O‘zA O`zbek

10.10.2018 07:30 Chop etish versiyasi

Milliy auditni rivojlantirish – muhim masala

Toshkent moliya institutida Oʻzbekiston Respublikasida auditorlik faoliyatini yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlariga bagʻishlangan anjuman boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan Prezidentimizning 2018-yil 19-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida auditorlik faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda auditni rivojlantirish, auditorlik xizmatlari sifatini oshirish va auditorlik tashkilotlari faoliyati natijalari boʻyicha maʼlumotlar berildi.

Taʼkidlash kerakki, oʻtgan yillar mobaynida mamlakatimizda auditorlik xizmatlari bozori shakllantirilib, auditning meʼyoriy-huquqiy va uslubiy bazasi yaratildi. Bunda koʻplab mahalliy auditorlik tashkilotlarining rivojlanishi hamda yirik auditorlik kompaniyalarining xalqaro tarmoqlarga qoʻshilishi, Auditorlar respublika jamoat birlashmalarining jahon auditorlik hamjamiyatlari tomonidan eʼtirof etilishi muhim ahamiyat kasb etdi.

Bugungi kunda tadbirkorlikning alohida sohasi sifatida auditorlik faoliyati rivojlanib borayotganini qayd etish joiz. Shu yilning 1-sentyabr holatiga koʻra, mamlakatimizda 100 ta auditorlik tashkiloti mavjud boʻlib, ulardan 75 foizi 10 yildan ortiq ish tajribasiga ega. 18 tasi esa yirik xalqaro tarmoq va assotsiatsiyalar aʼzosi hamdir.

– Mamlakatimizda bozor islohotlarini demokratlashtirish va iqtisodiyotni liberallashtirish jarayonlarining keskin rivojlanishi auditning xalqaro standartlari asosida milliy auditni yanada rivojlantirish zaruratini yuzaga keltirdi, – dedi Moliya vazirligining buxgalteriya hisobi va audit uslubiyoti boshqarmasi boshligʻi Xudoybergan Ortiqov. – Shu bois davlatimiz rahbarining yuqorida qayd etilgan qarori ijrosi doirasida Moliya vazirligi, buxgalterlar va auditorlarning professional jamoat tashkilotlari tomonidan auditorlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish, ushbu sohada hamkorlikni kuchaytirishga katta eʼtibor qaratilgan. Bugungi tadbir ham bu kabi ishlarning mantiqiy davomi boʻlib, unda ayni masala yuzasidan qilinayotgan ishlar va rejalar haqida ishtirokchilarga maʼlum qilindi.


Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA
1 033