O‘zA O`zbek

09.11.2019 Chop etish versiyasi

Mening nafsim balodur, yongan oʻtga salodur

Mening nafsim balodur, yongan oʻtga salodur

Yuz yillar avval Abdulla Avloniy bobomiz, “Hoy, insonlar toʻylarimizni biroz qisqartiraylik !”, degan edilar, to hanuzgacha odamlar quloq solmay kelayotibdi. Abdulla Qodiriy bobomiz: “Hoy ahli musulmon, insof bormi sizda, toʻyga sarf boʻladurgʻon aqchangizni ilmga sarflasangizchi?” deya xitob qilgan edilar, xitob xitobligicha biror javobsiz qolib ketdi. Ilm sharobi bilan toʻlmagan paymonalarga yana ilmsizlik ogʻusi toʻla boshladi. Abadiy savol yana qarshimizdan koʻndalang chiqdi: “Endi nima qilmoq kerak?”

Yana ilmga emas, toʻy hashamga ruju qoʻya boshladik. Yana taraqqiyot sari emas, huzur halovat sari yoʻl oldik. Yana qoʻlimizga kitob emas, egnimizga kiyim bosh sotib ola boshladik. Yana kitob doʻkonlari emas, kutubxonalar emas, choyxona, restoran, kafe, barlar qurishga ruju qoʻydik. Kutubxonalarga borsangiz toʻrtta odamni topishingiz amri mahol, Abu Saxiyga, Ippodromga, Oʻrikzorga borsangiz odam koʻpligidan qadam tashlashga joy yoʻq.

Nahotki nafsimiz bizga shu qadar hukmron boʻlsa? Nahotki hamma narsani ovqat bilan, kiyim kechak bilan oʻlchaydigan darajaga yetib keldik? Sirdaryoga boradigan boʻlsam, doʻstlarim, “Sirdaryoning baliqlari zoʻrda!” deb qoʻyishadi. Jizzaxga boraman desam: “Jizzax somsaga boʻkar ekansan-da!” deyishadi. Surxondaryo deyilganda darhol koʻz oldilariga, “Tandir goʻsht” keladi. Odamning asabi oʻynaydi. Sirdaryoga ketayapman desam, birortasi hech boʻlmasa koʻngil uchun ham: “Amir Temur bobomiz nabirasi Mirzo Ulugʻbekka mulk qilib bergan, Navoiyning, Mirzo Boburning qadami yetgan joylarga borar ekansan-da!” demaydi. Toshkentdan kelayapman desam, hech kim nomiga boʻlsa-da, “Buyuk Qaffol Shoshiyning, ulugʻ Shayx Xojandi Tohurning, Xoja Ahror Valiyning, Shayxulislom Alixon Toʻra Sogʻuniyning vatanidan kelayapsanmi”, demaydi,“ ”Abdulla Qodiriydek, Oybek, Gʻafur Gʻulomdek allomalarning yurtidan kelayapsanmi?" demaydi. Nega? Nega Jizzax deyilganda odamlarning koʻz oldiga darhol Fozil Yoʻldosh oʻgʻli, Hamid Olimjon, Sharof Rashidov, Sarvar Azimov, Nazir Safarov, Sharof Boshbekov, Mamadali Mahmudov singari ulugʻ shoir-u yozuvchilarni, zabardast davlat arboblarini voyaga yetqazgan yurt koʻz oldilariga kelmaydi. Nega Surxondaryo deyilganda Hakim at-Termiziy singari daholar koʻz oldilariga kelmaydi. Nega Alpomishlar, Barchinoylar yurti koʻz oldilariga kelmaydi, maʼnaviyatimiz daholari koʻz oldilariga kelmaydi, yuraklarida faxru iftixor uygʻonmaydi, inson uchun yoʻlchi yulduz boʻlgan aqlu idroklari darhol oʻz soʻzini aytmaydi, kerakli topshiriqni bermaydi. Oʻz soʻzini aytmasligiga sabab u insonning hukmroni aqli emas, hukmroni oshqozon. Aytmasligining sababi qalblariga nafs balosi oʻrnashib olgan. Mana shu nafs balosi tufayli biz daholarimiz bilan, millatimizning bayroqdorlari bilan gʻururlanmaymiz, biz ularning bayroqlari ostida emasmiz, biz ovqatlarimiz, bazmlarimiz, toʻylarimiz bilan gʻururlanamiz. Ovqatlarimizni koʻz-koʻz qilishni istaymiz. Chunki bizga ilmimiz hukmron emas, nafsimiz hukmron. Bizga odobimiz, tarbiyamiz, iymonimiz hukmron emas, nafsimiz hukmron. Nafsimiz qayoqqa yetayelasa, oʻsha yoqqa ketamiz. Zoʻr ovqat bor ekan desa, shaharning narigi chekkasida boʻlsa ham boramiz. Zoʻr kitob bor ekan desa, shaharning qoq oʻrtasidagi kutubxonaga bormaymiz.

