O‘zA O`zbek

09.08.2018 13:04 Chop etish versiyasi

Milliy tiklanishdan – milliy yuksalishga!

Milliy tiklanishdan – milliy yuksalishga!

Shu kunlarda, mamlakatimizda o‘tkazilayotgan “O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishning dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro konferensiyaga dunyoning turli davlatlaridan atoqli shoir, yozuvchi va olimlarga poytaxtimiz mezbonlik qilmoqda.

Xalqaro konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tabrigi bilan boshlandi. Tabrikda o‘zbek adabiyotini o‘z yurtlarida va xalqaro maydonda beg‘araz targ‘ib va tashviq etib kelayotgan yozuvchi-shoirlar va olimlarning barchasiga samimiy minnatdorlik bildirdi. Xalqaro konferensiya ishtirokchilariga yo‘llangan Prezident tabrigi shu kunning o‘zidayoq ko‘pchilikning diqqat e’tiborida bo‘ldi. Jurnalistlar Prezident tabrigini ommaga yetkazish bilan birga tabrik matnidagi fikrlarni tahlil qilib, o‘z ommaviy axborot vositalari chop etmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tabrik so‘zini yakunlar ekan, “Bundan yuz yil muqaddam buyuk o‘zbek shoiri Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li – Cho‘lpon “Adabiyot yashasa, millat yashar!” degan otashin da’vat bilan maydonga chiqqan edi. Hayot va tarix sinovlaridan o‘tgan teran ma’noli bu so‘zlar bugun ham o‘z ahamiyati va qimmatini yo‘qotgan emas. Darhaqiqat, adabiyot, san’at va madaniyat yashasa, millat va xalq, butun insoniyat bezavol yashaydi. Mana shunday ezgu va sharafli ishga o‘z hayotini bag‘ishlagan siz, azizlarga sihat-salomatlik, ijodiy yutuqlar, baxt va omad, konferensiya ishiga muvaffaqiyat tilayman.” deya mutafakkir shoirimiz, ma’rifatparvar jadidchimizning zamonlar osha bizgacha yetib kelgan fikrlarini anjuman qatnashchilariga eslatib o‘tdi.

Xususan, Prezident tabrigida ta’kidlangan masalalar ichida aytilgan: “Bugungi kunda O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Biz milliy tiklanishdan – milliy yuksalishga erishishni o‘z oldimizga eng muhim va ustuvor vazifa qilib qo‘ydik. Bu ulug‘ maqsadga esa jahon ahli bilan hamjihat va hamkor bo‘lib yashash, ochiq demokratik jamiyat qurish, hayotimizda milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini yanada keng qaror toptirish orqaligina erishish mumkinligini biz yaxshi anglaymiz.” degan ushbu fikrlar esa ko‘pchilikning ko‘nglidagi fikrlarga hamohang jaranglayotgandek taassurot qoldirdi.

Darhaqiqat, o‘zbek xalqi uchun “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalishga” harakat etish zaruriyati, jamiyatimizdagi eng muhim va dolzarb masalalardan biri ekanligini guvohi bo‘lmoqdamiz. Xalqimiz tarixiga va uning taqdiriga nazar solsak, albatta buning isbotini anglagandek bo‘lamiz.

Xalqimizning hurriyatini va davlatchiligimizning mustaqilligini qayta tiklaganimizga ham chorak asrdan ko‘proq vaqt bo‘libdi. Bizga ozodlik, mustaqillik, hurriyatni hech kim shunchaki sovg‘a qilgan emas. Xalqimiz o‘z milliy mustaqilligi yo‘lida bir asrdan oshiq vaqt mobaynida kurashib keldi.

Mustaqillik uchun kurash Markaziy Osiyo hududida hech qachon to‘xtamagan, biror-bir bosqichda qolib ketmagan, erk yo‘lidagi harbiy harakatlar, qonli to‘qnashuvlar, g‘oyaviy-siyosiy va ijtimoiy-madaniy kurash 1991 yilda mustaqilligimizni qayta tiklagunimizga qadar davom etdi. Ajdodlarimiz, mustaqil davlatga ega bo‘ladigan muborak kunni ko‘rish va his etishni orzu qilgan, shu orzu yo‘lida kurashgan va jon fido qilgan.

