O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

12.09.2018 18:33 Chop etish versiyasi

Mirobodda joriy yilda jinoyat va huquqbuzarliklar ancha kamaygan

Poytaxtimizning Mirobod tumanida ham huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka sabab boʻlayotgan holatlarga oʻz vaqtida barham berish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Tuman FHDYO boʻlimida ayni shu kabi masalalarga bagʻishlangan sayyor uchrashuv oʻtkazildi. Jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudi masʼullari, ichki ishlari organlari xodimlari va “Furqat” mahalla fuqarolar yigʻini faollari ishtirok etgan tadbirda muqaddam sudlangan, turli darajadagi huquqbuzarliklar sodir etib, profilaktik hisobda turgan, oilasida muntazam muammolari boʻlgan va spirtli ichimlikka ruju qoʻygan, biror-bir ijtimoiy mehnat bilan shugʻullanmasdan yurgan va xorijda ishlab qaytgan fuqarolar bilan olib borilayotgan ishlar samarasi muhokama etildi.

Hududda joriy yilda sodir boʻlgan jinoyat va huquqbuzarliklar 2017 yilga nisbatan ancha kamaygan. Biroq “Furqat” mahalla fuqarolar yigʻinida 1 oʻgʻirlik, 2 firibgarlik, 1 fohishaxona saqlash va 2 giyohvandlikka oid jinoyat sodir boʻlgan.

Jumladan, (Ism-shariflar oʻzgartirilgan) fuqaro B.Sergeyev tanishi S.Antonov bilan birga Talimarjon koʻchasida qarovsiz qoldirilgan Z.Kamolovga tegishli avtomashinaning gʻildiraklarini oʻgʻirlab, voqea joyidan yashirinadi. Ushbu holat yuzasidan qoidabuzarlarga nisbatan tegishli jazo tayinlandi.

Giyohvandlik yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish borasida olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida muqaddam sudlangan A.Bahromov 2018 yilda oʻzi yashaydigan Yangi zamon koʻchasidagi koʻp qavatli uyning orqasida nasha oʻsimligini ekib, parvarishlagani aniqlandi. Bundan tashqari, u uyida 1,3 gramm marixuana giyohvandlik moddasini qonunga xilof ravishda saqlagan. Ushbu holat yuzasidan aybdorga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qonunda belgilangan tartibda jazo tayinlandi.

Tadbirda bu kabi salbiy holatlarga oʻz vaqtida chora koʻrish zarurligi xususida fikr-mulohazalar bildirildi.

Abdulaziz Musayev, OʻzA