O‘zA O`zbek

16.08.2018 12:35 Chop etish versiyasi

“Merganlik marrasi” yo‘nalishining final estafetasida o‘zbekistonlik harbiylar rekord natija qayd etdi

“Merganlik marrasi” yo‘nalishining final estafetasida o‘zbekistonlik harbiylar rekord natija qayd etdi

IV Xalqaro armiya o‘yinlari nihoyasiga yetdi. “Harbiy olimpiada” nomini olgan xalqaro musobaqada ikkinchi bor ishtirok etgan O‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar umumjamoa hisobida “ArMI – 2018”ning 32 ishtirokchi mamlakatlari o‘rtasida oltinchi o‘rinni egalladi.

Joriy yilda Xalqaro armiya o‘yinlari 28 yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazilgan bo‘lib, unda dunyoning 32 mamlakatidan kelgan harbiylar ishtirok etdi. O‘tgan yili 8 yo‘nalishda qatnashib, 5 ta sovrinli o‘ringa ega chiqqan harbiy xizmatchilarimiz, bu safar 12 yo‘nalishda qatnashdi.

Xususan, 200 dan ortiq O‘zbekiston harbiy xizmatchilari “Artilleriya o‘t ochish ustalari” (2-o‘rin), “Qo‘shin razvedkasi a’lochilari” (3-o‘rin), “Yo‘l patruli” (3-o‘rin), “Harbiy ralli” (3-o‘rin), “Qurolsoz usta” (3-o‘rin), “Xavfsiz marshrut” (3-o‘rin), “Sodiq do‘st”, “Harbiy-tibbiy estafeta”, “Elbrus xalqasi”, “Merganlik marrasi”, “Musaffo osmon”, “Dala oshxonasi”, “Hamdo‘stlik jangchisi” tanlovlarida xorijiy armiyalarning eng sara vakillariga munosib raqobat qildi.

Shuningdek, “Harbiy-tibbiy estafeta” bellashuvida ishtirok etgan o‘zbekistonlik harbiy xizmatchi, Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy poliklinika terapevt-shifokori, tibbiy xizmat kapitani Larisa Xolmamatova harbiy shifokorlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Maxsus ko‘nikmalar” shartida ikkinchi o‘ringa loyiq topildi. 

“Qo‘shin razvedkasi a’lochilari” tanlovida ishtirok etgan o‘zbekistonlik qo‘shin razvedkachilari 3,3 soniya ko‘rsatkich bilan amaldagi me’yordan ikki barobar tezroq vaqt ichida guruh tarkibida gaz niqoblarni kiyish sinovini bajardi.

“Xavfsiz marshrut” bellashuvida ishtirok etgan serjant Shermat Davronov birinchi urinishdayoq piyodalarning harakatini cheklashga mo‘ljallangan minani aniqlab, uni zararsizlantirishga muvaffaq bo‘lgani uchun hakamlar tomonidan “O‘z ishining ustasi” nominatsiyasiga loyiq, deb topildi va rag‘batlantirildi.

“Merganlik marrasi” yo‘nalishining final estafetasida tanlovdan tashqari ishtirok etgan o‘zbekistonlik harbiylar barcha jamoalardan oldinga o‘tib, 10 daqiqayu 57 soniyada rekord natijani qayd etdi. 4-bosqich — “Merganlar dueli”da qatnashgan oddiy askar S.Rabimov 2-o‘rinni egallab, esdalik mukofoti bilan taqdirlandi.

Bundan tashqari, Moskva viloyatining Dmitrov shahrida o‘tkazilgan kinologiya xizmati itlari o‘rtasidagi “Sodiq do‘st” tanlovining 300 metrli to‘siqlar yo‘lagidan o‘tishda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi Markaziy xizmat itlari pitomnigi harbiy xizmatchisi Shokir Jo‘rayevning “Gita” laqabli xizmat iti 1 daqiqayu 15 soniya natija bilan rekord o‘rnatdi.

Shu bilan birga Moskvada “ArMI – 2018” doirasida o‘zbek milliy hunarmandligi namunalari ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Tashrif buyuruvchilar o‘zbek milliy hunarmandligi mahsulotlarini yuqori baholadi va kelajakda O‘zbekistonga tashrif buyurish ishtiyoqida ekanligini bildirdi.

M.Toshqorayeva, O‘zA
2 004