Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.03.2018 15:58 Chop etish versiyasi

Milliy tiklanish milliy tildan boshlanadi!

Biror bir partiyaning a’zosi emasman. Ochig‘i, bunga ehtiyojim bo‘lmagan. Biroq, jurnalist sifatida, partiyalar faoliyatidan ozmi-ko‘pmi xabarim bor. Maqsad-vazifalari (ular bir-biriga o‘xshab ketsa-da) nimalardan iborat ekanini bilaman. Partiyalarning dasturlari, Saylovoldi Platformalari bilan tanishman.

Bugun deputatlarimiz faoliyatida bir oz jonlanish sezilayotganday. Biroq Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ta’kidlangandek, “parlamentimiz faoliyati ko‘p hollarda shunchaki rasmiy yig‘ilishlardan iborat bo‘lib qolmoqda”.

Davlatimiz rahbarining “Nima uchun aniqlangan muammolar yoki saylovchilar ko‘tarayotgan masalalar tegishli qonunlar qabul qilish yo‘li bilan yoki ijro hokimiyati oldiga masalani qat’iy qo‘yish bilan hal etilmayapti?” – degan savoli hamon javobsizdek nazarimda.

Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 2017-yil 4-sentabrda qabul qilingan “Innovatsion o‘qitish uslublarini joriy etish yo‘li bilan haydovchilarni tayyorlash, shuningdek, ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bo‘yicha hukumatga kiritilgan deputatlik so‘rovi inobatga olindi. “Avtotest-Report” MChJning monapol huquqi bekor qilindi. Xalq noiblarining bu harakati ijtimoiy tarmoqlarda olamshumul qahramonlik sifatida olqishlandi.

O‘zbekiston tarixida birinchi bor Vazirlar Mahkamasi qarori yuzasidan kiritilgan deputatlik so‘rovi aslida ham qahramonlik edi.

Yaqinda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Toshkent shahar Yunusobod tuman kengashi tomonidan a’zolikka taklif etildim. Bu meni quvontirdi. Chunki millatimiz ziyolilarini o‘z atrofida birlashtirgan partiya a’zolari safida zabardast shoir va yozuvchilar, jurnalistlar, ilm-fan namoyandalari, madaniyat va san’at ahli borligini yaxshi bilaman.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Ustavi va Dasturi, Saylovoldi Platformasini qayta-qayta o‘qib chiqdim. Partiyaning dasturiy maqsad-vazifalari bilan tanishish asnosida Prezidentimizning bir savoli yodimga tushdi: “Qachon parlament, mayli, ko‘p emas, hech bo‘lmasa bitta sohani tubdan yaxshilashga qaratilgan qaror yoki qonun ishlab chiqadi? Qachon bo‘ladi bu ish?”

“Milliy tiklanish”ning Saylovoldi Platformasida “ – davlat tilini boyitish va yanada takomillashtirishga, til madaniyatini, o‘zaro muomala sifatini yuksaltirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar majmuasini ishlab chiqish, ommaviy muomalada o‘zbek adabiy tili me’yor va qoidalarining buzilishini oldini oladigan aniq maqsadli ishlarni olib borish” dasturiy vazifasi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 13-mayda qabul qilingan “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmonida yangi oliy ta’lim muassasasiga “o‘zbek tilining asl tabiati va xususiyatlarini to‘la aks ettiradigan mukammal akademik va o‘quv grammatikalarini yaratish, uning tovushlar tizimi va ularning yozuvda aks etishi, joriy imlo qoidalarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar tayyorlash, turli mavzu va yo‘nalishlar bo‘yicha lug‘at va qomuslar, risola va darsliklar yaratish” vazifasi yuklangan.

Ushbu vazifadan kelib chiqib, O‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshida lotin yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosini isloh qilish bo‘yicha Ishchi guruh tuzilgan edi. Mana, oradan qiriyb ikki yil vaqt o‘tmoqda. Ishchi guruh o‘zining dastlabki xulosalarini e’lon qildi, lekin u rasmiy maqomga ega emas. Bevosita “davlat tilini boyitish va yanada takomillashtirish”ni o‘z oldiga maqsad qilgan partiya esa bu masalada negadir jim.

O‘rtada ayrimlar matbuotda, televideniyeda, ijtimoiy tarmoqlarda “Bizga lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi kerakmi, yo‘qmi”, degan masalani ko‘tarib, suvni bir loyqalatib ham oldi. Yaxshiki, chuvalashmasidan bu gapga nuqta qo‘yildi: dunyo aholisining eng ko‘p va eng ilg‘or qismi foydalanayotgan, chorak asr mobaynida yoshlarimizning tafakkur ko‘zini ochib kelayotgan alifbomizdan voz kechish emas, balki uni yanada mukammallashtirib, amaliyotda keng joriy etishimiz kerak! Biroq, shu o‘rinda savol uyg‘onadi: shuncha yildan buyon cho‘zilib kelayotgan bu muammoni qachon uzil-kesil hal qilamiz?

Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirish bo‘yicha Ishchi guruh tomonidan Facebook ijtimoiy tarmog‘ida “O‘zbek tili jonkuyarlari” guruhi tashkil etilgan. Guruh orqali olimlar, ziyolilar, keng jamoatchilikning fikrlari yig‘ilib, ilmiy tahlildan o‘tkazib borilmoqda. Ishchi guruh o‘tgan vaqt mobaynida ikki alifbo loyihasini, shuningdek, dastlabki xulosalarini internetda e’lon qildi. Tabiiyki, haqli savol tug‘iladi: nima uchun bu loyiha va xulosalar rasmiy OAV yoki davlat nashrlarida e’lon qilinmadi? Umuman, o‘zi, bu loyihalar, “O‘zbek tili jonkuyarlari” guruhi a’zolaridan tashqari, kimnidir qiziqtiryaptimi?

Dastlabki xulosalarda, jumladan: “Mazur ishchi guruh muayyan masala bo‘yicha qaror qabul qilish huquqiga ega emas, u faqat mavjud fikrlarni o‘rganib, takliflarni ishlab chiqadi va tegishli hukumat organiga ularni taqdim qiladi”, deyiladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan Ishchi guruhning xulosalari faqat taklif xarakteriga ega ekani kishini o‘ylantiradi. Demak, bu taklif “tegishli hukumat organi” tomonidan qabul qilinmasligi ham mumkin.

Ishchi guruhning dastlabki xulosasida ayni paytga qadar yig‘ilgan takliflarni ikki guruhga bo‘lish mumkinligi, 1-guruh alifboga umuman tegmaslikni, hammasini o‘z holicha qoldirib, faqat imlo bilan bog‘liq muammolarni hal qilish, 2-guruh alifboni qisman isloh qilish, qo‘shaloq harflarni almashtirish taklifini bildirgani aytiladi.
Ishchi guruh xulosasida 2-guruh tomonidan bildirilgan fikrlar quyidagicha umumlashtiriladi:  “Ko‘pchilik hamyurtlarimiz, jumladan, mutaxassislar joriy alifbomizdagi G‘ O‘ Ch Sh Ng harflari yozish va o‘qish jarayonida muayyan qiyinchiliklar tug‘dirayotgani va yangi alifbomizning xalq ichida ommalashib ketishiga xalal berayotgani to‘g‘risida o‘z fikr va takliflarini bildirishdi. O‘rganish jarayonida isloh etilishi lozim bo‘lgan harflar uch guruhga bo‘lindi.

Birinchi guruh – o‘ta noqulay harflar. Bu guruhga G‘ va O‘ harflari kiradi. Sababi bu harflarni yozish uchun avvalo G, O harflari yoziladi, so‘ng ‘ belgisini qo‘yish uchun to‘rt raqamdan iborat kod teriladi – ya’ni, bir harfni yozish uchun qo‘limiz 5 marta komputer klaviaturasiga urilishi talab etiladi. Dunyodagi biror bir alifboda bitta harfni yozish uchun buncha mashaqqat chekilmaydi. Shu bois xalqimiz ‘ belgisini yozishga erinib, uning o‘rniga ko‘pincha ’ belgisidan foydalanadi, bu esa katta xato, chunki bu belgi alifbomizda tutuq belgisi sifatida qayd etilgan. Mabodo, erinmasdan yozaman deganimizda ham ba’zan buning uddasidan chiqolmaymiz, sababi bu belgilar ayrim zamonaviy moslamalarda umuman topilmaydi. Xullas, bir paytlar yozuvni qulaylashtirish uchun qabul qilingan ‘ belgisi amaliyotda eng noqulay, boshog‘riq belgi ekani ma’lum bo‘ldi.

