O‘zA O`zbek

23.04.2018 12:44 Chop etish versiyasi

Milliy qadriyatlarimiz va yoshlar

Milliy qadriyatlarimiz va yoshlar Buxoroda milliy an’ana va urf-odatlarimizni asrab-avaylash, keng targ‘ib qilishga bag‘ishlangan “Milliy qadriyatlar” festivali o‘tkazildi.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Buxoro viloyati kengashi, viloyat hokimligi, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, xalq ta’limi boshqarmalari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda besh nominatsiya bo‘yicha hududiy bosqichlarda g‘olib bo‘lgan 260 nafar ishtirokchir qatnashdi.

Buxoro shahridagi qadimiy Ark qo‘rg‘oni old maydonida tashkil etilgan “Milliy o‘yinlar” va “Milliy qadriyatlar kuychisi” tomoshalari ommaviyligi bilan ajralib turdi. Unda ishtirokchilar syujetli quvnoq, hazil-mutoyibaga uyg‘un harakatli xalq o‘yinlarini namoyish qildi. Turli guruhlarning o‘z yosh toifasi xususiyatiga xos chiqishlari xalqimiz umrboqiy an’analarga nechog‘li boy ekanining namoyoni bo‘ldi.

– Yoshlarni ma’naviy barkamol etib tarbiyalashda milliy qadriyatlarning ahamiyati katta, – deydi partiya viloyat kengashi raisi S.Hamroyev. – Avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan, jamiyat va yurt taraqqiyotida muhim o‘rin tutgan sharqona odob-axloq namunalari va urf-odatlar, milliy an’analarni o‘quvchilar o‘rtasida keng targ‘ib qilish, yoshlarning ma’naviyatini boyitish, iste’dod va imkoniyatlarini namoyon etishiga ko‘maklashish partiyamizning dasturiy vazifalaridan biridir. Bugungi festival ayni shu maqsadlarga qaratilgan davlat tashkilotlari bilan ijtimoiy sheriklikdagi muhim loyihalarimiz sirasiga kiradi.

Festivalda yangragan folklor ansambllari talqinidagi qo‘shiqlar barchaga o‘zgacha zavq bag‘ishladi. Ayniqsa, sayyohlar uchun xalqona qadriyatlarning yosh havaskorlar tomonidan o‘ziga xos taqdimotiga aylandi.

Qadimiy Ark qo‘rg‘oni yaqinidagi tarix fanini chuqur o‘rganishga ixtisoslashgan 6-umumta’lim maktabida “Milliy qadriyatlar va an’analar – g‘urur-iftixorimiz” mavzuida maqolalar tanlovi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston tarixi bilimdoni” va “Buxoro madaniy merosi tarixi bilimdoni” kabi tanlovlar o‘tkazildi.

– Milliy tariximizni bilish juda muhim, – deydi festival g‘olibi, Buxoro tumani qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kolleji o‘quvchisi J.Hakimov. – Bu biz, yoshlarni ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan muqaddas yurtni asrash, yanada obod etish va uning ravnaqi uchun mas’uliyatni his etishga chorlaydi. Men maqolamda mustaqillik yillarida mamlakatmizda huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish borasida amalga oshirilgan islohotlar, yoshlar kamolotiga qaratilayotgan doimiy e’tibor samaralari haqida yozdim.

Festival yakunida turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Erkin Yodgorov, Tohir Istatov (surat), O‘zA
10 361