O‘zA O`zbek

07.11.2019 Chop etish versiyasi

"MIB xodimi qarzdan qutilishimga yordam berdi"

"MIB xodimi qarzdan qutilishimga yordam berdi"

Majburiy ijro byurosi organlariga aholi va yuridik shaxslardan foydalanilgan energiya resurslari uchun vujudga kelgan hamda sud hukmi bilan ijroga chiqarilgan boshqa qarzlarni undirish, to‘lov intizomini mustahkamlash, bu borada fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish vazifasi yuklatilgan.

Shu maqsadda hududlarga biriktirilgan davlat inspektorlari faoliyatida foydalanilgan energoresurs yoki boshqa kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab borish imkoniyatiga ega bo‘lmagan, kam ta’minlangan oilalar ham uchrab turibdi. Nima qilish kerak?! Haqiqiy holatni, nochor oilaning ahvolini ko‘ra bila turib, uning bisotidagi bitta televizori, qo‘r sifatida amallab boqib turgan birorta buzog‘i yoki muzlatgichni (agar bor bo‘lsa) musodara qilish kerakmi? To‘g‘ri, qarz undiruvini qarzdorning mol-mulkiga qaratish amaliyoti tegishli qonunlarda belgilab qo‘yilgan. Lekin jamiyatda yozilgan qonunlar bilan bir qatorda yozilmagan, insonparvarlik, o‘zaro mehr-muruvvatlilik tamoyillariga tayanadigan qonuniyatlar ham borki, ayniqsa, bu o‘zbek xalqining milliy qadriyatlariga poydevordir. Qolaversa, majburiy ijro byurosi jazolovchi organ emas va Prezidentimizning xalqni rozi qilish g‘oyalarini amalda ro‘yobga chiqaradigan davlat idoralaridan biridir.

Shu nuqtai nazardan Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan hayotga tatbiq etilayotgan ezgu tashabbus diqqatga sazovor. O‘z samarasini berayotgan mazkur tashabbusga ko‘ra Byuroning shahar va tumanlar bo‘limlarining davlat inspektorlari o‘zlariga biriktirilgan mahallalarda xizmat vazifalarini ado etish asnosida kam ta’minlangan, boquvchi yo‘q, yolg‘iz keksalar, nogironligi bor oilalar xolidan xabar olib, ularning kommunal to‘lovlardan bo‘lgan qarzdorliklarni bartaraf etish bo‘yicha alohida ish tashkil qilmoqda. Bu borada ular xalqimizning azaliy qadriyati – saxovatpeshalik fazilatiga tayangan holda joylarda foydalangan ne’matlari uchun to‘lovga qurbi yetmay turgan oilalarning qarzlarini bartaraf etishga tadbirkor va ishbilarmonlarning homiylik yordamlarini jalb etmoqda.

Yangiqo‘rg‘on tumanining Qandiyon mahallasida yashovchi N.Karomatova oilasi mahalla ahlining doimiy mehr-muruvvatidan bahramand bo‘lib kelayotganiga qaramay, foydalangan energiya resurslari uchun to‘lovlarga qo‘li qisqalik qilib qoldi. Oilaning birgina tabiiy gazdan qarzi 300 ming so‘mga yetib qolibdi. Ushbu hudud bo‘yicha davlat inspektori olib borgan tushuntirish ishlari natijasida tadbirkor X.Ma’murov xonadonning qarzini yopish uchun beminnat 400 ming so‘m to‘lov qilib, xonadon sohibiga to‘lov kvitansiyasini taqdim etdi.

M.Abdullaeva Kosonsoy tumanining Navoiy mahallasida istiqomat qiladi. Taqdir taqozosi bilan farzandi nogiron bo‘lib, to‘shakka mixlanib qolgan. Moddiy jihatdan biroz yordamga muhtoj bo‘lib, elektr energiyasidan qarzi ko‘payib ketgan mazkur xonadonga Byuro tuman bo‘limi davlat inspektorining kirib kelishi bilan muammo yuzaga chiqdi va inspektor darhol unga yechim izladi. Natijada mahalla faollarining hamjihatligida oilaning qarzdorligi bartaraf etildi.

– To‘g‘risi, elektr energiyasidan qarzimiz to‘planib qolgan, “MIB” chilar kelib qolishidan, qarz ustiga yana jarima to‘lashdan qo‘rqib, to‘lash chorasi haqida o‘ylab yuruvdim, – deydi M.Abdullaeva. – Hadiklarim aksi bo‘lib MIB xodimi qarzdan qutilishimga yordam bergani bu tashkilot to‘g‘risidagi fikrlarimni butunlay o‘zgartirib yubordi. MIB xodimidan va mahallamiz ahlidan minnatdorman.

Byuroning Kosonsoy tumani bo‘limi tomonidan har bir mahallada mana shunday ehtiyojmand oilalarga homiylik asosida yordam ko‘rsatilmoqda. Jumladan, Ravot mahallasida istiqomat qiluvchi M. Abdullaev, Hurriyat mahallasida yashovchi Kotibovlar xonadoni hudud inspektorlari tomonidan uyushtirilgan homiylik yordamlari bilan elektr energiyasidan to‘planib qolgan qarzdorlikdan forig‘ bo‘ldi.

Namangan shahrining Orzu mahallasi Yangiobod ko‘chasida istiqomat qiluvchi A.Sobirov oilasi ro‘zg‘ordan orttirib, kommunal to‘lovlarga yetkaza olmay kelayotgan oilalardan biri. Hududga biriktirilgan davlat inspektori har gal oilaning ahvolini ko‘rib, “Ha mayli, keyingi safar to‘larsizlar”, deb ketaverar edi. Oxir-oqibat mazkur xonadonning tabiiy gazdan qarzdorligi 700 ming so‘mga borib qoldi. Byuro tashabbu
si bilan aynan aholining ushbu qatlamiga ko‘rsatilayotgan yordam tufayli xonadon a’zolari ham qarzdorlikdan qutildi. Byuroning Namangan shahar bo‘limi davlat inspektori tomonidan mahalla faollari bilan o‘tkazgan yig‘ilishi, ushbu oilaga yordam ko‘rsatilishi haqidagi fikr-mulohazalari besamar ketmadi. Oilaning tabiiy gazdan bo‘lgan 700 ming so‘m qarzi homiylik asosida to‘lab berildi.

Xuddi shuningdek, Chortoq tumanining Dilshod mahallasida istiqomat qilayotgan U.Mahmudov, Chust tumanidagi Pansada mahallasida yashovchi S.Hamidov kabi ehtiyojmand oilalarning kommunal xizmatlardan to‘planib qolgan qarzlari ham hudud inspektorlarining tashkilotchilik sa’y-harakatlari vositasida bartaraf etildi.

Majburiy ijro byurosining bu kabi ezgu tashabbusi viloyatning barcha tumanlarida keng quloch yoymoqda.

317
Akromjon SATTOROV, O‘zA