O‘zA O`zbek

29.08.2018 19:08 Chop etish versiyasi

Milliy maqom sanʼati dunyo uzra yangraydi

Milliy maqom sanʼati dunyo uzra yangraydi XIV-XVI asrlarda Shahrisabz ilm va odob qubbasi sifatida shuhrat qozongan. Tarixiy manbalarda Amir Temur va temuriylar davrida bu yerga uzoq-yaqin yurtlardan koʻplab tolibi ilmlar, madaniyat va sanʼat namoyondalari kelgani, oʻzaro ijodiy hamkorlik qilgani haqida maʼlumotlar bor.

Bugun koʻhna Kesh muhim tarixiy voqeaga mezbonlik qilish arafasida. Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy yil 6-10 sentyabr kunlari Shahrisabz shahrida Xalqaro maqom sanʼati anjumani boʻlib oʻtadi. Ayni paytda anjumanga tayyorgarlik jarayoni qizgʻin davom etmoqda.

“Kesh” atamasi qalblarni yayratuvchi, dilkash kabi maʼnolarni ifodalashi tarixchilar tomonidan qayd etilgan. Shahrisabzning bugungi qiyofasi haqiqiy maʼnoda koʻngillarni yashnatib, koʻzlarni quvontirmoqda. Anjuman munosabati bilan tarixiy maskan Amir Temur xiyoboni oʻzgacha qiyofa kasb etgan. Oqsaroy atrofidagi maydonlar, hududlar kesimida taqsimlanib, milliy anʼana va qadriyatlarimizni aks ettiruvchi ssenariy va dasturlar lavhalari ustida ish olib borilmoqda. Sahna dekoratsiyasi va maydonni obodonlashtirish ishlari avjida. Qoʻshimcha chiroqlar va dekoratsiyalar uchun maxsus yoritgichlar oʻrnatilmoqda. Bu jarayonda 1000 nafarga yaqin ishchi ishtirok etmoqda.

– Oqsaroyning tarixiy qismida qadim ota-bobolarimiz turmush tarzini aks ettiruvchi etno shahar barpo etishga harakat qildik, – deydi Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Azamat Sattorov. – Buning uchun etno shahar ichida oʻziga xos, maqom sanʼati bilan bir davrda shakllangan amaliy sanʼat turlari, xalq turmush tarzi bilan bogʻliq etnografiyani qisman jamlashga urindik. Iloji boricha qadimiy etnografiyadan koʻproq yigʻishga, xorijlik mehmonlarni asl nusxalardan bahramand etishga eʼtibor qaratyapmiz.

Anjuman doirasida ilmiy simpozium, jahon maqom sanʼati va oʻzbek maqom sanʼati ustalari ishtirokidagi chiqishlar, yosh maqom ijrochilari tanlovi, shuningdek, ilmiy-ijodiy taqdimotlar, davra suhbatlari va boshqa barcha tadbirlarbelgilangan dasturlar asosida tashkil etiladi. Buning uchun alohida pavilonlar ajratilgan. Forumni yuqori saviyada oʻtkazish maqsadida 1 ming 600 kishilik maxsus amfiteatr barpo etilmoqda. Anjumanning ochilish marosimi badiiy dasturida rejissyor Bahodir Yoʻldoshev tavsiyasiga koʻra, Buxoro, Xorazm, Toshkent va Fargʻona maqom yoʻnalishlari boʻyicha viloyatlar maqom ansambllarining chiqishlari, musiqiy kompozitsiyalar rejalashtirilmoqda. Shuningdek, shahrisabzlik yosh maqomchilarning ijrolari va Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambli tomonidan “Shashmaqom”ning dunyoda eʼtirof etilgan 6 shoʻʼba tarmogʻi – “Buzruk”, “Rost”, “Navo”, “Dugoh”, “Segoh”, “Iroq” maqom namunalaridan kompozitsiyalar namoyish etilishi koʻzda tutilgan.

– Maqom ansamblimiz 7 kishidan iborat, – deydi fargʻonalik ishtirokchi Sherali Rahmonov. – Maqsadimiz fargʻonacha yoʻnalishdagi qoʻshiqlarimiz bilan butun dunyoga sanʼatimizni namoyon etish. Anjumanga Sarohvori buzrukdan “Nasrulloiy” ashulasini taronalari bilan tayyorlab kelganmiz. Ustozlarimiz orzu qilgan kunlarga bugun biz shogirdlar erishib turganimizning oʻzi baxt. Maqom sanʼatiga qaratilayotgan eʼtibordan gʻoyat minnatdormiz. Nasib etsa, yuraklarni junbushga keltiruvchi ijrolarimiz bilan ishtirokchilarni xushnud etishga tayyormiz.

Oʻlmas Barotov, OʻzA
1 606