O‘zA O`zbek

22.10.2019 Chop etish versiyasi

Millatning suyanch togʻi


photo5294052495678614571.jpg— Men bugun “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonga imzo chekdim. Unga binoan “Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilingan kunning ulkan tarixiy oʻrni va ahamiyatidan kelib chiqqan holda, 21-oktyabr sanasi yurtimizda “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb belgilandi!

Mamlakatimiz rahbarining ana shu soʻzlari yangragan chogʻi poytaxtimizdagi endigina qurib, ishga tushirilgan va ilk bor bir necha ming mehmonni bagʻriga olib turgan Xalqaro Kongress markazining hashamatli saroyi ilkis qalqib ketgandek boʻldi. Ulugʻvor koshona baxtiyor qalblarning tub-tubidan qaynab-toshib chiqayotgan shodiyona tuygʻular jarangiyu qarsaklar toʻfoniga koʻmilib ketdi. Chehralar sevinchdan lovulladi. Hamma xursand, hamma baxtiyor. Men ham suyunchlar ichimga sigʻmay atrofga boqaman. Yonginamda akademik musavvir Akmal Nur qoʻllarini keng yozgan koʻyi shu qadar shavq bilan qarsak chalyaptiki, hozir bir soʻz desang, naqd uchib ketadigandek! Izzatli olim va taniqli jamoat arbobi Oqil Salimov qarsak chala turib, safdoshi Ismoil Joʻrabekovga allanimalarni uqtiryapti. Kozim Toʻlaganov esa Baxtiyor Sultonovga bir nimalar demoqda. Sal narida turgan Ibrohim Gʻafurovning koʻzlarida yosh yaltiraganday...

Rost, bunday shukuhli damlarda behayajon turishning mutlaqo iloji yoʻq. Qalbida millatiga, yurtiga, muqaddas ona tiliga muhabbati mavjud odam borki, hayajonsiz turolmaydi. Yoshu qari, butun millat, butun Oʻzbekiston – roʻyu raiyyat, hamma-hamma - necha yillar mobaynida intiqib kutgan edi-da, axir, bu lahzalarni. Garchand, ona tilimizga davlat maqomi berilganidan beri oradan oʻttiz yil oʻtgan esa-da, aslo sir emas, koʻp joylarda uning qaddi-basti hali-hanuz nochor, chehrasi soʻlgʻin, egni qisiq edi. Oʻz uyida boshqa tillarga egilib salom berib turishlariga ham koʻnikib qolgandik, hatto.

Prezidentimizning Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida “gi Qonuni qabul qilinganining oʻttiz yilligiga bagʻishlab oʻtkazilayotgan tantanadagi maʼruzasida aytilgan yuqoridagi xushxabar, yaʼniki, 21-oktyabrni yurtimizda “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb eʼlon qilinishi, shuning uchun ham muazzam saroydagilarni qalqitib yubordi.

Toʻgʻri-da, ildizi Oʻrxoʻn – Enasoy bitiklaridan ham nariga oʻtib ketgan, Mahmud Qoshgʻariy, Yusuf xos Hojib, Alisher Navoiy, Mirzo Bobur kabi yuz-yuzlab ulugʻ daholarni dunyoga bergan, Yer yuzidagi eng qadimiy tillar qatoridagi oʻzbek tilimizni bugundan eʼtiboran har yili KAT-TA bayram qilamiz-u, toʻlqinlanmay boʻladimi?!

Buning ustiga Prezidentimizning “Oʻzbek tilining Davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonini aytmaysizmi?! Bugun matbuotda eʼlon qilingan bu hujjat ham chin maʼnoda tarixiydir. Unda oʻzbek tilining oʻmganini koʻtarguvchi jami savolu muammolarning javoblari topib, joy-joyida koʻrsatib berilganki, mana buni endi hech beishtiboh butun millat qalbida ancha yillardan beri ushalmay armon boʻlib kelayotgan ezgu niyatlarning afif aʼmoli, desa arziydi.

Endi ona tilimizning buguni, ertasi, olis kelajagi bilan shugʻullanadigan, uning taqdiriga javob beradigan masʼul idora – Davlat tilini rivojlantirish boʻyicha alohida tuzilma tashkil etiladi. Respublika Vazirlar Mahkamasida tashkil etiladigan mazkur tuzilma davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishini doimiy ravishda nazorat qiladi, sohaga doir muammolarni tahlil qilib, yagona davlat siyosatini amalga oshirishni taʼminlaydi. Tilimizning musaffoligini saqlash barobarida, globallashuv sharoitida lutfimizga kirib kelayotgan fan-texnika-yu, boshqa sohalarga oid yangi tushunchalar, soʻzlar va iboralarning oʻzbekcha zamonaviy muqobilini topadi. Shu munosabat bilan yangi soʻz va atamalarni rasmiy isteʼmolga kiritish borasidagi ishlarni tartibga soluvchi Atamalar komissiyasi tuziladi.

Farmonda hozir yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari ahil-inoq umrguzaronlik qilib kelayotgani, ularga oʻz ona tilini, urf-odat va qadriyatlarini rivojlantirish uchun ham mislsiz gʻamxoʻrliklar qilish lozimligi koʻrsatilganki, Oʻzbekistonning bunday bagʻri kenglik siyosati oʻlkamizdagi barcha vatandoshlarimizga olam-olam quvonch bagʻishlaydi.

Yana bir muhim masala - til toʻgʻrisidagi amalda boʻlgan Qonun ham bugungi kun talablariga toʻla mos kelmasligi, uni takomillashtirish zarurligi ham farmonda taʼkidlangan.

Ayonki, hayot bugun davlat va jamiyatning barcha sohalarida ona tilimizning mavqeini oshirishni talab qilayotir. Xususan, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, meditsina, harbiy soha, bank-moliya, yurisprudensiya, fundamental tadqiqotlar kabi yana koʻplab tarmoqlarda oʻzbek tilini qoʻllanish doirasini kengaytirish birinchi galdagi vazifa boʻlib turibdi. Bundan tashqari, darsliklar, lugʻatlar, soʻzlashuv qoʻllanmalari, oʻzbek tilining kompyuter dasturlarini, elektron lugʻatlarni, onlayn darsliklarni yaratish, joy nomlarini belgilash, maʼnaviyatimizga yot mazmun va shakllardagi turli-tuman reklama va lavhalarning xorijiy tillarda aks ettirishga yoʻl qoʻymaslik kabi yumushlarni qay yoʻsinda amalga oshirish yoʻllari ham farmonda koʻrsatib berilgan.

Oʻzbekistonimiz yaqinginada Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashiga aʼzo boʻlib kirganida million-million vatandoshlarimiz qatori men ham faxru iftixorga toʻlgan edim. Bugun, muhtaram Prezidentimizning oʻzbek tilining shonu shavkatiga bagʻishlangan tarixiy maʼruzasi va farmonidan keyin butun millatning koʻksi togʻday koʻtarildi. Illo, til – jumlayi jahonning hamma mamlakatlarida millatning suyanch togʻidir.

Abdusaid KOʻCHIMOV


590
O'zA