Markaziy Osiyo xalqlarining chor Rossiyasiga qarshi milliy ozodlik urushlari, isyonlari, bolsheviklar, sovetlarga qarshi milliy istiqlolchilik harakatlari, Stalin qatag‘oniga qarshi mujodalasi va Sovet mafkurasi yaratgan insonlar taqdirini majag‘lab sindiruvchi tizimga qarshi g‘oyaviy kurashlari – Turkiston xalqlarining ozodlik, hurriyat va istiqlol yo‘lidagi muqaddas janglari davridir.

Vatan ozodligi, millat hurriyati va barbod qilingan davlatchiligimizni tiklash maqsadida mustaqil davlatni qayta barpo qilish istiqboli uchun bo‘lgan kurashlarda hayotini sarflab, jonini berganlar siymosi xalqimiz ongida mangu saqlanib qolishi zarur. Xalqimiz bosib o‘tgan murakkab tarixiy yo‘ldan har birimiz saboq olishimiz shart.

Aql bovar qilmaydigan darajada mudhish va dahshatli azobu uqubatlarni boshidan kechirgan mahalliy xalqlarning o‘z hayoti, oilasi, va turmush tarzini saqlab qolish yo‘lida olib borgan janglari – Markaziy Osiyo xalqlarining erkinligi va or-nomusi uchun bo‘lgan kurashning chinakam tarixiy ramziga aylandi. Ayni paytda bu voqealar xalqimiz tarixidagi eng qayg‘uli va fojiali sahifalar hamdir. Shuning uchun, Vatan istiqboli yo‘lida jon fido qilgan er yigitlar xotirasiga hurmat va ehtirom ko‘rsatish millat ongida mangu g‘urur, jasurlik, va matonat ramzi bo‘lib qolaveradi.

O‘tgan asrning nihoyasida, o‘z milliy davlatchiligi va mustaqilligini qayta tiklash harakatlari ommaviy shaklda avj ola boshlaganda O‘zbekiston xalqi va hukumati begona hududlarni bosib olish hamda irqiy ustunlik ertaklari va afsonalariga suyanib, boshqa xalqlarni kamsitish rejalarini tuzmagan. Biz, o‘zbek millati o‘laroq umuminsoniy qadriyatlarga, xalqlar o‘rtasidagi mehribonlik va ezgulik g‘oyalariga hozir ham sadoqatli bo‘lib qolmoqdamiz.

O‘zbek xalqi, o‘z tarixidagi mustamlakachilik davri bosqichi hamda sovet boshboshdoqligi yillarida, Kremldan turib boshqarilgan “Paxta ishi” kabi sharmandaliklar “O‘zbek ishi”ga aylantirilib, xalqimizning ahvoli og‘ir oqibatlarga olib kelingan davrda yuz bergan fojiali lahzalarga qaramay, jahonning barcha xalqlariga nisbatan birodarlik tuyg‘ulari va ezgu munosabatlarini saqlab qolishning uddasidan chiqdi. Bugungi kunda esa ushbu fazilatlarni kelajak avlodlarga yetkazish maqsadida, xalqimiz dunyo hamjamiyati ko‘z o‘ngida o‘zining kurashini davom ettirmoqda.

Vatanimiz va davlatchiligimiz mustaqilligi qayta tiklangunga qadar oddiy o‘zbekona milliy tuyg‘ular oila davrasida, yagona dasturxon atrofida, ro‘zg‘orda avaylab-asralar va nasldan-naslga odob va tarbiya sifatida berilar edi. Mustaqilligimiz tiklangan davrda esa O‘zbekistonning ta’lim tizimi vakillari hamda vatanparvarlik ruhiyatiga sodiq ziyolilari yosh avlodga o‘tmish saboqlarini ta’lim jarayonida, akademik doiralarda va boshqa turli zamonaviy usullar orqali yetkazish ishlarini amalga oshirib kelmoqda.

O‘zbekistonning ta’lim tizimida xizmat qilayotgan murabbiylar oldiga qo‘yilgan asosiy maqsad va eng dolzarb masala bu yosh avlod dunyoqarashida milliy o‘zlik, Vatanga sadoqat singari qadriyatlarni shakllantirish bilan birga qardosh xalqlar o‘rtasida yaxshi munosabatlarni saqlab qolish uchun kerakli bo‘lgan tuyg‘ularni ham tarbiyalashdan iborat bo‘lib turibdi. Bu fazilatlar nafaqat o‘z xalqi, balki boshqa qardosh xalqlarning ham siyosiy-ijtimoiy hayotida ilg‘or o‘zgarishlarni amalga oshirishni istayotgan har qanday inson uchun chinakam zaruratga aylangan xislatlardir.

