O‘zA O`zbek

07.02.2018 16:01 Chop etish versiyasi

Milliy xavfsizligimiz kafolati

Parlament quyi palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa doktrinasi – mamlakatning harbiy sohada milliy xavfsizligini ta’minlashga oid huquqiy asoslarini takomillashtirish poydevori» mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.

2018-yil yanvar oyida tashqi siyosatimizning moslashuvchanlik va ochiqlik prinsiplari, eng asosiysi, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona va amaliy munosabatlarni rivojlantirish, mamlakatimiz suvereniteti va mustaqilligini mustahkamlashning ustuvor bo‘lgan tamoyillariga tayangan holda Mudofaa doktrinasi sifat jihatidan yangilandi.

Ushbu doktrinaning ma’no-mazmuni birinchi marotaba ochiqlik xususiyatiga ega bo‘ldi. Bu esa O‘zbekistonning mudofaa sohasidagi siyosati bo‘yicha prinsipial yondashuvlar, ularni qo‘llash asoslari, Qurolli Kuchlar oldida turgan vazifalar, shuningdek, milliy armiyamiz qurilishi va rivojlanishini davom ettirish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlarni belgilab berdi.

Yangilangan Mudofaa doktrinasining qabul qilinishi mazkur qo‘mita, Mudofaa vazirligi va boshqa tegishli tuzilmalarga qator vazifalarni yuklaydi, jumladan, harbiy xizmatchilar, jamoatchilik va chet ellik hamkorlar o‘rtasida mudofaa siyosatining asosiy prinsiplarini tushuntirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni tashkil etish belgilangan. Shuningdek, malakatimizning harbiy xavfsizlik sohasidagi ochiq siyosati negizida xavfsizlik va mudofaa sohasida boshqa xorijiy mamlakatlar bilan amaliy munosabatlar rivojlantiriladi.

Amaldagi qonunchilikka Mudofaa doktrinasi asosida tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi. Mudofaa doktrinasi asosida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini strategik qo‘llash bo‘yicha tegishli hujjatlarni qayta ishlab chiqilishini ta’minlashni talab etadi.

Tadbirda yangi tahrirdagi Mudofaa doktrinasidan kelib chiqadigan shu kabi qator dolzarb vazifalar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Xususan, mudofaa tizimining tashkiliy tuzilmasi, uning harbiy-jangovar holati, askar va ofitserlarning ma’naviy va ruhiy tayyorgarlik darajasini yanada yuksaltirish bo‘yicha aniq taklif va mulohazalar bildirildi.

Mintaqada vujudga kelayotgan harbiy-siyosiy holatni hisobga olgan holda, Qurolli Kuchlar birlashmalarining vazifa va tuzilmalari qayta ko‘rib chiqilishi, Milliy gvardiyaning tashkil etilishi, Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasi tuzilishi, tizimni zamonaviy harbiy texnika bilan ta’minlash bo‘yicha belgilangan kompleks chora-tadbirlar, shuningdek, harbiy kadrlar tayyorlash sohasidagi tizimli o‘zgarishlarning dastlabki natijalari e’tirof etildi.

Milliy armiyamiz salohiyatini har tomonlama mustahkamlashda boshlangan ishlarni davom ettirish, huquqiy asoslarni yanada takomillashtirish mamlakatimizning xavfsizligi va barqarorligini ta’minlashning eng muhim sharti va kafolatidir.

Shundan kelib chiqib, yangilangan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa doktrinasini ro‘yobga chiqarish, normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqishda o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha muntazam ravishda fikrlar almashish maydoni yaratishga kelishib olindi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
8 088