O‘zA O`zbek

04.09.2018 13:15 Chop etish versiyasi

Mirazizbek – Osiyo oʻyinlari gʻolibi

Mirazizbek – Osiyo oʻyinlari gʻolibi

Fargʻonalik Mirazizbek Mirzaxalilov Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida oʻtkazilgan XVIII Osiyo oʻyinlarida boks boʻyicha 56 kilogramm vazn toifasida barcha raqiblarni yengib, oltin medalni qoʻlga kiritdi.

photo5219953456440256800.jpg

Quva tumani Qayragʻoch qishlogʻida tugʻilib oʻsgan Mirazizbek bolaligidan sportga mehr qoʻydi. Buning boisi, oilaviy muhit, yaʼni Mirazizbek sportchilar oilasida ulgʻaydi. Oiladagi besh oʻgʻlonning barchasi bolaligidan boks bilan shugʻullanadi.

Mirazizbek murabbiylarning ishonchini oqladi. U dastlabki turnirlardayoq muvaffaqiyat qozonib, viloyat va mamlakat birinchiliklari gʻolibi boʻldi. Bir necha bor mamlakat chempionligiga erishdi. Oilaning toʻrtinchi oʻgʻli Mirazizbek 6 yildan buyon boks boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi sifatida xalqaro musobaqalarda qatnashib kelmoqda. Bugun oʻgʻillari qitʼa miqyosidagi nufuzli musobaqada oltin medalga sazovor boʻlgani otasi Mirzakarim aka va onasi Sharofat opani behad quvontirdi.

– Farzandi yutugʻini koʻrish, undan faxrlanish barcha ota-onalarga nasib etishini tilayman, – deydi Sharofat Yunusova. – Bugun juda ham hayajondaman. Tanish-bilish, mahalla-koʻy, qoʻni-qoʻshni hamma shu yerda, bizni qutlashmoqda. Aslida, bu butun mamlakatimizning yutugʻidir. Agar bugungidek sharoitu imkoniyatlar boʻlmasa, yoshlarimiz shunday natijalarga erisharmidi? Oʻgʻlimning Osiyo oʻyinlari gʻolibi boʻlganini Prezidentimiz rahbarligida sportga boʻlgan eʼtibor samarasi, deb bilaman.

Osiyo oʻyinlarida oʻzbek yoshlarining nimalarga qodirligini namoyon etib, yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan chempion yigit xonadoni bugun yanada gavjum. Mahalla ahli, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar oʻzlarining koʻz oʻngida ulgʻaygan yigit shunday yirik musobaqada chempion boʻlgani bilan uni qutlamoqda.

– Bolaligimdan Osiyo va jahon chempionatlari, Olimpiya oʻyinlarida gʻolib boʻlishni orzu qilardim, – deydi Mirazizbek Mirzaxalilov. – Birinchi orzuim roʻyobga chiqdi. Endi jahon arenalari, Olimpiada musobaqalarida yurtimiz bayrogʻini baland koʻtarib, shohsupaning eng baland choʻqqisidan joy egallash orzusidaman. Bu orzuimga ham yetishimga ishonaman. Chunki, mamlakatimizda buning uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilgan.

Maʼsudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), OʻzA
1 999