Qardosh xalqlar taqdiridan o‘rin olgan tarixiy voqealar, faktlarni batafsil va mukammal misollar yordamida o‘xshash voqealarni qiyoslab o‘rganish pirovardida tarixiy va zamonaviy buzg‘unchilarning niyatlari nima ekanini hamda ularning geosiyosiy o‘yinlari qanday maqsadda ishlatilishini tushunishga olib keladi.

Mustaqil davlat o‘laroq dunyo hamjamiyati tomonidan tan olingan har qanday mamlakatda yangilanish va rivojlanish harakatlari bir necha yillar davomida, bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan murakkab jarayondir. Hurriyatni istagan har bir millatning taqdirida shu bor. Bunday vaziyatda tashkil qilingan hukumat ichida eski tizim tarafdorlari ham bo‘lishi aniq. Masalaning shu tarafini inobatga olib harakat qilish va opponentlar bilan murosa qilish yo‘lini topish ishlari o‘z millatining kelajagi haqida qayg‘uradigan insonlardan ulkan mahorat talab qiladi.

Bugungi kunda shiddat bilan rivojlanayotgan zamonaviy dunyoda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan jamiyatimizda ham katta o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Mustamlakachilikka asoslangan mustabid tizimni boshidan uloqtirib tashlaganiga endigina chorak asr bo‘lgan bir jamiyat uchun davlat boshqaruvi tizimida yangiliklarga erishish osonlikcha kechmaydi. Albatta, siyosiy raqobat va kurash talafotsiz bo‘lmaydi. Shuning uchun, fahm-farosatli, ilg‘or fikrli, xalq ichidan chiqqan dono ziyolilar iloji boricha ko‘zlangan maqsadga erishish yo‘llarini qidiradi. Yolg‘iz odam haminqadar ish bajarishi mumkin. Lekin, jamiyatni tashkil qiluvchi asosiy omil bu xalqdir. Xalqning salohiyati esa xalq namoyondalari bo‘lmish shaxslarning madaniy saviyasi va fikrlay olish qobiliyatiga bog‘liq.

Kechagina “temir parda” ortidagi SSSR degan qafasda o‘tirgan beayb mahkumlar, taqdirlari begunoh majag‘lanib, armonlari sababsiz sindirilgan, ruhi o‘tmishidagi qirg‘inlar, qatag‘onlar bilan qo‘rqitilib, ezilgan “indamaslar” endigina hurriyat havosidan nafas olish uchun qafaslar tuynigidan ozodlik sari mo‘ralab chiqib, kyechagi kishanlarini yechish bilan ovora bo‘layotgan paytda yon atrofidagi rivojlangan davlatlarda bo‘layotgan zamonaviy taraqqiyotga nazar solishga, ulardan o‘rnak olishga va yangicha iqtisodiy o‘zgarishlar qilishga qodirmi?

O‘zligi, milliy g‘ururi oyoq osti qilingan va ongi, nomusi bilan qo‘shilib ezilgan mazlumlar xayolida yaxlit bir millat tushunchasi endigina yana qayta shakllanib, bir xalq bo‘lib yashashni amalda o‘rgana boshlaganida ular o‘rtasida har xil ziddiyatlar va kelishmovchiliklar chiqarishga urinadigan nayrangbozlar ko‘payishi tarixdan ma’lum. Bunday siyosiy o‘yinlarga qarshi qanday kuch bilan qarshi tura olamiz?

Bu borada Hindistonning buyuk jamoat va siyosat arbobi, Hindiston mustaqillik harakatining yetakchi boshliqlaridan biri Mahatma Gandining “Mustamlakachilar tomonidan tarbiyalangan ziyolilar – o‘z xalqining asosiy dushmanidir”, degan iborasi qanchalik haq gap ekanining isbotini barcha mustamlakachilikdan endi qutilgan xalqlar taqdirida ko‘rmoqdamiz.