Ikkinchi guruh – noqulay harflar. Bu guruhga Sh va Ch harfiy birikmalari kiradi. Odatda bir tovushga – bir belgi tamoyili ustuvor bo‘lgan alifboda o‘qish-yozish jarayoni oson kechadi. Sh va Ch harflarining xuddi ingliz tilidagi kabi ikki belgidan iborat bo‘lishi, ayniqsa, yoshi katta vatandoshlarimizga qiyinchilik tug‘diryapti. Bundan tashqari, ma’lum so‘zlarni yozishda alohida qoida ishlab chiqishga to‘g‘ri kelyapti. Masalan, muqaddas kitob ma’nosidagi Mushaf so‘zini Mushaf deb yozsangiz, u Mushaf deb o‘qiladi. Ishoq esa Ishoq (Ishoq)qa aylanadi. Natijada, ma’noni yo‘qotmaslik uchun, sun’iy ravishda Mus’haf, Is’hoq deb, tutuq belgisini o‘z vazifasidan boshqa ishga ham jalb etishga to‘g‘ri keladi. Bunday so‘zlar esa o‘zbek tilida ko‘p.

Ch harfiy birikmasining holati esa bundan ham murakkab. Bolalarimizga bu harfning birinchi belgisi qanday o‘rgatiladi – bu har bir o‘qituvchining mahoratiga, tasavvur kengligiga bog‘liq. Sababi Ch ning birinchi belgisi – S alifboda umuman yo‘q!? Holbuki, bu alifbo tuzish mantig‘iga mutlaqo zid hodisa. Chunki har qanday harfiy birikma alifboda mavjud bo‘lgan harflar ishtirokida biriktirilib tuzilishi lozim. 1995 yilda milliy alifbomiz o‘zgartirilayotganda bu mantiqiy talab negadir e’tibordan chetda qolgan...
Mazkur fikrni yoqlovchilar orasida atoqli tilshunos-olimlar, o‘qituvchilar, talabalar bor. Bu guruhda jurnalistlar, nashriyot xodimlari, muharrirlar, komputer texnologiyalari mutaxassislari ko‘pchilikni tashkil qiladi”, deyiladi Ishchi guruh xulosasida.

Men ham jurnalist, ham noshir sifatida, albatta, 2-guruh fikrini yoqlayman. Gazeta va jurnallarimizning 24 yildan beri lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tolmayotganing asosiy sabablaridan biri ham shu - G‘ O‘ Ch Sh harflarini yozishdagi ortiqcha zahmat bilan bog‘liq. To‘g‘ri, “kirill yozuvidagi har qanday matnni bir lahzada lotin yozuviga o‘girib beradigan dasturlar bor”, deyishingiz mumkin. Haqsiz. Biroq, birinchidan, bu dasturlarning mukammallik darajasini barchamiz yaxshi bilamiz. Ikkinchidan, eng asosiysi, matnni kirill yozuvida yozib, keyin lotin yozuviga o‘girishga ehtiyoj borligi – o‘ylab ko‘riladigan masala. 

Harflar yakka holda ma’no tashimaydi. Biroq shakl nuqtai-nazaridan mazmunga ega. Buni vizual mazmun, desak to‘g‘ri bo‘ladi. So‘nggi paytlarda bosma va elektoron nashrlarda dizayn birinchi o‘ringa ko‘tarilmoqda. Buni eskilardan qolgan “Onangni otangga bepardoz ko‘rsatma” maqolining zamonaviy ifodasi, deyish mumkin.

Tilimiz tabiatiga ko‘ra, nafaqat O‘, G‘ harflari, shuningdek, Ch va Sh harflaridan ham ko‘p foydalanamiz. Bu harflar nafaqat o‘qish-yozishni qiyinlashtiradi, ayni paytda nashr dizayniga ham salbiy ta’sir qilmay qolmaydi. Rahmatli Xojiboy Tojiboyevning “QO`QON” yozuvi haqidagi hazili esingizdadir? Gazeta va jurnallar, reklama matnlari sarlavhalarining deyarli barchasida bir yoki ikkitadan, “Shoshmashoshar” (Shoshmashoshar) singari so‘zlarda esa to‘rttagacha Sh birikmasi ishlatiladi. Tilimizda - ch, - chi, - chan, - inch, chilik, - sh, - dosh, - ish, - lash singari o‘ta faol so‘z yasovchi qo‘shimchalar bor.

Yana bir masala, Ch, Sh harfiy birikmalari yagona harfni ifodalagani bois, atoqli otlar, qisqartma so‘zlarni bosh harf bilan yozishda chalkashlik, noqulaylik yuzaga keladi. Aytaylik, birikmadagi ikki harfni ham yirik yozsangiz, SHamol, SHosh, CHorsu, CHaros kabi Ch va Sh harfi bilan boshlanuvchi so‘zlar beo‘xshov ko‘rinishga keladi; agarda birikmadagi birinchi belgi bosh, ikkinchisi kichik harf bilan yozilsa, TOShDU, AQSh, ChIRChIQ kabi Ch va Sh harflari so‘z o‘rtasida kelgan atamalarda o‘ng‘aysiz holat paydo bo‘ladi. Afsuski, aynan shu harflar sabab yozuvimizda istisnolar (mus’haf, is’hoq, as’hob kabi) ko‘payib ketgan.

