Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

19.10.2017 16:42 Chop etish versiyasi

Millat ruhi, g‘ururi va tafakkuri ona tilida aksini topadi

Til o‘zaro muomala, aloqa vositasi, tafakkur quroli. Dunyo xalqlari uchun o‘z ona tili bebaho qadriyat, millat g‘ururi. Til millatning ongi va xotirasi, ruhiyati, ma’naviy-madaniy qiyofasi, milliy qadriyatlari, o‘tmishi, tashqi olamga munosabatining in’ikosi hamdir. Tilning millat, davlat, jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni juda muhim, o‘ta zaruriy va dolzarb. Zero, bu tushunchalar o‘zaro dialektik bog‘liq va aloqador. Millat, davlat, jamiyat taraqqiy qilar ekan, uning ona tiliga bo‘lgan e’tibori va mehri kuchaya boradi. Ijtimoiy hayotdagi taraqqiyot tildagi taraqqiyotni belgilab beradi.

O‘zA muxbiri Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, filologiya fanlari doktori, professor Shuhrat Sirojiddinov bilan ushbu mavzuda suhbatlashdi.

– Har bir xalq tilining rivojlanish tarixi ijtimoiy hayoti, turmush tarzi va dunyoqarashiga bog‘liq kechadi. O‘zbek tili o‘zining rivojlanish tarixida bir qancha bosqichlarni bosib o‘tdi. Ajdodlarimizning ulkan aqliy salohiyati bilan yaratilgan asarlar, ularda ifodalangan purhikmat fikrlar, ta’limiy-tarbiyaviy qarashlar bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas, – deydi Sh.Sirojiddinov. – Zamon shiddat bilan o‘zgarmoqda. Hayotimizga har kuni ko‘plab yangiliklar kirib kelmoqda. Turmush tarzimiz, dunyoqarashimiz, fikrlashimiz, yurish-turishimiz, kiyinishimiz, muomala-munosabatlarimizda zamonga moslashish, unga hamnafaslikda yashash yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Har bir sohada evrilish, tub islohotlar jarayoni jadal kechmoqda. Kasb-korlar, mutaxassisliklar takomillashmoqda.

Bu jarayondan milliy qadriyatlarimizning boqiy timsoli sanalgan ona tilimiz ham chetda qolmayapti. Ona tili va uni o‘qitishda boshqalar havas qilsa arzigulik yutuqlarni qo‘lga kirityapmiz. Ko‘chalardagi yozuvlar, binolardagi peshlavhalar, Mustaqillik shiorlari bag‘rikeng va ulug‘ xalqimiz orzu qilgan ezgu maqsadlarning yorqin ifodasi sifatida ko‘zimizni yashnatib turibdi.

“O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” degan yozuvni o‘qiganimizda, Toshkent metrosi bekatlarida yoki “O‘zbekiston havo yo‘llari” xalqaro laynerlarida o‘zbekcha lutf jarangini eshitganimizda kayfiyatimiz ko‘tariladi, o‘zbekligimizdan faxrlanib ketamiz. “Afrosiyob” tezyurar poyezdida xorijlik mehmonlarning o‘zbekcha gapirishga uringanini ko‘rganimizda, xalqaro musobaqalarda, anjumanlarda baralla yangrayotgan o‘zbekcha kalomlar qulog‘imizga chalinganda betakror va jozibador ona tilimiz borligidan qalbimizda cheksiz g‘urur-iftixor sezamiz.

– Tilning davlat tili maqomida bo‘lishi shu davlatning mustaqilligini ko‘rsatuvchi muhim shartlardan biri. Shu ma’noda mustaqil taraqqiyotimiz yillarida o‘zbek tiliga bo‘lgan e’tibor haqida gapirib bersangiz.

– E’tibor bering, bugun yer yuzida 7000 ga yaqin til va lahja bo‘lsa, ulardan bor-yo‘g‘i 178 tasi davlat tili maqomiga ega. Ular orasida o‘zbek tili ham borligi bizning baxtimiz, faxrimizdir.

