O‘zA O`zbek

03.12.2019 Chop etish versiyasi

Metan gaz qo‘yishdagi muammolar noqonuniy benzin savdosiga yo‘l ochmoqda

Metan gaz qo‘yishdagi muammolar noqonuniy benzin savdosiga yo‘l ochmoqda
Farg‘ona viloyatida avtomobillarga metan gaz quyish shoxobchalarida kuzatilayotgan uzundan uzoq navbatlar sabab fuqarolarning benzinga bo‘lgan talabi ham keskin ortayotgani ayni haqiqat. Buning ortidan esa katta yo‘l bo‘ylariga yelim idishlarini (baklajka) qo‘yib, o‘zining benzin sotayotganini bildirayotgan “hojatbaror”lar ko‘payib ketdi.

Farg‘ona viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan mas’ul idoralar bilan hamkorlikda joriy yilning 30 noyabr va 1 dekabr kunlari viloyat hududida faoliyat yuritayotgan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari (AYoQSh) dagi benzin savdosi, ya’ni uning iste’molchilarga o‘z vaqtida va sifatli yetkazib berilishi, shuningdek, jismoniy shaxslar tomonidan noqonuniy ravishda (qo‘lda) sotilishi yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazildi. Bu haqda boshqarmaning matbuot xizmati xabar bermoqda.

Farg‘ona shahrida joylashgan “Farg‘ona neft bazasi”ga qarashli ikkita AYoQShda, shuningdek, “AL HOKIM” xususiy firmasi hamda “ALBARRU” MChJlarda ham yuqori sifatli AI-91 turdagi avtobenzin sotilayotgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu AYoQSh rahbarlariga FVV YoXB tomonidan benzin mahsulotlarini yelim idishlarda sotilishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda javobgarlik mas’uliyati yuzasidan zarur tushuntirishlar berildi.

Viloyatning turli nuqtalarida o‘tkazilgan o‘rganishlarda yuqorida ta’kidlab o‘tganimiz, fuqarolar “og‘irini yengil qilayotgan hojatbarorlar” ham aniqlandi.

Misol uchun, Farg‘ona tumani “Shifokor” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi S.G. noqonuniy tarzda benzin savdosi bilan shug‘ullanayotganligi aniqlanib, 42 litr benzin, Uchko‘prik tumani “Kenagas” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi T.K. qiymati qariyb 600 ming so‘mlik 100 litr solyarka mahsulotlarini sotayotganliklari aniqlandi.

Ikki kun davomida o‘tkazilgan o‘rganishlarda hech bir hujjatsiz, yong‘in xavfsizligi talablariga javob bermaydigan tarzda qo‘lda sotilayotgan qariyb 1,5 million so‘m qiymatdagi salkam 300 litr benzin daliliy ashyo sifatida olindi hamda dalolatnoma rasmiylashtirildi.

Albatta, istalgan turdagi tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga hech kim qarshilik qilmaydi, muhim sharti mazkur faoliyat qonun doirasida bo‘lmog‘i lozim. Aytishingiz mumkin, “Qo‘lda benzin sotayotgan fuqarolar 5-10 litr benzin sotib 3-4 so‘m pul topsa topibdida!”. Lekin neft mahsulotlarining tez yonuvchan ekanligini inobatga oladigan bo‘lsak, tanganing ikkinchi tomonini ham unutmasligimiz lozim, yong‘in xavfsizligi talablariga javob bermaydigan sharoitda sotilayotgan neft mahsulotlari kutilmagan baxtsiz hodisalarni keltirib chiqarishi, kimningdir halok bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin.

1 136
M.SULAYMONOV, O‘zA