O‘zA O`zbek

06.09.2018 12:08 Chop etish versiyasi

Mirobod tumanida qanday masalalar eʼtibordan chetda qolyapti?

Mirobod tumanida qanday masalalar eʼtibordan chetda qolyapti?

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi va xalq deputatlari Mirobod tuman Kengashining qoʻshma majlisi boʻlib oʻtdi.

Unda Oliy Majlis Senati Raisi N.Yoʻldoshev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari H.Ketmonov, Mirobod tumani hokimi Sh.Poʻlatov, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari, jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla raislari va faollari ishtirok etdi.

Qoʻshma majlisda Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalarning Mirobod tumanidagi ijrosi yuzasidan axborotlar eshitildi. Tumanda sogʻlom ovqatlanishni tashkil qilish va aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarning ahvoli toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi.

Tumandagi 4 sektor kesimida Respublika ishchi guruhi tomonidan 39 mahallada uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa soha obyektlarini oʻrganish natijalari asosida aniqlangan muammolarni bartaraf etish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ular yangi ish oʻrinlari yaratish, bandlikni taʼminlash, boʻsh turgan bino va obyektlardan samarali foydalanish, sogʻliqni saqlash, taʼlim, uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish, obodonlashtirish va yoʻllarni taʼmirlash, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish kabi sohalarda koʻzga tashlanadi.

Yigʻilishda hududdagi koʻp qavatli uy-joylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash boʻyicha olib borilayotgan ishlarga alohida eʼtibor qaratildi. Tumanda shu kungacha kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarining 63 foizi bajarilgan. Bugungi kunda tumanning 34 mahallasidagi 748 koʻp qavatli uylarga 319 shirkat, 22 boshqaruv servis kompaniyasi xizmat koʻrsatmoqda. Soha xodimlarining oʻrganishlari davomida bir qator mahallalarda avariya holatidagi koʻp qavatli uylar haligacha eʼtibordan chetda qolayotgani aniqlandi. Ushbu muammoga tezda chora koʻrish lozimligi yuzasidan zarur topshiriqlar berildi.

Joriy yilda Mirobod tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturini amalga oshirish, xususan, xorijiy investitsiyalar jalb qilish doirasida 17 million dollar oʻzlashtirilgan. Natijada 1 ming 496 yangi ish oʻrni yaratilgan.

2018-yilda 35,6 milliard soʻmlik 59 loyiha ishga tushirilishi bilan 287 yangi ish oʻrni yaratildi. Bu loyihalarning 15 tasi sanoat sohasiga, 44 tasi xizmat koʻrsatish sohasiga tegishlidir.

Majlisda mahallalar rolini yanada oshirish, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Obod mahalla”, “Yoshlar kelajagimiz”, “Har bir oila – tadbirkor”, “Aholi bandligiga koʻmaklashish” kabi davlat dasturlarini tatbiq etishga alohida eʼtibor qaratildi. Toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarning tartibli oʻtkazilishini deputatlar va keng jamoatchilik tomonidan nazorat qilish masalasi muhokama etildi.

Soʻzga chiqqanlar Oliy Majlis Senati Kengashi tomonidan xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlarida bunday tadbirlar oʻtkazilishini tartibga solish masalalari boʻyicha komissiyalar tuzish, namunali tadbirlar oʻtkazilishini tashkil etish, ortiqcha sarf-xarajatlarga, milliy qadriyatlarga zid marosimlarga, nomaqbul odatlarga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr yuritdi. Mahallalarda namunali toʻylarni oʻtkazish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Majlisda koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan Oliy Majlis Senati Kengashi va xalq deputatlari Mirobod tuman Kengashining qoʻshma qarori qabul qilinib, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ijrosini parlament, deputatlar va jamoatchilik tomonidan nazorat qilish belgilandi.

Nurillo Nasriyev, OʻzA
1 816