Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.11.2017 17:40 Chop etish versiyasi

MFY posboni: Yangi profilaktika inspektorimiz o‘z kasbining haqiqiy fidoyisi ekan

Prezidentimizning joriy yil 23-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar idoralari xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh xodimlarni mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq davlatimizning yuksak mukofotiga sazovor bo‘lganlar orasida Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektori Alisher Xayrilov ham bor.

Otasi Chori Xayrilov ichki ishlar xodimi bo‘lgani bois, Alisher ham bu kasbga bolaligidan mehr qo‘ydi. Keyinchalik texnikumda huquqshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha sirtdan o‘qib yurgan yillarida bu ahdi yanada qat’iylashdi. Otasi uning bu intilishini qo‘llab-quvvatladi, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, omad tiladi.

Joriy yilda ichki ishlar kapitani Alisher Xayrilovning yurt osoyishtaligi va jamoat xavfsizligini ta’minlashga hissa qo‘shayotganiga 18 yil to‘ldi. Bu vaqt davomida u ichki ishlar idoralarining turli tarmoqlarida xizmat qildi. Qo‘riqlash bo‘limida ishladi. Mana, 13 yildirki, Oltinsoy tumani ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektori vazifasida faoliyat yuritib kelmoqda. Shu yillarda Alisher o‘ziga xos tajriba to‘pladi. Mardligi va ziyrakligi bilan hamkasblari e’tiboriga, el nazariga tushdi. Uch yildan buyon tumandagi uch hudud – “Barkamol avlod”, “Qiziltepa” va “Gulchechak” mahalla fuqarolar yig‘inlari osoyishtaligini ta’minlab, odamlar hurmatiga sazovor bo‘ldi.

Mazkur mahallalarda 7 ming 480 dan ortiq aholi istiqomat qiladi. Ularning barchasini profilaktika inspektori juda yaxshi biladi. Har bir xonadonda bo‘lib, fuqarolar bilan dildan suhbatlashadi. Oilalarning turmush tarzi, yoshu keksaning ijtimoiy ahvoli, fe’l-atvori qanday, obdan o‘rganadi. Yutuqlaridan quvonib, dardu tashvishiga sherik bo‘ladi.

– Xalq bilan birga bo‘lish, jamoatchilik bilan hamkorlikda ishlash Alisherga xos fazilat, – deydi “Qiziltepa” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi A.Xolmatov. – U vazifasini mahalladagi har bir xonadon, ayniqsa, notinch oilalarni o‘rganishdan boshladi. Ko‘proq yoshlar bilan ishladi. Notinch oilalar va tarbiyasi og‘ir yoshlar bilan mahalla faollarini, komissiyalarni jalb etgan holda ishlab, yaxshi natijalarga erishdi. Joriy yilning o‘tgan davrida hududimizda umuman jinoyat sodir etilmaganida ham uning alohida xizmati bor. Profilaktika inspektorimizning “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganidan mahallamiz ahli shunday quvondiki, go‘yo o‘zlari shu mukofotga sazovor bo‘lgandek.

Alisher Xayrilovning hududda huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish borasida amalga oshirayotgan ishlari o‘z samarasini bermoqda. Yilning o‘tgan davrida nafaqat Qiziltepa, balki Barkamol avlod va Gulchechak mahallalari hududida ham hech qanday jinoyat qayd etilmadi. Yaqinda rahbarlar unga katta ishonch bildirib, tumandagi Ipoq va Chep mahallalarini ham namunali hududga aylantirish vazifasini topshirdi. Ikki mahallada 8 mingdan ortiq fuqaro istiqomat qiladi. Ayni kunlarda profilaktika inspektori oilalar bilan birma-bir tanishib, vaziyatni tahlil qilmoqda. Yoshlarning bandlik masalasini, notinch oilalardagi holatning asosiy omillarini o‘rganmoqda.

– Yangi profilaktika inspektorimiz o‘z kasbining haqiqiy fidoyisi ekan, – deydi "Ipoq" mahalla fuqarolar yig‘ini posboni F.Hasanov. – Ayniqsa, muomala madaniyati juda yuksak. Ish boshlagan ilk kunlardanoq mahallamiz ahliga yaqin do‘stday bo‘lib qoldi. Mahalla raisi va mendan hududdagi ahvolni so‘rab, bilib oldi. Shu yil bir bor o‘g‘irlik jinoyati sodir etilgani, ichki ishlar idorasida bir nafar voyaga yetmagan hisobda turishi va ikki notinch oila borligini aytdik. Muammolarni o‘rganib, o‘z rejasini tuzib chiqdi. Hozir shu asosda ish olib bormoqdamiz.

Alisher o‘ziga tumandagi eng yirik hududlardan biri katta ishonch bilan topshirilganidan faxrlanib, yanada shijoat bilan ishlamoqda. Sakkiz komissiya va hududdagi ta’lim muassasalari rahbarlari, ko‘cha oqsoqollari bilan bamaslahat ish olib bormoqda. Yarashtiruv komissiyalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda.

– Prezidentimiz bizning samarali ishlashimiz uchun barcha sharoitlarni yaratib bermoqda, – deydi Alisher Xayrilov. – Yengil mashina, mahallaning o‘zida barcha qulayliklarga ega zamonaviy uy berildi. Hudud osoyishtaligi, xonadonlar tinchligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilish profilaktika inspektorining eng muhim vazifasi, burchi. Davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar esa bizni bu boradagi faoliyatimizni yanada samarali tashkil etishga undaydi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
2 438






Все о погоде - Pogoda.uz