Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.01.2018 14:28 Chop etish versiyasi

Mirobod tumanida kam ta’minlangan oilalarga maishiy texnika jihozlari berildi

Mirobod tumanida kam ta’minlangan oilalarga maishiy texnika jihozlari berildi Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, kam ta’minlangan oilalarga amaliy yordam ko‘rsatish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar xalqimiz turmush darajasidagi ijobiy o‘zgarishlarda aks etmoqda.

Ijtimoiy himoyatalab oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi xayrli ishlarda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi ham faol ishtirok etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 12-sentabrdagi “Aholining kam ta’minlangan qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida federatsiya tomonidan mamlakatimizning barcha hududlarida kam ta’minlangan oilalarning ijtimoiy-maishiy ahvoli o‘rganildi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, uy-joyga, maishiy texnika jihozlariga ehtiyoji bor, yashash joylarini ta’mirlash, tibbiy xizmat borasida amaliy yordamga muhtoj oilalar aniqlanib, aholining kam ta’minlangan toifalariga beg‘araz yordam ko‘rsatish bo‘yicha hududiy manzilli dasturlar ishlab chiqildi. Ushbu manzilli dasturlarga muvofiq kasaba uyushmalari tomonidan oilalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli hamda maishiy sharoitlarini yaxshilashga ko‘maklashish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, bugungacha mamlakatimiz bo‘yicha 22 ming 200 xonadonga kundalik turmushda zarur bo‘lgan maishiy texnika jihozlari, kam ta’minlangan oilalarda istiqomat qiluvchi 1 ming 200 nafar bemorga sog‘lig‘ini tiklashi uchun 4 million so‘mdan, 2 ming 200 oilaga uy-joylarini ta’mirlash uchun 10 million so‘mdan moddiy yordam ko‘rsatildi. Yana 400 oilaning uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Ushbu tadbirlar doirasida kasaba uyushmalari vakillari ehtiyojmand oilalar xonadonlariga borib, zarur amaliy yordamlarni ko‘rsatmoqda.

Ana shunday xayrli tadbirlardan biri poytaxtimizning Mirobod tumanida tashkil etildi.

Tadbirda tumanda istiqomat qilayotgan 111 nafar ehtiyojmand, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oila vakillari Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan kundalik turmushda zarur bo‘lgan maishiy texnika jihozlari, xususan, kir yuvish mashinalari, gaz plitalari, changyutgich va kichik pechlar bilan ta’minlandi.

– Menga zamonaviy gaz plita sovg‘a qilishdi, to‘g‘risi, bundan boshim osmonga yetdi, – deydi Zaminobod mahallasida istiqomat qiluvchi Shohiniso Boboyeva. – Uydagi eski gaz plita yaroqsiz holga kelgan edi. Voyaga yetmagan o‘g‘il-qizim bor. Kasaba uyushma vakillari, mahallamiz faollari xonadonimizga kelib, ijtimoiy-iqtisodiy ahvolimizni o‘rgandi. Prezidentimizdan mingdan-ming rozimiz. Bizga ko‘rsatilayotgan juda katta e’tibor va g‘amxo‘rlikdan xursandmiz.

9.jpg

Ta’kidlash lozimki, Toshkent shahrida istiqomat qilayotgan kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bugungi kunda federatsiya tomonidan 110 nafar ehtiyojmand fuqaroning uy-joylari ta’mirlab berilmoqda. 1 ming 221 nafar kam ta’minlangan oila esa maishiy texnika jihozlari bilan ta’minlandi. Bundan tashqari, 70 nafarga yaqin bemorga sog‘lig‘ini tiklashi uchun amaliy yordam ko‘rsatish bilan birga, jarrohlik operatsiyalari uchun zarur mablag‘lar tegishli muassasalarga o‘tkazib berilmoqda. Shuningdek, 22 nafar uy-joyga muhtoj fuqaroni turar joy bilan ta’minlash ishlari olib borilmoqda.

Tadbir doirasida kasaba uyushma faollari tumandagi Sariko‘l mahallasida istiqomat qiluvchi ehtiyojmand oilalardan biri – Yusuf Obidov xonadonida bo‘lib, ushbu oilaga ham zamonaviy gaz plitasi topshirildi.

Nurillo Nasriyev, Muhammad Amin (surat), O‘zA
9 833