O‘zA O`zbek

13.08.2019 15:08 Chop etish versiyasi

Meva mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy etish xarajatlari toʻlab beriladi

Meva mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy etish xarajatlari toʻlab beriladi

Hukumat qarori bilan Meva mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish asosidagi suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishga ketgan xarajatlarini qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” telegram kanali xabar bermoqda.

Mazkur nizom bilan, meva mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning yangi tashkil etilgan bogʻ va issiqxona xoʻjaliklarida suv tejovchi texnologiyalarini joriy qilishga ketgan xarajatlarining bir qismini qoplab berish tartibi belgilandi.

2019-yil va undan keyingi yillardagi xarajatlarini qoplash boʻyicha quyidagi miqdorda subsidiya ajratiladi:

tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasi joriy qilingan 1 gektar maydon uchun bir martalik 6 million soʻmdan oshmaydigan miqdorda;

maydoni 35 gektardan ziyod bogʻlarda suv chiqarish uchun burgʻulangan quduqni, shuningdek, daryolar, kanallar va boshqa suv havzalaridan suv tortish uchun nasos stansiyasini qurishga 120 million soʻmdan oshmaydigan miqdorda.

Subsidiya mablagʻlari 2019-yilda Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi huzuridagi jamgʻarma hisobidan, 2020-yildan boshlab esa jamgʻarma hamda davlat byudjetidan teng ulushlarda ajratiladi.

Xarajatlarning bir qismini qoplash istagini bildirgan ishlab chiqaruvchilar hududiy qishloq xoʻjaligi boshqarmalariga sugʻorish texnologiyasini joriy qilish boʻyicha vakolatli loyiha institutining loyihasi, tijorat banki bilan tuzilgan kredit shartnomasi hamda kredit ajratilganligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi, pudrat tashkilotlari bilan tuzilgan shartnoma nusxasi, amalga oshirilgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari kabi hujjatlarni taqdim etadi.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi har yili 1-mayga qadar kelgusi yilda sugʻorish texnologiyasini joriy qilish boʻyicha meva mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning yakuniy roʻyxatini shakllantirib Hukumatga taqdim etadi.

OʻzA
1 181