O‘zA O`zbek

22.03.2020 Chop etish versiyasi

Mirzo Ulugʻbek haqida Siz bilmagan 12 muhim maʼlumot

Mirzo Ulugʻbek haqida Siz bilmagan 12 muhim maʼlumot
22-mart – Mirzo Ulugʻbek tavallud topgan kun

Bobosi Sohibqiron Amir Temur singari Koʻragon – “xonning kuyovi” unvoniga ega boʻlgan Mirzo Ulugʻbek tarixda buyuk oʻzbek astronomi va matematigi, davlat arbobi sifatida nom qoldirdi. Uning eng buyuk ishi – Samarqand ilmiy maktabini, oʻsha davr akademiyasini barpo etgani boʻldi. Quyida Mirzo Ulugʻbek hayoti va faoliyatiga oid ayrim qiziqarli faktlar keltirildi.

ULUGʻBEKNING TUGʻILISHI KOʻPLAB INSONLAR

HAYOTINI SAQLAB QOLGAN

Amir Temur 1394-yilda Iroqdagi Mordin qalʼasini qamal qiladi. Shu vaqtda Sohibqironning Sultoniyadagi qarorgohida Ulugʻbek tugʻiladi. Tarixchi Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida yozilishicha, Amir Temur huzuriga chopar kelib Ulugʻbekning tugʻilgani va munajjimlar bu nevara kelajakda ham olim, ham hukmdor boʻlishini bashorat qilganlari xushxabarini yetkazadi. Sohibqiron xursandligidan Mordin qalʼasi qamalini toʻxtatib, uning xalqiga yuklangan toʻlovni bekor qiladi.

OʻN BESh YoSHLI ULUGʻBEK BOBOSI TEMURNING SAMARQANDDAGI TAXTIGA OʻTIRGAN

Huroson hokimi, Amir Temurning toʻrtinchi oʻgʻli Shohrux 1409-yilda Temuriylar davlatining oliy hukmdori sifatida eʼtirof etilgach, koʻlga kiritilgan Movarounnahrni idora etishni Turkiston viloyati bilan birga Ulugʻbekka topshirib, Sohibqiron vasiyatini qayta tikladi. Oʻsmir yoshdagi Ulugʻbek bu hududlarni dastlab Shohmalik yordamida boshqargan boʻlsa, 19 yoshidan Movarounnahrni mustaqil idora etishga kirishdi. Ulugʻbek oʻz hukmronligi davomida 2-marta yirik harbiy yurish qildi.

HARBIY STRATEGIYALARDAN MOHIRONA FOYDALANGAN

Mirzo Ulugʻbek 1425-yili oʻzining Moʻgʻulistonga qilgan birinchi yirik harbiy yurishi chogʻida qoʻshin miqdori haqida dushman notoʻgʻri tasavvurga ega boʻlishi uchun har bir jangchisiga tunda besh yerda gulxan yoqishni amir qilgan. Ulugʻbek qoʻllagan bu usul harbiy sanʼatda argʻay oʻt (moʻgʻulcha argʻa – aldash, turkcha – oʻt, olov) deb nomlanadi. U dushmanni chalgʻitish maqsadida qoʻshin miqdorini boʻrttirib, koʻpaytirib koʻrsatish uchun ishlatiladi. Yurish Ulugʻbek gʻalabasi bilan tugagan.

BOBOSI SOHIBQIRON SAGʻANASIGA

NEFRIT QABRTOSH QOʻYDIRGAN

Samarqanddagi Goʻri Amir maqbarasiga temuriylar sulolasiga mansub kishilar dafn etilgan. Ziyoratxona yuqorisi (toʻri)da Temurning piri Mir Sayyid Baraka, uning qabri oyoq tomoniga Amir Temur dafn qilingan. Temur sagʻanasiga qoʻyilgan koʻk nefrit qabrtoshini Ulugʻbek Moʻgʻulistonga qilgan yurishi vaqtida olib kelgan. Toshdagi lavhada Temurni ulugʻlaydigan soʻzlar, uning shajarasi hamda marsiyalar oʻymakori yozuvlarda bitilgan. Keyinchalik Ulugʻbekning oʻzi ham shu yerga dafn etilgan.

BIBIXONIM JOMEʼ MASJIDIGA

ULKAN LAVH OʻRNATTIRGAN

Amir Temurning katta xotini Bibixonim oʻzi farzand koʻrmagan boʻlsa-da, Sohibqiron oʻz nabiralari qatori Ulugʻbekni ham bevosita zukko Bibixonim tarbiyasiga topshirgan edi. Samarqandda Amir Temur Bibixonimga atab qurdirgan Bibixonim jomeʼ masjidi mavjud.

Masjid hovlisi oʻrtasida marmartoshdan yasalgan ulkan lavh – Qurʼon oʻqiladigan maxsus kursi boʻlib, u dastlab asosiy bino ichida turgan (1875-yilda katta gumbazning qulashidan xavflanib, hovli oʻrtasiga chiqarib qoʻyilgan).

Lavh Ulugʻbek farmoniga binoan XV asr oʻrtalarida yasalgan. Unga “Sultoni azim, oliy himmatli xoqon, din-diyonat homiysi, Xanafiya mazhabining posboni, aslzoda sulton, ibni sulton, amiri moʻminin Ulugʻbek Koʻragon”, deb bitilgan.