Kechagina qo‘rqitilgan, ezilgan, urilgan va kamsitilgan, indamaslar bugungi kunga kelib, mustaqil bo‘lgani bilan ertaga o‘z oyog‘ida tik turishga kuchi yetadimi? Istiqlolimizni saqlab qolishni uddasidan chiqa oladimi? Bunga qanday kafolatlar bor? Qayta qo‘lga kiritilgan davlatchiligimiz istiqlolini va xalqimiz hurriyatini saqlab qolish uchun millat va xalq o‘laroq biz qanday harakatlar qilishimiz lozim? Milliy o‘zligimiz va shu masalaga oid muammolar yuzaga chiqqanda ziyolilarimiz qanday yo‘l tutsa jamiyatimizni ilg‘or tushunchalarga ega bo‘lgan insonlar majmuasiga aylantira oladi?

Albatta, bu juda nozik masalalar, shu bilan birga katta e’tibor va mablag‘ talab qiladigan muammolar hamdir. Kundalik turmushdagi turli ijtimoiy va moddiy qiyinchiliklar ichida yashab, o‘z oilasini maoshdan maoshga zo‘rg‘a boqib yurgan ziyolilarimiz bunday muammolar va masalalarni hal qilishga qodirmi?

O‘zbekistonliklarning va boshqa davlatlarda yashovchi Vatandoshlarimizning o‘z yurti, ulusi, tarixi, madaniyati, adabiyoti va iqtisodiyotiga nisbatan bo‘lgan munosabatlarini qanday yo‘llar bilan hamfikrlik, hamjihatlik va hamkorlik darajasiga ko‘tara olamiz?

Dunyoning boshqa davlatlarida yashaydigan, o‘zini o‘zbekman deydiganlarning soni O‘zbekiston Respublikasining ichidagi o‘zbeklardan ancha ko‘proq. O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elatlarning haq-huquqlari rasmiy shaklda qonun bilan himoyalangan. Lekin, O‘zbekiston tashqarisida, dunyoning 100 dan ortiq davlatida yashaydigan o‘zbeklarning ahvoli qanday?

Bir qarashda ushbu savollarga javob topish oson tuyulgani bilan aslida juda murakkab tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, xulosa chiqarishga undaydi, javoblar esa ko‘p jildli kitob sahifalarini egallashi mumkin. Bu savollarga javoblar izlab tarixiy voqealarni tadqiq qilar ekanmiz, nafaqat O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi, balki butun dunyo bo‘ylab sochilib ketgan Vatandoshlarimiz taqdiriga, ular bosib o‘tgan murakkab hayot yo‘liga nazar solmay ilojimiz yo‘q.

Shaxsiy fikrlarning umumlashtirilishi natijasida jamiyatning hamma namoyandalariga taalluqli bo‘lgan belgilangan xulosalar yuzaga chiqishi aniq. Ijtimoiy fikr va xulosalar asosida hukumat tomonidan xalqning salohiyatini oshirish yo‘lida qilinishi shart bo‘lgan rejalar tuziladi va qarorlar qabul qilinadi. Olingan qarorlar jamiyatni harakatga yetaklashi zarur. Shundagina xalq salohiyati yuksaladi. Zero, muvaffaqiyat bu – harakat jarayoni va harakat oldidan puxta ishlab chiqilgan reja asosida yaratiladigan natijadir.

El, yurt, ulus va millat istiqboli yo‘lida harakat qiluvchi har bir O‘zbekiston vatandoshi eng avvalo, aynan o‘tmishda o‘z Vatani ozodligi, hurriyati va istiqloli yo‘lida faxru iftixor-la jonini baxshida etgan ma’rifatparvar, vatanparvar va millatparvar ajdodlarimiz yo‘lini tushunishi va qabul qilishi shart ekanini tan olmay ilojimiz yo‘q. Chunki, Vatanimizning bugungi mustaqilligini teran anglashga harakat qilib, o‘tmish bilan taqqoslab, tarixdan saboq va o‘rnak olib yashash kelajakda jamiyatimizning har bir namoyandasi turmushida bo‘ladigan ijobiy o‘zgarishlar bilan birga ularning ishida, so‘zida va fikrida shaxsiy erkinlik totini yaratishi aniq. Zero moziydan shuning uchun ham ibrat olinadi, qolganini esa vijdoniga ko‘ra insonning o‘zi belgilasin!

Sh. Salamov,
Ozarbayjon Respublikasi “International 
Euratsia Press Fund &

Euratsia Diary”
Axborot-tahliliy portalining 
Markaziy Osiyodagi maxsus muxbiri

O‘zA
2 760