O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

11.09.2018 12:20 Chop etish versiyasi

Milliy kutubxonada “Ochiq eshiklar haftaligi” boshlandi

Milliy kutubxonada “Ochiq eshiklar haftaligi” boshlandi

Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi qariyb 150 yillik tarixga ega. 2011-yili mazkur kutubxona zamonaviy, xalqaro standartlarga toʻla javob beradigan yangi binoda ish boshladi.

Kutubxonadagi mavjud sakkiz yuz ellik oʻrinli 11 oʻquv zali zamonaviy jihozlangan. Boy adabiyot fondi, katalog va kartotekalardan tashkil topgan maʼlumot-qidiruv apparati, tabaqalashgan va yuqori malakali kutubxona-bibliografik xizmat koʻrsatishning qulayligi foydalanuvchilarga manzur boʻlmoqda. Bu yerda axborot-kutubxona resurslaridan foydalanish uchun mamlakatimizning har qanday joyidan turib murojaat qilish, shuningdek, yetakchi xorijiy axborot-kutubxona fondlarining maʼlumotlar bazasiga ulanish, xalqaro amaliyotda tajribadan oʻtgan xizmat koʻrsatish shakllari va ilgʻor dasturiy mahsulotlardan foydalanish mumkin.

Kutubxonaning http://www.natlib.uz rasmiy sayti xizmatlar va faoliyat yoʻnalishlari, yangiliklar, tashkil qilinadigan tadbirlar anonsi kabi axborotlar bilan tanishish imkonini beradi.

Yangi oʻquv yili boshlanishi munosabati bilan 10-14-sentabr kunlari tashkil etilgan “Ochiq eshiklar haftaligi”da tanishuv ekskursiyasi uyushtirilib, kitobxonlar kutubxonaning ana shunday imkoniyatlari bilan tanishtirilmoqda. Kutubxonaga tashrif buyurgan foydalanuvchilar orasida soʻrovnoma oʻtkazilib, ularning fikri oʻrganilmoqda. “Sevimli kitobingni tavsiya et”, “Adabiy ustaxona” singari loyihalar ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotmoqda.

Mohigul Qosimova, OʻzA