O‘zA O`zbek

22.05.2020 Chop etish versiyasi

Mirzaobod tez orada Fargʻonacha husnga ega boʻladi

Mirzaobod tez orada Fargʻonacha husnga ega boʻladi

Sardoba suv omborining oʻpirilib ketishi natijasida Sirdaryo viloyatining ayrim aholi punktlariga zarar yetgandi, ayni vaqtda talafot oqibatlari jadallik bilan bartaraf etilmoqda.

Mamlakatimizning barcha viloyat, shaharlaridan kelgan minglab koʻngillilarning bir yoqadan bosh chiqarib amalga oshirayotgan saʼy-harakatlari tufayli Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlari yangi qiyofaga kiryapti. Xususan, Fargʻona viloyati quruvchilari ham bu ishlarga oʻzining hissasini qoʻshishmoqda.

Mirzaobod tumani “Navbahor” mahalla fuqarolar yigʻinidagi toshqindan jiddiy zararlangan 131 ta uylarni qurish, taʼmirlash ishlarini mingga yaqin fargʻonalik quruvchilar bajarishyapti. Bu uylar mukammal taʼmirlanib, yashash uchun toʻliq tayyor holga keltirilib, oʻz egalariga topshiriladi.

Mazkur mahalla fuqarolar yigʻinida 3 ming 500dan ortiq aholi istiqomat qiladi.Bu joylar hali fargʻonacha qiyofa kasb etadi. Oltiariqdan uzumning turfa navlari keltirib ekiladi, soʻritoklar koʻtariladi. Kuva anorlari, bodring, koʻkat yetishtiriladi. Fargʻonadan mirishkorlar kelib tajriba oʻrgatishadi, oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazishadi. Yuzga yaqin aholini esa Fargʻona tumanidagi “Chimyon” sihatgohida dam olishi rejalashtirilgan.

Mahalla hududida boʻsh turgan ikki qavatli bino ham taʼmirdan chiqarilyapti. Bu yerda fargʻonalik hunarmandlar mahalliy aholiga adras va ipak matolarini toʻqishni oʻrgatishadi.

Sirdaryoda bugun respublikamizning barcha viloyatlaridan quruvchilar mehnat qilayotir. Zarur qurilish materiallari yetkazib berilmoqda. Fargʻonalik quruvchilarning gʻayrati, ish surʼatining yuqoriligi bu yerda uylarni qayta qurish, tiklash va taʼmirlash, yangi turar joylarni barpo etish ishlari uzoqqa choʻzilmasligini koʻrsatmoqda.

1 543
M.Sulaymonov, OʻzA