O‘zA O`zbek

22.05.2020 Chop etish versiyasi

Mingbuloqda yangi yerlar oʻzlashtiriladi

Mingbuloqda yangi yerlar oʻzlashtiriladi

Namangan viloyati hokimi X.Bozorov Mingbuloq tumanidagi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar bilan tanishdi.

Hokim tumanda koronavirus pandemiyasi tufayli joriy etilgan karantin sharoitida aholining kundalik turmush tarzi, ishlab chiqarish korxonalari, qishloq xoʻjaligi subyektlarida kechiktirib boʻlmas vazifalarning ijrosini oʻrganish, joriy muammolarni tezkor bartaraf etish masalalariga eʼtibor qaratdi.

Viloyat hududining salmoqli qismini tashkil etadigan Mingbuloq tumanida qishloq xoʻjaligining turli yoʻnalishlarida koʻplab loyihalarni amalga oshirish mumkin. Jumladan, qishloq xoʻjaligida foydalanishdan chiqib ketgan va yer osti zaxira suvlari mavjud yerlarni oʻzlashtirish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanishga innovatsion loyiha va investitsiyalarni jalb etish istiqbolli hamda bugunning eng muhim vazifalardan biridir. Hokim tuman mutasaddi va mutaxassislari bilan shu masala boʻyicha maslahatlashdi.

Hozirda tumanning Guliston va Gigant muqobil mashina-traktor parklari hududlarida 1000 gektardan koʻproq oʻzlashtirilmagan yerlar mavjud. Bu yerlarda irrigatsiya tarmoqlari, nasos agregatlari va tik sugʻorish quduqlari qurish hamda rekonstruksiya ishlari amalga oshiriladi va natijada muomalaga kiritiladigan maydonlar aholi va tadbirkorlik subyektlariga intensiv baliqchilik va bogʻdorchilik, zamonaviy issiqxonalar tashkil etish uchun beriladi. Sholi, moyli va ozuqa ekinlari, tut koʻchatlari plantatsiyalari yaratiladi.

– Oʻzlashtiriladigan yerlar birinchi navbatda kam taʼminlangan, muqim daromadga ega boʻlmagan oilalar, pandemiya sharoitida ishsiz qolgan hamyurtlarimizga beriladi, – deydi X.Bozorov. – Ular shuning orqasidan ozmi-koʻpmi daromadga ega boʻladi, roʻzgʻorini tebratadi. Qolaversa, bozorlarimizda bu yerda yetishtirilgan mahsulotlar hisobiga moʻl-koʻlchilik, arzonchilik boʻladi, oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanadi.

Tuman hokimi va sektor rahbarlariga bu borada zudlik bilan ishga kirishish, amaliy ishlar uchun zarur texnika va ishchi kuchlarini jalb etish, shuningdek unumdorligi past yerlarni tadbirkorlarga berish, har bir qarich maydondan samarali foydalanish boʻyicha bir qator topshiriqlar berildi.

1 051
Akromjon SATTOROV, OʻzA