O‘zA O`zbek

16.08.2018 20:18 Chop etish versiyasi

Mening mahallam – mening sudyam

Poytaxtimizdagi Turon mahallasida Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudi bilan hamkorlikda “Mening mahallam – mening sudyam” shiori ostida uchrashuv o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 14 fevraldagi “Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan sudlar tomonidan ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Toshkent shahrining jinoiy, fuqarolik, ma’muriy, iqtisodiy ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan aholi o‘rtasida “Mening mahallam – mening sudyam” shiori ostidagi sayyor uchrashuvlarni o‘tkazish jadvali tasdiqlandi.

Mazkur uchrashuvlar huquqbuzarliklarning oldini olish, sudlar faoliyatining shaffofligini ta’minlash, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, poytaxtimizdagi har bir mahallani jinoyatchilik va huquqbuzarliklardan xoli hududga aylantirishga qaratilgan turli tadbirlarni o‘z ichiga oladi.

Tadbirda sudyalar aholini mamlakatimizda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jinoyatchilikning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan batafsil tanishtirdi.

Uchrashuv so‘nggida fuqarolarning yozma va og‘zaki murojaatlari qabul qilinib, tegishli maslahatlar berildi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA
1 637