1989-yilning sentyabr-oktyabr oylarini bir yodga olaylik... Axir, bu davr sobiq tuzumning “qamchisidan qon tomib turgan” vaqt edi. Shunga qaramasdan, Birinchi Prezidentimiz o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish tashabbusi bilan chiqib, uni kuchli iroda va qat’iy jur’at bilan himoya qilib, “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishiga erishdi. Dunyo xalqlari yangi davri tarixini kuzatsak, ularning ko‘pchiligi milliy mustaqilligi uchun kurashni o‘z ona tiliga davlat tili maqomini berish harakatidan boshlaganining guvohi bo‘lamiz. Angliyaning Osiyodagi, Fransiyaning Afrikadagi, Ispaniyaning Amerikadagi mustamlakalari bo‘lgan davlatlarda ona tiliga davlat tili maqomi berish uchun kurash uzoq yillar davom etgan. Shuning uchun bu qonunni mustaqilligimiz yo‘lidagi dastlabki qadamlardan biri, ulkan siyosiy, tarixiy voqea sifatida e’tirof etishimiz, ona tilimizning qadriga yetishimiz zarur.

Mustaqillik yillarida o‘zbek tilining huquqiy asoslari mustahkamlanib, qo‘llanish doirasi nihoyatda kengaydi. Bu davrda o‘zbek tili ijtimoiy hayotning barcha sohasiga erkin kirib bordi. Bugungi kunda milliy tilimiz siyosiy, madaniy, iqtisodiy sohalarda, ilm-fan, sport, harbiy tizimda keng qo‘llanilmoqda. Ayniqsa, ilmiy, ilmiy-ommabop, badiiy asarlarni o‘zbek tilida, yangi alifboda chop etish va keng targ‘ib qilish siyosati ona tilimizga bo‘lgan hurmatni yanada yuksaltirdi.

O‘tgan 28 yilga nazar tashlasak, milliy tilimizga munosabat va e’tiborning qanchalik o‘zgarganiga guvoh bo‘lamiz. Eng quvonarlisi, o‘zbek xalqi o‘z milliy tilida xoh yozma, xoh og‘zaki shaklda bo‘lsin, erkin fikr bildira oladi. O‘zbek tiliga e’tiborning yana bir namunasi sifatida 2016-yili Birinchi Prezidentimiz tomonidan “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi tarixiy farmonning imzolanganini ko‘rsatish mumkin.

Istiqlol yillarida lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosining joriy etilishi mamlakatimizda til va yozuv masalasiga alohida e’tibor qaratilganidan dalolat beradi. O‘tgan davr mobaynida tilimizning sofligini ta’minlash, uni rivojlantirish, e’zozlash, hurmat qilish yo‘lida juda ko‘p ishlar amalga oshirildi. O‘zbek tilshunos olimlarining ulkan mehnati va jonkuyarligi tufayli fundamental asar – 80 ming so‘z va iboradan tashkil topgan 5 tomlik “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” dunyoga keldi. Unda o‘zbek xalqining lug‘at boyligi jamlangan, bir so‘z bilan aytganda, bu lug‘at tilimizning “tilla sandig‘i”dir. So‘nggi yillarda deyarli barcha sohalarga oid terminlar lug‘atlari yaratildi. O‘zbek va boshqa tillarni qiyoslashning samarasi sifatida ikki va undan ortiq tilli tarjima lug‘atlari dunyo yuzini ko‘rdi. O‘rta umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari hamda oliy o‘quv yurtlari uchun darsliklar, o‘quv qo‘llanmalarning yangi avlodi yaratildi

– Shuhrat aka, ham mutaxassis, ham jonkuyar inson sifatida sizning ona tilimizning yanada jozibador bo‘lishi, uni takomillashtirish borasidagi fikrlaringiz qanday? Qanaqa muammolar bor?

– Til borasidagi yutuqlar bilan bir qatorda muammolarimiz ham mavjud. Ular asosan “Davlat tili haqida"gi qonunning ijrosi bilan bog‘liq.