Futbol boʻlayapti desa, bir necha yuz chaqirim yoʻl bosib odamlar yopirilib keladi, ammo zamonamizning eng zoʻr akademigi uyining oldiga borib maʼruza oʻqisa, eshitish uchun chiqmaydi, iltimos qilib chiqarishsa, ensasi qotib oʻtiradi. Mabodo biror oʻtirishda, choyxonada, gap-gashtakda futbol haqida gap tashlasang, soatlab bahslashadi, yoqangni yirtgudek boʻlib tomogʻingni bugʻadi, ammo imom Buxoriydan bir soʻz aytsang, hammayoq soviydi, yovqarash boshlanadi. Biror ovqatning yangi turi chiqibdi desang, qayerda deb, manzilini ipidan ignasigacha surishtirib, aniqlab oladi. Bir katta olim chiqibdi, yangi kashfiyot qilibdi desang, darhol, “Ha chiqsa, nima boʻpti, biror narsa oʻzgarib qolarmidi?” deydi-da, darhol qulogʻini kar qilib oladi. Gapdan toʻxtagan zahoting mavzuni oʻzgartirib, boshqa narsalarni gapirib ketadi. “Toʻylarimizni sal qisqartiraylik”- deb qolsangiz bormi, “Sani orzu havasing yoʻqmi?” deya yovvoyi odamga qaraganday seni chetga chiqarib tashlaydi. Darhol bagʻritosh, berahm, farzandini kamolini oʻylamaydigan, kaltafahm, kaltaoʻy odamga aylanasan-qolasan. Yaqinda Urugvay yozuvchisi Eduardo Galeonaning aynan bizning hayotimizga mos fikrlarini oʻqib qoldim. U shunday deydi: “Biz tubanlik botqogʻiga botib boʻldik. Chunki, biz uchun sevib uylanishdan koʻra, dabdabali toʻy muhim. Marhumga yigʻlashdan koʻra, janozasini tantanali oʻtkazish muhim. Sogʻligimizni asrashdan koʻra, chiroyli kiyinish muhim. Ollohga muhabbat qoʻyishdan koʻra, masjidlarimizni muhabbat bilan hashamatli qurish muhim”.

Yaqinda bir doʻstim qizini chiqardi. Ishonasizmi, kelinning ustiga kiygan libosi 22 kilogramm ekan. Jimitdekkina qiz peshinda 22 kilogramlik libosni ustiga kiygan. Libosni kelin nafas ololmaydigan darajada siqib kiydirishgan, shahar aylantirishgan, fotosessiya qildirishgan, aylantirib-aylantirib, toʻyxonaga olib kelishgan, yiqilay-yiqilay deb, bir yutum nafas ololmay bazoʻr turgan kelin, toʻyxonadagi bazmi-jamshidda besh soatga yaqin oʻtirgan, keyin kelinni kuyovnikiga olib borishgan, bazmning davomi kuyovnikida davom etgan, xullas, kelin oxiri hushdan ketib yiqilgan. Hushdan ketgan kelinga “Tez yordam” chaqirib, zoʻrgʻa oʻziga keltirishgan. To kelin oʻziga kelguncha bir olam yaxshi-yomon soʻz uning boshi uzra aylangan. Shunda ham hech kim aybni 22 kilogramlik libosga qoʻymagan. Boshimizga balo boʻlgan, kurakda turmaydigan qiliqlarimizga qoʻymagan. Libosni olib bergan, kiydirgan, shu libosni kiymaganiga qoʻymagan odamlarga aybni toʻnkashmagan, hamma aybni jimitdekkina kelinning oʻziga toʻnkashgan. Albatta kelinning oʻzi ham beayb emas. U shu libosni tanlagan, olib berishlariga qoʻymagan, hamma kiyadigan libosni nega men yeiymayman, deb xarxasha qilgan. Demak ayb kimda? Ayb urf-odatimizda! Ayb shu urf–odatlarimizni gullab yashnatayotgan tiyiqsiz va hakalak otgan nafsimizda. Ayb shu nafsimizni jilovlay olmaganimizda.