SULTON BOʻLSA-DA, TALABALARGA DARS BERGAN

Ulugʻbek Samarqandda ikkita madrasa: biri Registon ansambli tarkibida va ikkinchisi Goʻri Amir ansambli tarkibida barpo etgan. Boshqa yirik olimlar qatorida Ulugʻbekning oʻzi ham bu madrasalarning har birida haftada bir marotaba maʼruza oʻqigan.

Boshqa vaqtini koʻproq astronomik kuzatishlarga, “Zij” ustida ishlashga va davlat ishlariga bagʻishlagan. Yaqin yillargacha u faqat astronom va matematik deb hisoblanardi. Lekin XX asr oxirida uning ijodi serqirra oʻlib, u tarix, sheʼriyat va musiqa bobida ham qalam tebratgani aniqlandi. Ulugʻbek sheʼrlar ham yozgan.

ULUGʻBEKNING ULKAN GLOBUSI VA 50 METRLI

QUYOSH SOATI BOʻLGAN

XV asrda Samarqanddagi Mirzo Ulugʻbek qurdirgan rasadxonada kattagina globus boʻlgan. Unda iqlimlarning chegaralari, togʻlar, choʻllar, dengizlar va daryolar koʻrsatilgan. Binobarin, dunyodagi ikkinchi globusni Samarqand astronomlari yasashgan. Ulugʻbekning oʻlimidan keyin u mutaassiblar tomonidan yoʻqotilgan. Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Ulugʻbek Samarqandda balandligi 50 metrli quyosh soati yasagan. Ushbu noyob soat ham saqlanib qolmagan.

ULUGʻBEKNING DASTXATI BIZGACHA YETIB KELGAN

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondida Mirzo Ulugʻbekning samarqandlik xattot Azizullo tomonidan nasx xatida taxminan 1439-yilda, Ulugʻbek 45 yoshda boʻlganida koʻchirilgan “Ziji Koʻragoniy”si saqlanmoqda. Qoʻlyozma sahifalarida Ulugʻbekning tuzatishlari ham bor. Ushbu tuzatishlar uning dastxati, yozuvi haqida maʼlumot beradi.

SAMARQANDDA CHINNIDAN SAROY QURDIRGAN

XV asrning 40 yillarida Ulugʻbek Samarqandning Choʻponota tepaligida, Ulugʻbek rasadxonasiga yaqin joyda saroy bunyod ettirgan. Uning devorlari chinni bilan qoplangani uchun ham Chinnixona deb atalgan.

Ulugʻbek va boshqa olimlar shu yerda samoviy kuzatuv, ilmiy tadqiqotlardan soʻng hordiq chiqarishgan. Chinnixonaning koʻshkida rangli shishalar ishlatilgan. Arxeologik qazishmalar jarayonida Chinnixonadan topilgan tosh taxtachalardan biriga “baxtli boʻl” yozuvi borligi aniqlangan.

PADARKUSH OʻGʻIL OTASI UMRINING

YARMINI HAM YASHAY OLMAGAN

Ulugʻbek oʻzining oʻjar, xudbin va shuhratparast oʻgʻli Abdullatifning roziligi bilan 1449-yil 27-oktyabrda 55 yoshida Samarqand yaqinida qatl etilgan. Otasi taxtini egallagan Abdullatif ham olti oylik hukmronligidan soʻng, Ulugʻbekning xos navkarlaridan Bobo Husayn Bahodir tomonidan 1450-yil 8-mayda, 27 yoshida oʻldirilgan.

MOVAROUNNAHR TAXTI UNING KUYOVIGA HAM NASIB ETGAN

Ulugʻbek oʻz ukasi Ibrohim Mirzoning kenja oʻgʻli Abdullo Mirzoni 1448-yilda oʻz xizmatiga olib, 15 yoshli jiyaniga oʻz qizini bergan. Ulugʻbekning bu kuyovi oʻgʻli Abdullatif vafotidan soʻng Ulugʻbek taxtini 1450–1451-yillarda boshqarib, Movarounnahr hukmdori ham boʻlgan. U 18 yoshida toj-u taxt daʼvogari, 27 yoshli temuriyzoda Abu Saidga qarshi jangda halok boʻlgan.

ULUGʻBEKNING XAZINASINI UNING

SHOGIRDI SAQLAB QOLGAN

Samarqandlik olim, Mirzo Ulugʻbekning yaqin shogirdi Ali Qushchining otasi Amir Temur qarorgohining boshligʻi boʻlgan. Ulugʻbek saroyida qarchigʻaylar boqqani uchun Alini “Qushchi” deyishgan. Ali Qushchini Mirzo Ulugʻbek “Ziji Koʻragoniy”ning soʻzboshisida “farzandi arjumand”, yaʼni “aziz farzandim” deb atagan.

Ulugʻbek vafotidan soʻng uning Samarqanddagi 15 ming kitobdan iborat mashhur kutubxonasi xavf ostida qoladi. Kutubxonani “oʻz davrining Ptolomeyi” nomini olgan Ali Qushchi saqlab qolgan, degan taxminlar bor. Rivoyatlarga qaraganda kutubxonadagi kitoblarning koʻp qismini Ali Qushchi Samarqand yaqinidagi Hazrat Bashir qishlogʻiga koʻchirgan. Koʻp oʻtmay, taʼqiblardan qochib Samarqanddan chiqib ketishga majbur boʻlgan.

Alisher EGAMBERDIYEV

6 290
O'zA