O‘tgan davr mobaynida mazkur qonun moddalarida belgilangan tadbirlar asosan o‘z muddatlarida bajarildi. Mamlakatimiz hududida o‘zbek tilida ish yuritishga o‘tildi. Tumanlar, mavzelar, ko‘chalar, madaniyat va istirohat bog‘lari, yer osti qatnov yo‘llariyu metro bekatlari o‘zbekcha nomlandi. Ammo hali-hanuz “Davlat tili haqida”gi qonunning ijrosi bo‘yicha ayrim kamchiliklarimiz bor. Bu borada amalga oshirish zarur bo‘lgan vazifalar talaygina. Shahar va qishloqlarimizni, ko‘chalarimizni kezar ekansiz, nomlar, peshlavhalar, shiorlarni ko‘rib, hayratdan yoqa ushlaysiz. Mutasaddilarning, shu korxona va tashkilotda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizning didiga, farosatiga, ona tiliga bo‘lgan munosabatiga qo‘shtirnoq ichida "tahsinlar" aytasiz. Ma’nosiz nomlar, to‘mtoq jumlalar, o‘zboshimchalik bilan qilingan tarjimalarni, yasama so‘zlarni ko‘rib ensangiz qotadi.

O‘zbek tili dunyodagi eng boy va go‘zal tillardan biri. Uning boyligini suiiste’mol qilish, to‘g‘ri kelgan-kelmagan so‘zlarni qo‘llash ona tilimizga nisbatan juda katta e’tiborsizlik, loqaydlik sanaladi. O‘z do‘konlariga, firma va korxonalariga “Bala-bala detskiy magazin”, “Atы-batы”, “Stilyaga”, “Salon krasotы Adam i Yeva” kabi nomlarni qo‘yib olgan yurtdoshlarimizni o‘zbek tilining nufuzi qiziqtirmagani aniq.

Peshlavhalari va reklamalaridagi imloviy, uslubiy xatolar juda ko‘p kuzatilgan inshootlar asosan savdo-sotiq, aholiga turli xizmatlarni ko‘rsatuvchi, umumiy ovqatlanish, to‘yxona kabi ob’ektlardir. Eng achinarlisi, ularning ko‘pchiligi yevropacha nomlar bilan atalgan. O‘zbek tilida 80 mingta so‘z va ibora mavjud bo‘lgani holda ob’ekt egalari ularga o‘zbekcha nom topa olishmagan. Mayli, xorijiy tilda ham bo‘lgani yaxshi, ammo, avvalo, o‘zbek tilida, so‘ng uning yonida boshqa tilda bo‘lishi maqsadga muvofiq emasmi?!

Tijorat mazmunidagi reklama va turli e’lonlardagi xato matnlarni o‘qib, dilingiz xufton bo‘ladi. Ularning o‘zbekchada berilgan tarjimalari uslubiy xatolarga to‘la. To‘g‘ridan-to‘g‘ri, so‘zma-so‘z tarjima qilinganligi sababli mantiqiy xatoliklar ham uchrab turadi. Juda ko‘p o‘rinlarda qonunning 20-moddasiga, ya’ni yozuvlar avvalo davlat tilida berilishi, keyin boshqa tillarga tarjima qilinishi zarurligiga amal qilinmagan. Ularning ko‘pchiligi rus va ingliz tillarida berilgan. Albatta, hech kim taraqqiyotga, xorijlik mehmonlar uchun tushunarli yozuvlar bo‘lishiga qarshi emas. Biroq faqat o‘zini o‘ylagan millat yutqizadi. Shu ma’noda xorijiy tillarni o‘rganish, dunyo bilan tillashish, albatta, hammamiz uchun kerak. Internet, kompyuter, lizing, marketing, kollej, litsey, modernizatsiya, fleshka, klik singari leksemalarning tilimizda qo‘llanilishining qonuniy asoslari bor. Ammo bachkana, o‘zbek tiliga hech qachon o‘zlashmaydigan so‘zlarni qo‘llash, ularni o‘z firma va korxonalari nomiga qo‘shish, reklama sifatida foydalanish, bilmadim, tilning qaysi qoidalariga to‘g‘ri kelar ekan?! Chetdan kirgan so‘zlarni o‘rinsiz ishlataverish til taraqqiyoti uchun aks ta’sir ko‘rsatishi mumkin. “Bistro Bek”, “Lola Burger”, “Chayxana Babay” kabi nomlar ona tilimizni boyitish uchun emas, aksincha, siyqalashtirish uchun xizmat qilishdan boshqaga yaramaydi.

