Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.10.2017 16:01 Chop etish versiyasi

Millatlararo totuvlik – farovonlik asosi

Mamlakatimizga tashrif buyurgan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining din va e’tiqod erkinligi masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shahid boshchiligidagi delegatsiya a’zolari 6-oktabr kuni Farg‘ona viloyatida bo‘ldi.

Yurtimizda turli dinlarga mansub qadriyatlarni asrab-avaylashga, fuqarolarning o‘z diniy marosimlarini emin-erkin ado etishi uchun zarur sharoit yaratishga, dinlar va millatlararo hamjihatlikni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. E’tiqod va vijdon erkinligiga doir kafolatlar Bosh qomusimiz va qonunlarimizda qat’iy belgilab qo‘yilgan.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, yon-atrofimizda xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Ahmad Shahid boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Farg‘ona viloyati hokimi Sh.G‘aniyev bilan uchrashdi. Unda viloyatda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Bugungi kunda Farg‘ona viloyatida 7 milliy madaniy markaz faoliyat ko‘rsatmoqda. Barcha millatlar vakillariga o‘z tili, urf-odat, an’ana va qadriyatlarini asrab-avaylash, rivojlantirish uchun teng imkoniyatlar yaratilgan. "Navro‘z", “Sabanto‘y”, “Maslenitsa”, “Tano” kabi bayram va boshqa milliy marosimlar turli millat vakillari ishtirokida keng nishonlanadi. Mahallalar, turli madaniyat maskanlari, ta’lim muassasalarida tashkil etilayotgan tadbirlar millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlashda muhim omil bo‘layotir.

An’anaviy o‘tkazib kelinayotgan “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” shiori ostidagi do‘stlik festivali ham madaniyat va an’analarni yanada rivojlantirish, yoshlar ongi va qalbida milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini yuksaltirishda alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Farg‘ona shahridagi Milliy madaniy markazda yaratilgan sharoitlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Ahmad Shahid boshchiligidagi delegatsiya a’zolari viloyatdagi milliy madaniy markazlar va diniy konfessiyalar vakillari bilan ham uchrashdi. Muloqotda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan milliy madaniy markazlar erishayotgan yutuqlar, o‘zaro do‘stlik va hurmat rishtalarini mustahkamlash yo‘lidagi ishlarning ahamiyati hamda diniy konfessiyalarning samarali faoliyati alohida qayd etildi.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
1 682






Все о погоде - Pogoda.uz