Samarqand shahridagi “Mo‘jiza” amfiteatrida xalqaro olimpiadaning tantanali ochilish marosimi o‘tkaziladi.

G‘olib Hasanov, O‘zA
2 165