O‘ylanib qolasan kishi. Nima uchun turli nazorat organlarining ekspertiza markazlari, laboratoriyalari boru, tilni, matn va tarjimalarni ekspertiza qilib beradigan, uning yaroqli yoki yaroqsizligini nazorat qiladigan tashkilot yo‘q. Men “Lingvistik va tarjima ekspertiza markazi” ochilishini orzu qilaman. Barcha reklama beruvchilar, peshlavha buyurtmachilari uchun ekspertiza markazining xulosasi va tasdiqlangan variantini olish majburiy bo‘lishi va undan so‘ng buyurtma bajarilishi kerak. Shundagina bu muammo bartaraf etilgan bo‘ladi.

– Bugun universitetda nima gaplar, qanday yangiliklar?


– Shu kunlarda ish qizg‘in kechmoqda. Rejalarimiz, maqsadimiz ko‘p. Universitet olimlarining ilmiy tadqiqotlarini farmonda belgilangan vazifalar ijrosiga yo‘naltirish maqsadida O‘zbekshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi. Ushbu markazda Markaziy Osiyoning qadimgi yozuv madaniyatiga taalluqli xorazmiy, so‘g‘diy, baqtriy va qadimgi turkiy yozma yodgorliklariga oid manbalarni qayta ko‘rib chiqish va uzoq yillar davomida xorij olimlari tomonidan ilgari surilgan biryoqlama qarashlarga xolis munosabat berish bo‘yicha dastlabki izlanishlar olib borilmoqda. Dekabr oyida dunyoning yetakchi turkolog olimlari ishtirokida “O‘zbek tilining jahon turkologiyasidagi maqomi va xalqaro hamkorlik istiqbollari” mavzuida anjuman o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. Yaqinda o‘z nashriyotimizni ro‘yxatdan o‘tkazdik. Yangi yildan “Oltin bitiklar” nomi bilan nashr etiladigan jurnalimiz xalqimizning nodir yozma adabiy yodgorliklari matni va ularga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqotlar natijalarini e’lon qilib boradi. Shuningdek, o‘zbek, ingliz va rus tillarida chop etiladigan “O‘zbekiston: til va madaniyat” nomli universitet ilmiy axborotnomasi ham jahon ilmiy jamoatchiligini yurtimizda til va adabiyot hamda madaniy-ma’naviy hayotimiz tarixi bilan bog‘liq ilmiy ishlar bilan tanishtirib borishga mo‘ljallangan.

Amaliy harakatlarimizdan yana biri o‘zbek tilining xalqaro jozibadorligini oshirishga qaratilgan. Universitetimizda xalqaro til markazi ochilgan bo‘lib, o‘zbek tilini o‘rganishga ishtiyoqmand xorijiy fuqarolar uchun barcha sharoit yaratilgan. Bugungi kunda Janubiy Koreya va Xitoydan 25 talaba tahsil olmoqda. Oxirgi paytlarda dunyo universitetlarining ko‘pchiligida o‘zbek tilini o‘rganishga qiziqish paydo bo‘lganini kuzatish mumkin. Jumladan, Sankt-Peterburg davlat universiteti, Moskva davlat universiteti qoshidagi Osiyo va Afrika mamlakatlari instituti, Moskva davlat lingvistika universiteti, Qozon davlat universiteti, Yaponiyaning Sukuba va Tokio universitetlari, Xitoyning Pekin markaziy milliy, Shanxay chet tillar va Lanjou universitetlari, Shinjon ta’lim va Pekin chet tillar institutlari, Janubiy Koreyaning Chet tillar instituti, Boku davlat pedagogika universitetida o‘zbek tilini o‘qitish yo‘lga qo‘yildi.

Ko‘plab xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarida, jumladan, Markaziy Osiyoni o‘rganish tadqiqotlari markazi (Fransiya), Bonn, Gumboldt, Fraye universitetlari (Germaniya), Izmir va Anqara universitetlari (Turkiya), Kembrij universiteti (Angliya), Afg‘onistonning barcha universitetlarida o‘zbek tilini o‘rgatish barobarida ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.

