O‘zA O`zbek

01.05.2020 Chop etish versiyasi

Mening ostonam gulzor

Mening ostonam gulzor

Sirdaryo tumanida “Mening ostonam gulzor!” aksiyasi doirasida va tomorqadan samarali foydalanish yuzasidan keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotganini oʻz koʻzimiz bilan koʻrib, oʻzimiz guvoh boʻldik.

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari, xalq deputatlari Sirdaryo viloyati kengashi deputati Nargiza Tojiboyeva tumandagi mahallalarda boʻlib, jumladan, Beshbuloq mahalla fuqarolar yigʻini raisi va oʻrinbosarlarining tomorqalarini koʻzdan kechirdi. “Mening ostonam gulzor” aksiyasi doirasida olib borayotgan ishlar bilan tanishdi.

Tumandagi Beshbuloq mahallasini tomorqadan foydalanish madaniyati boʻyicha namunali hududga aylantirish borasida ishchi guruh aʼzolari bilan birgalikda vazifalar kelishib olindi.

photo_2020-05-01_19-44-48.jpg

– Tomorqalarda amalga oshirilayotgan obodonchilikni aynan mahalla fuqarolar yigʻini raisi, oʻrinbosarlari, tuman, viloyat Kengashi deputatlarining tomorqasidan boshlaganimiz bejizga emas, – deydi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Nargiza Tojibayeva. – Chunki ular har bir ishda oʻrnak boʻlsalar, boshqalar ularga qarab ergashadi.

Beshbuloq mahalla fuqarolar yigʻini aholisi juda ittifoq, obod, xalqi ham mehnatkash, tomorqasidan bir yilda 2-3-martadan oshirib hosil koʻtarar ekan. Mahallada jami 497 ta xonadon mavjud boʻlib, shulardan ogʻir ijtimoiy vaziyatda yashovchi, boquvchisini yoʻkotgan, oilasida nogironligi boʻlgan fuqarolarga shu mahallaning oʻzidagi jamoatchilik vakillari biriktirilibdi.

Hozirgi kunda viloyatdagi barcha mahallalardagi kabi Beshbuloqda ham pilla mavsumi qizgʻin davom etmoqda. Ayni paytda, uyda qolgan fuqarolar ipak qurtini boqish ishlarida qatnashib, oʻz oilasi uchun moʻmaygina daromad keltirmoqda. Bu boradagi ishlarda xotin-qizlarimizning hissasi katta boʻlayotganini ham alohida taʼkidlash lozim.

photo_2020-05-01_19-44-13.jpg

Xullas, Sirdaryo tumani Beshbuloq MFY fuqarolari uyda qolib, bekor oʻtirganlari yoʻq. Kimdir pilla parvarishi bilan band boʻlsa, yana birov, tomorqasida mehnat qilayapti, boshqasi chorvasiyu, toʻrtinchisi parrandasi parvarishi bilan ovora.

– Bu qishloqda bekor oʻtirgan insonni koʻrdingizmi, demak u yo Beshbuloq mahallasidan emas, yoki boshqa joydan koʻchib kelgan, – deydi shu mahallada istiqomat qiluvchi, faxriy pedagog, viloyat Kengashi deputati Salohiddin Elmurodov. – Bizning ota-bobolarimiz asli Zominning Beshbuloq qishlogʻidan. Bu yerga 90-100-yillar muqaddam choʻlni oʻzlashtrish maqsadida koʻchirib kelingan ekan. Shu boʻyi oʻtroq boʻlib qolib ketganmiz.

Bizni bozorlarimizda Surxondaryoni kartoshka, sabzi, piyozlari sotilmaydi, chunki ularning mahsuloti pishganida, biz beshbuloqliklarning ham oʻz mahsulotlarimiz allaqachon savdoga chiqqan boʻladi. Beshbuloq mahalla fuqarolar yigʻini aholisi juda ittifoq, obod, xalqi ham mehnatkash, tomorqasidan bir yilda 2-3-martadan oshirib hosil koʻtaradi. Yerni boqsang, yer seni boqadi deb, aynan beshbuloqliklarning tomorqasiga nisbatan aytilgan boʻlsa kerak, deb oʻylayman.

photo_2020-05-01_19-44-52.jpg

Respublikamizning barcha qishlogʻu mahallarida boʻlgani kabi bu yerda ham hamma vaqt boʻlmasa-da, baʼzi hollarda qoʻli kaltalik qilib qoladigan fuqarolar boʻlar ekan. Lekin ushbu mahalladagilarning kishini xursand qiladigan yana bir jihati bor ekan-ki, har qanday ehtiyojmandga nima zarur boʻlsa, boshqa joyning tadbirkorlaridan olishi or sanalar ekan. Beshbuloqliklar, “Shu mahallaning tadbirkor, fermer, deputat va rahbarlik lavozimlarida mehnat qilayotganlari mahalladoshlarini boshqa mahalladagilar qoʻliga qaram, muhtoj qilib qoʻymagan, bundan keyin ham qoʻymaydi” deyishar ekan.

Bugun butun yer sharida koronavirus insoniyat salomatligini qattiq iskanjaga olgan bir vaqtda, insoniyatdan birdamlik, hamjihatlik talab qilinib, uyida qolish soʻralayapti. Quvonarlisi, biz bu mahallada birdamlikni ham, hamjihatlikni ham, ittifoqlik, bir-birlaridan yordamini ayamaslik kabi azaliy anʼanalarimizni koʻra bildik. Bu mahallada ostonasi gulzor boʻlmagan xonadonga koʻzimiz tushmadi.

Viloyat mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi ushbu Beshbuloq mahalla fuqarolar yigʻinini “Mening ostonom gulzor” aksiyasi doirasida viloyatga oʻrnak qilib koʻrsatish uchun bejizga tanlanmaganiga, mahalladagi obodonchilik ishlarini koʻrib, oʻzimiz guvoh boʻldik.


2 764
A.QAYUMOV, F.TOSHMATOV (surat), OʻzA