O‘zA O`zbek

05.06.2018 21:55 Chop etish versiyasi

Mintaqa xalqlari farovonligini oshirish yo‘lida muhim tashabbus

O‘zA muxbiri Toshkentda boshlangan “Atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish borasida hamkorlikni mustahkamlash” mavzusidagi Markaziy Osiyo xalqaro ekologiya forumi ishtirokchilari va mehmonlarining ayrimlari bilan suhbatda bo‘ldi.

Yukio TAKASU, BMT Bosh kotibining Inson xavfsizligi masalalari bo‘yicha maxsus maslahatchisi:

– Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish va uning havzasida yashovchi xalqlar turmush darajasini yuksaltirish borasida keng miqyosda chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu borada BMTning maxsus dasturlari qabul qilingan. Shunga qaramay, Orol bilan bog‘liq ekologik muammolarni bartaraf etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yetarli emas. Mazkur forumda Orolni qutqarish borasida yanada samarali choralarni ishlab chiqish masalalarini muhokama qilishga bel bog‘laganmiz.

Fursatdan foydalanib, BMT tomonidan Orol dengizini qutqarishga qaratilgan transjamg‘arma tuzish bo‘yicha ishlar boshlanganini ta’kidlamoqchiman. Ushbu jamg‘arma faoliyati kelgusida mintaqa xalqlari farovonligini oshirish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.

Torsten BRЕTSINA, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari:

– Orol fojiasi nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun insoniyatning global muammosidir. Uni bartaraf etishning kompleks choralarini ishlab chiqishda Toshkentda o‘tayotgan forum katta imkoniyatlar berishi kutilmoqda.

Markaziy Osiyo bo‘yicha loyihamizning muhim yo‘nalishlaridan biri atrof-muhit muhofazasi hisoblanadi. Hozirgi kunda ushbu yo‘nalish va hukumatlararo kelishuv asosida Markaziy Osiyo mamlakatlarini global iqlim o‘zgarishlariga moslashtirish ustida ish olib bormoqdamiz. Ayni jarayonda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi biz bilan hamkorlik qilayotir.

Milvakanam IYNGARARASAN, BMTning atrof-muhit dasturi vakili:


– Bugungi kunda plastik chiqindilar sayyoramizning haqiqiy "bosh og‘rig‘i»ga aylangan. Mazkur muammoni bartaraf etish dunyo davlatlaridan hamjihat bo‘lishni talab etadi. Biz Qirg‘iziston va Tojikiston bilan BMT atrof-muhit dasturi doirasida ayni yo‘nalishda ish olib bormoqdamiz.

Mazkur yirik xalqaro tadbir bu borada jahon hamjamiyati oldida turgan masalalarni muhokama etish imkonini berayotgani bilan ahamiyatlidir.

Shoh Zamon MAYVANDI, Afg‘oniston Islom Respublikasi Atrof-muhitni muhofaza qilish milliy agentligi bosh direktori:


– Afg‘oniston bu yil kuchli qurg‘oqchilikni boshdan kechirmoqda. Yog‘ingarchilik kam bo‘lgani bois suv zaxiralari kamayib ketgan.

Toshkentda o‘tayotgan Markaziy Osiyo xalqaro ekologiya forumida mazkur muammo va uning oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida fikrlarni bayon qildik. Forum ishtirokchilari ekologiya va atrof-muhit muhofazasi borasida o‘z mamlakatlari tajribalari bilan o‘rtoqlashmoqda. Shu bilan birga, kun tartibidan mintaqa va jahon miqyosidagi dolzarb ekologik masalalar ham o‘rin olgan. Xususan, forumda suvdan oqilona foydalanish va qurg‘oqchilik muammolariga e’tibor qaratilmoqda.

Muhammad Nasim NASIMIY, Kobul politexnika universiteti professori:

– Markaziy Osiyo xalqaro ekologiya forumida ishtirok etayotganimizdan juda mamnunman. Mazkur tadbir mintaqadagi yirik ekologik muammolarni yechish bo‘yicha aniq choralarni belgilash, soha mutaxassislari uchun tajriba almashish imkonini bermoqda. Men forum doirasida O‘zbekistonda muqobil energiya manbalari va muqobil energiya olish texnologiyalariga oid yangiliklar bilan tanishish ishtiyoqidaman.

Universitetimizda muqobil energiya manbalaridan foydalanish texnologiyalarini yaratish ustida boshlangan izlanishlar ham shu maqsadni ko‘zlagan. Umid qilamanki, bu yo‘lda o‘zbekistonlik olimlar va soha mutaxassislari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yamiz.

Malohat Husanova, O‘zA
2 903