AQShning Indiana universiteti qoshida faoliyat ko‘rsatayotgan 6 ilmiy markazda o‘zbek tili bo‘yicha qisqa o‘quv kurslari tashkil etilgan. Ayni damlarda AQShning Arizona, Texas, Michigan, Kaliforniya, Ohyo, Kolumbiya, Chikago, Iova, Pensilvaniya, Vashington, Viskonsin, Duke, Nyu-York universitetlarida o‘zbek tili kurslarini ochish bo‘yicha o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘ymoqdamiz. Xitoy va Janubiy Koreyaning yana ayrim universitetlarida o‘zbek tili kurslarini ochish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi. Yaqinda Hindistonning Jome’a Milliya universitetida o‘zbek tili ta’limi yo‘lga qo‘yildi. Xuddi shunday o‘zbek tili o‘quv kurslarini ochish bo‘yicha Yaponiyaning Soko universiteti, Kanadaning Karlston universitetlari bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Oldimizda turgan muhim vazifalardan biri o‘zbek tilini jahon axborot-kommunikatsiya tarmoqlari tizimiga joriy etish bilan bog‘liq. Bu yo‘nalishdagi ishlarni amalga oshirishni kompyuter lingvistikasisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu bois universitetning har uch ta’lim yo‘nalishi o‘quv rejasiga “Kompyuter lingvistikasi” fani kiritildi. Yosh o‘qituvchilarimizdan birini Shveysariyaning Syurix universitetiga malaka oshirishga jo‘natish arafasidamiz. “O‘zbek tilining dasturiy ta’minoti” ilmiy-o‘quv laboratoriyasini tashkil etdik. Unda matnlarning ovozli dasturlari hamda ovozli axborotlarni matnga o‘tkazuvchi dasturlar yaratish borasida tajriba-sinov ishlari amalga oshirilmoqda. Bu kelajakda nutqiy sintezatorni yaratish yo‘lidagi dastlabki urinishlar, desak ham bo‘ladi.

Bundan tashqari, o‘zbek tilining tahrirlovchi dasturini yaratish yo‘lida o‘zbek tilining morfologik bazasi va unga qo‘shilishi mumkin bo‘lgan qo‘shimchalar kombinasiyasi bazasi yaratilmoqda. Matn muharrirlarida o‘zbek tilida yozilgan matnlarning imlo xatolarini o‘zbek alifbosiga asoslangan klaviatura orqali bartaraf etish yo‘llari ham ishlab chiqildi. Biroq g‘, o‘, sh va ch harflarini Microsoft Office dasturiga kiritish uchun UNICODEdan maxsus kod olish istiqbolda turgan vazifalarimizdan biridir. Shuningdek, tarjimon dasturi va elektron lug‘atlar yaratish ustida izchil ish ketmoqda. Bu juda muhim. Zero, o‘zbek tili tarjimon dasturi nafaqat ingliz tili, balki bir nechta tillardan avtomat o‘girish ishini amalga oshirishga qaratilishi zarur. Bugun Google translator neyro mashina tarjimasi tizimidan foydalanib kelmoqda. Garchi uning tarkibida o‘zbek tili bo‘lsa-da, juda juz’iy hamda morfologik va sintaktik jihatdan xato tarjima qiladi. Agar o‘zbek tilining mukammal bazasi yaratilsa, uni boshqa tillarga ham tarjima qilish imkoniyati mavjud bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan o‘zbek tilining tezaurus hamda matn korpuslarini yaratishga kirishdik.

O‘zbek tilining formal grammatikasi va uning axborot uslubini yaratish ham jiddiy e’tiborimizda turibdi. Bu yo‘nalishda davlat tilida ish yuritish va muayyan sohada qo‘llaniladigan terminlarning o‘zbekcha muqobil variantlarini elektron lug‘atlarda shakllantirish, ularga yo‘riqnoma, mobil ilovalar yaratish, shuningdek, internet tizimi, OAV, reklama agentligi, mahsulotga qo‘yiladigan belgilarda qat’iy mezonlarni belgilash o‘zbek tilining oldida turgan muhim vazifalardan sanaladi.

Bir so‘z bilan aytganda, til millatning ma’naviy-ruhiy boyligi, mulki ekan, unga hurmat bilan qarash, e’zozlash, uning yuksalishi, tilimizning sofligi, boyligi yo‘lida kurashish, milliy qadriyat darajasiga ko‘tarish barchamizning burchimizdir.

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA
1 986






Все о погоде - Pogoda.uz