O‘zA O`zbek

08.11.2019 Chop etish versiyasi

Mirobodlik shifokorlarga hurmat-ehtirom ko‘rsatildi

Mirobodlik shifokorlarga hurmat-ehtirom ko‘rsatildi

Mamlakatimizda aholi salomatligi va tibbiy xizmat sohasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar millat kelajagiga qilinayotgan g‘amxo‘rlik namunasidir. Soha xodimlarini rag‘batlantirish maqsadidagi chora-tadbirlar, jumladan, har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi "Shifokorlar kuni" deb belgilangani bu kasb egalarining mavqeini ulug‘lash hamda milliy tibbiyotimizning yanada taraqqiy etishiga xizmat qilmoqda. Shu munosabat bilan yurtimizning barcha hududlarida bayram tadbirlari, uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. 

Poytaxtimizning Mirobod tuman hokimligi tomonidan ham tumanda faoliyat yuritayotgan tibbiyot sohasi vakillari ishtirokida bayram kechasi tashkil etildi. Tadbirda tuman hokimi Sh.Po‘latov qatnashib, soha xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi, ularga sovg‘alar ulashdi.

Tumanda 1 tibbiyot birlashmasi, 3 oilaviy poliklinika va 1 bolalar stomatologiya poliklinikasi, 5-son sil kasalliklari dispanseri, 2 tug‘ruq kompleksi, shahar 3-son klinik shifoxonasi, shahar ruhiy kasalliklar shifoxonasi va Bolalar ruhiy asab kasalliklari markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda. 

– Mazkur muassasalarda fertil yoshidagi va homilador ayollarga, bolalar, shuningdek, o‘zgalar yordami va ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz keksalar, nogironlar, surunkali kasallikka chalingan va boshqa shaxslar o‘rtasida patronaj ishlari olib borilishi samarali yo‘lga qo‘yilgan, – dedi tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Nigora Razzoqova. – Respublika tasarrufidagi klinik shifoxonalar hamda markazlarga imtiyozli orderlar bevosita tuman tibbiyot birlashmalari tomonidan ajratilishi ta’minlanmoqda. 2019 yil 9 oy davomida imtiyozga ega aholi guruhiga respublika tasarrufidagi markazlar va klinik shifoxonalarga statsionar shaklda davolanish uchun 433, ambulator sharoitda tekshiruvdan o‘tish uchun 304, Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi tasarrufidagi klinik shifoxonalarga statsionar shaklda davolanish uchun 601 order berildi. 

340
Mohigul QOSIMOVA, Muhammad AMIN (surat), O‘zA