O‘zA O`zbek

24.08.2018 13:19 Chop etish versiyasi

Milliy maqom san'ati dunyoni zabt etadi

Milliy maqom san'ati dunyoni zabt etadi

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy yilning 6-10-sentabr kunlari Shahrisabz shahrida ilk bor Xalqaro maqom sanʻati anjumani oʻtkaziladi. Ayni paytda yurtimizda ushbu musiqa bayramiga qizgʻin hozirlik koʻrilmoqda.

Samarqand ixtisoslashtirilgan sanʻat maktabi (sobiq Samarqand sanʻat kolleji) jamoasi ham mazkur anjuman doirasidagi tadbirlarda oʻz dasturlari bilan ishtirok etishi rejalashtirilgan.

– Milliy maqom sanʻati xalqimiz madaniy merosining ajralmas qismi hisoblanadi, – deydi Samarqand ixtisoslashtirilgan sanʻat maktabi katta oʻqituvchisi Husan Fayzullayev. – Bu sanʻat oʻzining boy qadimiy tarixi, teran falsafiy ildizlari, betakror badiiy uslubi va ijodiy anʻanalari bilan milliy musiqa madaniyatimizning asosini tashkil etadi. Afsuski, biz ana shu madaniy merosni oʻrganib, keng targʻib etish oʻrniga uni unutish darajasiga kelib qolgan edik. Mustaqillik tufayli yurtimizda milliy maqom sanʻatimizni oʻrganish, uni tadqiq etish imkoniyati paydo boʻldi. 

Bilim yurtimizda ushbu soha boʻyicha oʻquvchilarga saboq berish, kadrlar tayyorlash uchun rosa yelib-yugurganmiz. Nihoyat 1991-yilga kelib, bu harakatlarimiz oʻz samarasini berib, xalq cholgʻu asboblari boʻlimi qoshida maqom yoʻnalishi tashkil etilgan edi. Ushbu yoʻnalish boʻyicha oʻquvchilar vokal va xalq cholgʻulari boʻlimlaridan saralab olindi. Oʻsha paytda maqom ansambli uchun oʻquvchilar yetishmasligi sababli oʻqituvchilar ham xonanda va sozanda sifatida jalb etilgan edi. 1992-yilda bilim yurtimizda anʻanaviy ijrochilik boʻlimi tashkil etilgach, oʻquvchilar safi kengayib bordi. 1995-yilda ushbu boʻlimni birinchi qaldirgʻochlarimiz – 12 kishi bitirdi. Eʻtiborlisi, ularning uch nafari bilim yurtini bitirish arafasida Yunus Rajabiy nomidagi respublika tanlovi gʻolibi boʻldi. Ayni paytda ana shu 12 kishining barchasi taniqli xonanda va sozanda boʻlib yetishdi. Davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Ular orasida “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali ishtirokchisi va sovrindori boʻlganlar ham bor.

Bugungi kunda anʻanaviy ijrochilik boʻlimi muassasaning eng koʻp oʻquvchi oʻqiydigan, asosiy boʻlimlaridan biri hisoblanadi. Mazkur yoʻnalish oʻquvchilari respublika va xalqaro tanlovlarda ishtirok etib, yuqori natijalarga erishib kelmoqda. Oʻquvchilardan iborat ansambl esa har yili hisobot konsert berish bilan birga, viloyatda oʻtkazilayotgan bayram tadbirlarida faol ishtirok etib kelmoqda. Yaqinda Shahrisabzda oʻtkaziladigan Xalqaro maqom sanʻati anjumani uchun ham ular oʻz dasturini tayyorlagan.

– Prezidentimizning 2017-yil 17-noyabrdagi “Oʻzbek milliy maqom sanʻatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori maqom sanʻatini oʻrganish va keng targʻib etish, uning oʻziga xos ijro maktablari hamda anʻanalarni yangi bosqichda ravnaq toptirish, xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qiladigan tarixiy hujjat boʻldi, – deydi Husan Fayzullayev. – Qaror asosida oʻzbek milliy maqom sanʻati markazi, joylarda ham shunday markaz va namunali maqom ansambllari tashkil etilishi koʻnglimizdagi ish boʻldi. Shuningdek, endilikda pedagogik oliy taʻlim muassasalarining musiqiy taʻlim yoʻnalishida maqom sanʻati maxsus fan sifatida oʻqitiladi. Bolalar musiqa va sanʻat maktablari, ixtisoslashtirilgan sanʻat maktablari va akademik litseylarda maqom sanʻatini oʻqitish boʻyicha boʻlimlar faoliyati yanada kuchaytiriladi. Buning uchun zarur darslik, oʻquv qoʻllanma va ilmiy-uslubiy adabiyotlar yaratiladi. Toʻgʻrisi, bu chora-tadbirlarni biz yillar davomida orzu qilganmiz. Bugun esa orzularimiz roʻyobga chiqayotganini koʻrib, kuchimizga kuch, gʻayratimizga gʻayrat qoʻshilmoqda. Mazkur qaror asosida bu yil birinchi marta oʻtkazilayotgan va kelgusida har ikki yilda anʻanaviy tashkil etiladigan Xalqaro maqom sanʻati anjumani ham dunyo miqyosidagi nufuzli festivalga aylanishi shubhasiz. Milliy maqom sanʻatimizning boy tarixi va serqirraligi bunga toʻla imkon beradi.

Gʻ.Hasanov, OʻzA
2 908