O‘zA O`zbek

15.08.2018 20:13 Chop etish versiyasi

Milliy kino: sifat va sarmoya

Milliy kinematografiya sohasida ijobiy o‘zgarishlar davri kechmoqda. Mutaxassislar e’tiroficha, Prezidentning shu yil 24 iyulda qabul qilingan “Milliy kinoindustriyani rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida milliy kino san’atida muhim burilish davri boshlandi.

Xalqaro press-klubning “Milliy kinoindustriyani rivojlantirish: tarixiy an’analar, muammolar, yangicha badiiy sifat va maqsadli sarmoyalar” mavzuidagi sessiyasida bu haqda fikr-mulohazalar bildirildi. Unda “O‘zbekkino” milliy agentligi bosh direktori Furqat Zokirov, Agentlikning birinchi o‘rinbosari Shuhrat Rizayev va boshqalar sohaga qaratilayotgan e’tibor kino mutaxassislari zimmasiga katta mas’uliyat yuklayotganini ta’kidladi.

2017 yil 3 avgustda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tkazilgan ijodkor ziyolilar va 29 dekabrda “O‘zbekkino” milliy agentligi rahbarlari ishtirokidagi yig‘ilishda kino san’ati rivoji, muammo, uning yechimlari borasida so‘z yuritilgan edi. O‘tgan yilning 7 avgustida esa “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi. Belgilangan vazifalar va qabul qilingan hujjatlar ijrosini ta’minlash maqsadida sohada bir qator islohotlar o‘tkazildi.

Shulardan kelib chiqib, “O‘zbekkino” milliy agentligi qoshidagi Badiiy kengash tomonidan e’lon qilingan 2018 yilga mo‘ljallangan kinoloyihalar tanlovida avvalgilaridan farqli o‘laroq, tarixiy mavzudagi kinoloyihalar salmoqli o‘rin egalladi. Badiiy kengash tomonidan tasdiqlangan va ishlab chiqarishga tushirilgan 23 ta badiiy filmning 11 tasi tarixiy mavzudadir. “Imom Abu Iso Termiziy”, “Elparvar”,“Said va Saida”,“Berlin – Okqo‘rg‘on” kabi kinoloyihalar o‘zligimizni yanada yaxshiroq anglashga, tariximizni o‘rganishga, ajdodlarimizning hayoti bilan yaqindan tanishishga xizmat qiladi.

Joriy yilda turli mavzu va yo‘nalishlarda 64 ta film tomoshabinlar e’tiboriga havola etilish arafasida. Shulardan 23 tasi to‘liq metrajli, 4 tasi qisqa metrajli, 26 tasi hujjatli va 7 tasi multiplikatsion filmlar va “Zumrasha” bolalar hajviy kinojurnali to‘plamlaridir.

“Islomxo‘ja” badiiy publitsistik filmining tasvirga olish ishlari yakunlanib, katta ekranlardagi namoyishiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Mazkur filmning jurnalistlar uchun taqdimoti ham o‘tkazildi.

“Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” DUK tomonidan hozirda 26 nomdagi tarixiy, iqtisodiy-ijtimoiy, harbiy-vatanparvarlik, ilmiy-madaniy jarayonlarni yorituvchi, mustaqillikni mustahkamlashga hissa qo‘shgan, hayot yo‘li yoshlarga namuna bo‘ladigan zamondoshlarimiz haqida hikoya qiluvchi hujjatli filmlar suratga olinmoqda. Ularning 7 nomdagisi katta ekranlarda namoyish etildi. “Kino san’ati” nomli jurnalning ilk soni tayyorlandi.

Qirg‘iziston kinoijodkorlari bilan hamkorlikda “Sarvqomat dilbarim”, Hindistonning yirik kompaniyalaridan biri bilan hamkorlikda “Shodu xurramlik” kabi badiiy filmlarni suratga olish ishlari boshlab yuborilgan.

Mohigul Qosimova, O‘zA
2 406