Yuqoridagi fikrlarni inobatga olib, G‘ va O‘ harflarini  Ŏŏ, Ğğ  yoki qozoq va qoraqalpoq qardoshlarimiz kabi Ŏŏ, Ğğ shaklda, maxsus belgini O va G harflarining ustiga qo‘yib ifodalashimiz to‘g‘riroq bo‘ladi, deb o‘ylayman. Bugun Android tizimi uchun yaratilgan “Klavus-Uzbek Keyboard” singari dasturlar mavjud. Ularda G‘ va O‘ harflari bitta klaviatura bilan yoziladi. To‘g‘ri, ularni ham, yozuvda muammo tug‘dirayotgan qo‘shaloq harflarni ham, ehtimol, qachondir “Windows” tizimida ishlaydigan komputer klaviaturasiga joylashtirish mumkindir. Biroq yuqorida aytganimdek, harflar nafaqat lug‘aviy ma’no yaratadi, balki shakliy mazmunga ham ega. Masalan, , qashshoq – qaşşoq, ushshoq – uşşoq, achchiq – aççiq, shoshmashoshar – şoşmaşoşar singari so‘zlarning yozilish shakliga, aniq-ravshanligiga e’tibor qarating.

G‘ va O‘ harflarini YuNIKOD tizimiga kiritib bir harfga aylantirgan taqdirimizda ham oraliqda yozuv dizayniga putur yetkazadigan bo‘shliq qoladi. Qiyoslang: O‘ZBEKISTON – ŎZBEKISTON yoki ÓZBEKISTON Taassufki, biz uchun muqaddas bo‘lgan Vatanimiz nomining ko‘p hollarda aynan O‘ harfi tufayli xato, noto‘g‘ri yozilishiga ko‘nikib qoldik.

Prezidentimiz yaqin qo‘shnilarimiz bilan do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga, barcha sohalarda hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga harakat qilmoqda. Biz 1993 yilda boshlagan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tish harakatini qardoshlarimiz bizdan ancha keyin boshladi va ayrimlari yakunladi ham. Nima uchun ular qabul qilgan Şş va Çç harflarini biz rad etishimiz kerak? Axir, bu dastlab bizning tanlovimiz edi-ku? Milliy alifbomizda yo‘q, biroq pasport va diplom singari rasmiy hujjatlar seriyalarida, avtomobillar davlat raqamlarida ishlatiladigan Ss harfini o‘qituvchilarimiz qachongacha bolalarga tushunirolmay aziyat chekadi? Alifboda yo‘q harf ishtirokida harfiy birikma yaratishning o‘zi kulgili emasmi, axir? Qolaversa, bu harflar faqat qo‘shnilarimiz va turkiy tilli xalqlar alifbosida emas, Yevropa xalqlari alifbosida ham uchraydi. Masalan, fransuz tili alifbosida Ç harfi mavjud va aynan millat nomi shu harf ishtirokida yoziladi – Fran?ais. Yoki «Barselona» futbol klubi muxlislariga yaxshi tanish bo‘lgan Bar?a atamasini olaylik. Shuningdek, Rumin alifbosidagi Ș ș harflari ham bizning ilk lotin alifbomizdagi Ș ș harfiga juda o‘xshash harflar sanaladi.

Nazarimda, Ishchi guruh taqdim qilgan ikkinchi alifbo loyihasida bizni o‘ylantirib, qiynab kelayotgan harflar masalasiga yaxshi yechim topilgan edi. Biroq bu loyiha juda tor doirada muhokama qilindi va Ishchi guruh a’zolari ta’kidlagan tegishli organlar e’tiboriga tushmadi. Bu vazifani esa, nazarimda, aynan siyosiy patiyalar, birinchi navbatda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi bajarishi kerak edi.

Bir jurnalistning partiya safiga kirish-kirmasligi muhim emasdir. Ehtimol, partiyaning unga ko‘zi ham uchib turmagandir. Biroq shu mamlakatning fuqarosi, 24 yildan buyon bir o‘zanga tusholmayotgan milliy alifbomizning mukammal bo‘lishini istaydigan millat ziyolisi sifatida u “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Saylovoldi Platformasida o‘z oldiga qo‘ygan “davlat tilini boyitish va yanada takomillashtirish” vazifasini qachon bajaradi, deb so‘rashga haqli, menimcha.

Vohid Luqmon, O‘zA
6 093