Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

25.05.2018 16:29 Chop etish versiyasi

Meva-sabzavot va uzumchilik tarmog‘inirivojlantirish istiqbollari

Toshkent davlat agrar universitetida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan “Meva-sabzavotchilik va uzumchilik tarmog‘ini rivojlantirishning dolzarb masalalari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Universitet rektori B.Sulaymonov va boshqalar mamlakatimizda qishloq xo‘jaligining mavjud imkoniyatlaridan samarali foydalanish, sohada iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, ilm-fan yutuqlari va innovatsion yangiliklarni tizimli joriy etishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 29 martdagi “O‘zbekiston Respublikasida meva-sabzavotchilikni jadal rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqadi.

Meva-sabzavotchilikni rivojlantirishga doir loyihalarni amalga oshirish uchun ekin maydonlari sezilarli ravishda kengaytirildi, meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash bo‘yicha quvvatlar ishga tushirildi. Moliyaviy resurslar, jumladan, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari faol ravishda jalb etilmoqda. Ishlab chiqarishni kengaytirish, meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash va eksport qilishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amaliyotga keng tatbiq etishga harakat qilinmoqda.

Samarali natijalarga erishilayotgan bo‘lsa-da, qator salbiy omillar mamlakatimiz agrosanoat sohasi salohiyatidan samarali foydalanish va uni rivojlantirishga to‘sqinlik qilmoqda. Imkoniyatlardan to‘liq foydalana olmaslik yoki sun’iy to‘siqlar, tuzilgan shartnomalarni o‘z vaqtida, sifatli, to‘liq yoki mutlaqo bajarmaslik kabi holatlar shular jumlasidandir.

Qishloq xo‘jaligi mehnatini mexanizatsiyalashtirish, zamonaviy intensiv, avvalo, suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, ularni saqlash va transportirovka qilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining mustaqil ravishda tashqi bozorga chiqishida moliya resurslarini jamg‘arish uchun qulay imkoniyatlarning yo‘qligi ham soha rivojiga jiddiy ta’sir etmoqda. Kadrlar tayyorlash tizimining pastligi, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha xalqaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilmaganligi, logistika va transport infratuzilmasi rivojlanmaganligi va boshqa bir qator omillar imkoniyatlarimizni chegaralab turgandek.

Meva-sabzavotchilikni jadal va samarali rivojlantirishni ta’minlash, yuqori sifatli va raqobatbardosh tayyor mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirish, uni yirik xorijiy bozorlarga chiqarish davr talabidir.

Ilmiy-amaliy anjumanda mazkur masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, kelgusidagi qilinadigan ishlar, ishlab chiqaruvchilar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ilmiy institutlar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash yuzasidan takliflar bildirildi.

Barno Meliqulova, O‘zA
2 259