Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

26.09.2017 10:38 Chop etish versiyasi

Milliy armiyamiz – tinchligimiz qalqoni

Milliy armiyamiz – tinchligimiz qalqoni Mamlakatimiz mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasida Qurolli Kuchlarimizning moddiy va ma’naviy qiyofasi yangilandi. Zamon talablariga javob beradigan tezkor, ixcham, zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta’minlangan milliy armiyamiz barpo etildi. Milliy armiyamizning jangovar qudratini yuksaltirish, harbiylarning professional malakasini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Farg‘ona viloyati shahar va tumanlarida bo‘lib o‘tayotgan “Vatan himoyasi – muqaddas burch” shiori ostidagi harbiy-vatanparvarlik tadbirlarida bu alohida ta’kidlanmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri Farg‘ona shahrida bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida harbiylarning ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi. Baquvvat, o‘ktam yigitlarning bir safda shaxdam qadamlar bilan Vatan, tinchlik va do‘stlikni tarannum etuvchi qo‘shiqlar kuylab o‘tishi, ayniqsa, ishtirokchi yoshlarning havasini keltirdi, olqishlarga sazovor bo‘ldi.

– Tadbir menda katta taassurot qoldirdi, – deydi Farg‘ona davlat universiteti qoshidagi 3-akademik litsey o‘quvchisi Otabek Sobirov. – Harbiylarning kelishgan qomati, yuzida ufurib turgan o‘ziga ishonch menda havas uyg‘otdi. Ayniqsa, jangovar mashqlar jarayoni, o‘qotar qurollar bilan ishlashda harbiy akalarimning mahoratiga qoyil qoldim.

Shuningdek, tadbirda mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti qoshidagi to‘garaklarning ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi.

– Men olti yildan buyon “Aviatexnik” to‘garagiga qatnashaman, – deydi sanoat kasb-hunar kolleji 3-bosqich o‘quvchisi Nodirbek Abdullayev. – Samolyotsozlik sohasi juda qiziqarli va ko‘p qirrali. Men har bir saboqdan o‘zim uchun kerakli xulosa chiqaraman. Ko‘plab ko‘rik-tanlovlarda qatnashganman, o‘zim yasagan samolyotlar parvozi yoshlarning sohaga qiziqishini oshirganini ko‘rsam, qilayotgan ishimdan xursand bo‘lib ketaman. Hozir ustozim bilan masofadan turib boshqariladigan yangi modellar ustida ish olib borayapmiz.

Tadbir yakunida ishtirokchilar harbiy qismlar tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmalar bilan yaqindan tanishdi, ko‘chma harbiy oshxonada tayyorlangan taomlardan bahramand bo‘ldi. San’atkorlar ishtirokidagi konsert dasturi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA
680






Все о погоде - Pogoda.uz