Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.04.2018 11:13 Chop etish versiyasi

Milliy va umuminsoniy qadriyatlar uyg‘un rivojlanmoqda

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Islom akademiyasi bilan hamkorlikda "Milliy va umuminsoniy madaniyatlar uyg‘unligi: nazariya va amaliyot" mavzuida IV respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.

Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yiliga bag‘ishlab tashkil etilgan mazkur anjumanda ma’naviyat targ‘ibotchilari, olimlar, yosh tadqiqotchilar, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti prorektori Q.Abdurahimov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bo‘limi boshlig‘i Sh.To‘rayev va boshqalar mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ta’lim-tarbiya, madaniyat sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar jarayonida yosh avlodning ma’naviyatini yuksaltirish, ularni milliy an’ana va qadriyatlarga hurmat ruhida kamol toptirish, ilg‘or g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbarining 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risidagi farmonida yoshlarning puxta bilim olishi, kasb-hunar egallashi, yuksak ma’naviyatli shaxs bo‘lib ulg‘ayishi borasida ko‘plab vazifalar belgilangan.

Yurtimiz oliy ta’lim dargohlarida milliy ma’naviyatimizning umuminsoniy qadriyatlar bilan uyg‘un jihatlari "Ma’naviyat asoslari", "Madaniyatshunoslik", "Dinshunoslik" va boshqa o‘quv fanlarida o‘rgatiladi. Ayni paytda mamlakatimizda bo‘lib o‘tayotgan yoshlarning badiiy ijodiyot, san’at, ilm-fan, innovatsion texnologiyalarga oid festivallari, ko‘rik-tanlovlari, turli ma’rifiy loyihalari yigit-qizlarni yot g‘oyalardan himoyalash, ularning ezgu intilishlarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir.

Anjumanda milliy va umuminsoniy qadriyatlar uyg‘unligi, faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlashning ma’naviy-ma’rifiy jihatlari, O‘zbekistonda diniy madaniyat va merosni o‘rganishning dolzarb masalalari, Sharq mutafakkirlari ijodida madaniyat va ma’naviyat mavzulari atroflicha muhokama etildi.

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti talabalari ijodiga oid "Qadriyatlar e’zozlangan yurt" nomli ko‘rgazma tashkil etildi.

Nazokat Usmonova, O‘zA
5 914