Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.09.2017 20:24 Chop etish versiyasi

Milliy matbuot markazida brifing bo‘lib o‘tdi

Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi bilan hamkorlikda brifing tashkil etildi.

Unda 2017-yil 5-iyul kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rahbariyatining xorijdagi vatandoshlarimiz bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqoti chog‘ida bildirilgan taklif-mulohazalarni o‘rganish asosida olib borilayotgan ishlar, dolzarb masalalar va ularning yechimi bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘z bordi.

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari A.Xo‘jayev, Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari U.Toshxo‘jayev va Davlat personallashtirish markazi direktori N.To‘raxo‘jayev Prezidentimizning 2017-yil 12-sentabrdagi farmoyishi asosida tashkil etilgan Idoralararo ishchi guruhining maqsad-vazifalari, fuqarolarning konsullik-huquqiy masalalari bo‘yicha murojaatlarini o‘rganish, ularning qonun bilan mustahkamlab qo‘yilgan huquqlarini himoya qilish va tiklash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, fuqarolikdan chiqishga oid masalalar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Joriy yil 5-iyul kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rahbariyatining vatandoshlarimiz bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqoti chog‘ida fuqarolardan 200 dan ortiq murojaat kelib tushgan, 39 nafar fuqaro muloqot chog‘ida savollariga bevosita javob olgan. O‘tgan qisqa vaqt mobaynida Tashqi ishlar vazirligi tomonidan 116 ta murojaat tegishli tartibda ko‘rib chiqilib, O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi vakolatxonalariga jo‘natildi, 53 ariza esa ko‘rib chiqish uchun Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligiga yuborildi.

Anjumanda fuqarolikni rasmiylashtirish, konsullik xizmatlari faoliyatini kengaytirish, interaktiv xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish borasida hamkorlikdagi ishlar ko‘lami tobora kengayib borayotgani ta’kidlandi. Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi vakolatxonalarda xizmat ko‘rsatishning interfaol usullari qo‘llanmoqda. Bugungi kunda fuqarolarga “Interaktiv konsullik xizmatlari” portali orqali 12 turdagi konsullik xizmati ko‘rsatilmoqda.

Ish, o‘qish yoxud boshqa zarurat sabab faoliyatini xorijda amalga oshirayotgan fuqarolarimiz uchun Prezidentimizning joriy yil 16-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibini takomillashtirishga doir muhim chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni katta imkoniyatlar va imtiyozlar eshigini ochdi. Mazkur hujjatga ko‘ra, xorijga chiqish uchun talab etiladigan stiker bekor qilinib, 2019-yilning 1-yanvaridan xorijga chiqish uchun biometrik pasport amaliyotga kiritiladi.

Tadbir qatnashchilari o‘zlarining qiziqtirgan barcha savollarga javob oldi.

Ulug‘bek Shonazarov, O‘zA
1 015






Все о погоде - Pogoda.uz