O‘zA O`zbek

10.10.2019 Chop etish versiyasi

“MIB Payariq tuman boʻlimi boshligʻining xatti-harakatini oqlamayman”

“MIB Payariq tuman boʻlimi boshligʻining xatti-harakatini oqlamayman”

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi (MIB) Samarqand viloyat boshqarmasi boshligʻi Alisher Zokirov 10-oktyabr kuni viloyat matbuot uyida oʻtkazilgan “Majburiy ijro byurosi: ijro intizomi, toʻlov madaniyati va masʼuliyat” mavzuidagi matbuot anjumanida shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama boʻlayotgan majburiy ijro byurosi Payariq tuman boʻlimi boshligʻining xatti-harakatlariga ham baho berdi.

– U bunday yoʻl tutishga haqli emas va buni oqlamayman, – dedi A.Zokirov. – Albatta, boshliq xodimlaridan uzr soʻradi. Lekin hozirda uning faoliyati boʻyicha xizmat tekshiruvi oʻtkazilmoqda va tekshiruv yakuni bilan oʻz xulosamizni bildiramiz.

Matbuot anjumanida byuro tashkil topgandan buyon MIB viloyat boshqarmasi tomonidan 642 ming 204 ta ijro hujjati yuzasidan majburiy ijro harakatlari amalga oshirilgani taʼkidladi. Ijroga qaratilgan majburiy mulkiy undiruvlarning umumiy miqdori 3,3 trillion soʻmni tashkil qilgan.

Amalga oshirilgan majburiy ijro harakatlari natijasida 2,7 trillion soʻmlik 470 ming 393 ta ijro hujjati boʻyicha yakuniy qarorlar qabul qilingan. 379 ming 754 ta ijro hujjati yuzasidan 1,7 trillion soʻmlik toʻlov va qarzdorliklar undirilgan.

– Byuro tashkil topganidan buyon oʻtgan 2,5 yil mobaynida viloyat boshqarmasi hamda tuman, shahar boʻlimlariga jami 36 mingtadan ortiq murojaatlar kelib tushgan va ularning 16 ming 416 tasi qanoatlantirilib, 13 ming 625 nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklandi – dedi A.Zokirov. – Hal qilingan murojaatlarning salmoqli qismi, yaʼni 17 ming 244 tasi aliment undirish yuzasidan hamda 8 ming 143 tasi energiya va suv resurslarini yetkazib berish, isteʼmolni nazorat qilish masalalari boʻyicha boʻldi.

Oʻtgan davr mobaynida viloyat boʻyicha energiya resurslari, suv isteʼmoli va qattiq maishiy chiqindilar sohasida 2,9 trillion soʻm undirildi. Bu byuro tashkil etilmasdan oldingi koʻrsatkichga nisbatan 250 foizga koʻp demakdir.

Taʼkidlanishicha, 2018-yilning toʻqqiz oyida energiya resurslari va ichimlik suvi taʼminoti hamda maishiy chiqindilardan tozalash xizmatlari uchun umumiy undirilgan mablagʻlar miqdori 820,8 milliard soʻmni tashkil qilgan boʻlsa, joriy yilning shu davrida bu koʻrsatkich 43,4 foizga oshib, qariyb 1,2 trillion soʻmga yetgan.

Anjumanda oʻtgan 2,5 yil davomida MIB Samarqand viloyati boshqarmasi tizimida ish hajmining koʻpligi va ogʻir sharoitda ishlashni hohlamagan 633 nafar xodim oʻz xohishi bilan ishdan boʻshatilgan. Joriy yilda byuro xodimlariga qarshilik koʻrsatish, ularga jarohat yetkazish bilan bogʻliq 7 holat qayd qilinib, aybdorlarga qonuniy chora koʻrildi. Shu bilan birga byuro organlarida xodimlar tomonidan sodir etilayotgan korrupsiya va nojoʻya xatti-harakatlar ham uchrab turibdi. Shu sababli joriy yil boshidan buyon nomunosib xatti-harakatlari yuzasidan 231 nafar xodimga nisbatan 102 ta xizmat tekshiruv oʻtkazilgan.

Matbuot anjumani davomida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga boshqarma boshligʻi va masʼul xodimlari batafsil javob berdi.

550
Gʻ.HASANOV, OʻzA