Behush boʻlib yotgan kelinni ustida ham jillaqursa bizga shu ashqal-dashqol nimaga kerak oʻzi deb oʻylay olmaganimizda. Toʻydan keyin qarzga botib oʻtirganimizda, shuncha keraksiz sarf-xarajat qilguncha koʻrpamga qarab oyoq uzatsam boʻlmasmidi, deb oʻylay olmaganimizda. Toʻydan toʻyonalarni olib, bu toʻyonalarni yillar davomida vaqt-bevaqt qaytarish uchun zir yugurgan paytlarimiz, toʻyga ketgan shuncha sarf-xarajatni oʻgʻlimning oʻqishi, ilm olishi uchun sarflasam boʻlmasmidi, deya olmaganimizda. Katta-katta qora qoʻchqorlarni boqishni, semirtirishni qotiramiz-u, bolalarimizga tarbiya berishni, oʻqitishni, taʼlim-tarbiya berishni, dunyoning eng katta dorilfununlarida tahsil olishini, ikkinchi darajali ish deb qaraymiz. Goho, bir qoʻchqorga beradigan mehrimizni farzandlarimizga berolmaymiz. Qoʻchqorni molbozorga olib borib, qimmatiga sotsak, oʻzimizda yoʻq quvonamiz, ammo dunyoning narigi qitʼasida, aytayliye, Braziliyada bir inson qoʻchqorga emas, oʻz oʻgʻliga bolaligidan mehrini berib, oʻqitib, ilm berib, mashq qildirib, ham jismonan, ham maʼnan tarbiyalab, boqib Yevropa futbol bozorida, oʻgʻli bilan futbol komandasi oʻrtasida million dollarlik shartnoma tuzsa, olamshumul yutuqqa erishsa, buning afzalligi haqida hech oʻylab koʻrmaymiz.

Seul shahrida eng qimmat kvartiralar oʻquv yurtlari atrofida ekan. Oʻzbekistonning biror shahrida shundaymi? Afsuski, biror shahrimizda unday emas. Bu haqda oʻylab ham koʻrmaganmiz. Qaysi toʻyxonada toʻy qilish haqida esa juda koʻp oʻylaganmiz. Deyarli hammasini bir-biri bilan solishtirib koʻrganmiz. Falon restoranda qilsam, menga obroʻ boʻladi, deya pinhona oʻylaganmiz ham. Amaldorlar esa kattaroq toʻyona olish uchun, amalidan ketmasdan tezroq toʻy qilish payida boʻladilar. Pora darhol toʻyona niqobini kiyib, bitmay turgan ishlarning bitishiga, yurishmay turgan ishlarning yurishib ketishiga xizmat qiladi. Toʻyona aslida toʻy qilayotgan odamga ozgina madad boʻlishi uchun beriladi, ammo baʼzida amaldorlarga beriladigan toʻyonaning miqdori shu darajada boʻladiki, bu “toʻyona” bilan yana bitta toʻy qilsa boʻladi.

Qizigʻi shundaki, biror boy dangʻillama toʻy qilsa, kambagʻal “Ahmoq boʻlib shuncha narsani isrof qilding, stoldagi narsalar yeyilmay qolib ketdi, ixchamroq qilsang boʻlardi, ha mayli, nima ham derdim, bu boyda, buning choʻntagi koʻtaradi, meniki koʻtarmaydi”, demaydi. Men ham shu boyga oʻxshab katta toʻy qilaman, deydi, u ahmoq boʻlsa, men ham unga qoʻshilib ahmoq boʻlamanmi, demaydi. “Koʻrpaga qarab oyoq uzatish” ni oʻziga or deb biladi. Men bundan aqlliroqman, men isrofgarchilikka yoʻl qoʻya olmayman, men mehnat bilan topgan ozgina pulimni, bolalarimning ilm olishi, maʼnaviy dunyosini boyitish uchun ishlataman, tarbiyasini yaxshilashga xizmat qiladigan kitoblarni olib berishga sarflayman, demaydi. Yer yuzining boshqa qitʼalaridagi odamlar yigirma oʻttiz kishi bilan nikoh toʻylarini oʻtkazib, baxtli-saodatli, uvali-juvali, kami-koʻstsiz, maʼnaviy barkamol turmush kechirayotgani bilan ishi yoʻq. Toʻyi tantanali boʻlmasa, hayoti ham tantanali boʻlmaydi, deb oʻylaydi.

Toʻy koʻpchilik bilan boʻladigan anjuman. Bir odam toʻyni qisqartiraman, degan bilan qisqartirolmaydi. Chunki uning oʻzi ham kamida uch yuz toʻrt yuz odamning toʻyiga borgan. Demak, uning oʻzi ham toʻyiga uch yuz-toʻrt yuz odamni chaqirishi kerak. Aytmasa, malomat toshlarining tagida qolishi aniq. Biz uchun bu hayotda toʻydan ham muhimroq ishlar bor, bu muhimroq ishlar yoshlarimizning ilm olishi, Oʻzbekiston iqtisodini, madaniyatini, sanʼatini dunyoning eng buyuk davlatlari darajasiga olib chiqish, insoniyat taraqqiyotiga oʻzimizning munosib ulushimizni qoʻshish, yangi-yangi texnika kashfiyotlariga, jamiyatimizga foyda keltiradigan ilmiy ixtirolarga erishish, ilm-fan choʻqqilarini egallash, jahon adabiyoti durdonalarini yaratish, Oʻzbekiston sanʼati dovrugʻini yetti iqlimga taratish, dunyo ahli havas qiladigan barkamol avlodni insoniyatga armugʻon qilishdir. Ushbu yoʻlda barchamiz bir yoqadan bosh chiqaraylik azizlar!

Muhammad ISMOIL, Halima Xudoyberdiyeva nomidagi
Ijod maktabi direktori

559
OʻzA