O‘zA O`zbek

09.01.2018 16:44 Chop etish versiyasi

"Mening armiyam – mening faxrim" tanlovi g‘oliblari taqdirlandi

"Mening armiyam – mening faxrim" tanlovi g‘oliblari taqdirlandi Toshkent Fotosuratlar uyida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 26 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan "Mening armiyam – mening faxrim" ijodiy ko‘rik-tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Qurolli Kuchlar davlat muzeyi va Badiiy akademiya hamkorligida an’anaviy tarzda tashkil etilayotgan mazkur tadbirda keng jamoatchilik vakillari, harbiy xizmatchilar, rassomlar, foto san’ati ustalari va ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

4.JPG

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nuriddinov, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari davlat muzeyi direktori M.Nuriddinov va boshqalar mamlakatimiz suvereniteti va chegaralarimiz daxlsizligining kafolati bo‘lgan milliy armiyamizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar ona zaminimiz tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash hamda xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi.

Milliy armiyamiz mustahkamligi osuda hayotimiz garovidir. Shu sababli bir necha yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan ko‘rik-tanlovning asosiy maqsadi milliy armiya va Vatanimiz himoyachilari hayotini foto, tasvir va amaliy san’atda namoyish etish orqali yosh avlod qalbida vatanparvarlik tuyg‘usini uyg‘otishga qaratilgani bilan muhimdir. Bu galgi tanlovga fotografiya, fotokollaj, ko‘rgazmali targ‘ibot plakati, panno hamda rangtasvir, grafika, miniatyura yo‘nalishlari bo‘yicha mualliflarning ellikka yaqin ijodiy ishi va saksonta fotoasari taqdim etildi.

10.JPG

– Bugun ko‘rgazma zallarida tanlov ishtirokchilarining havola etilayotgan ijodiy ishlari O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari faoliyatiga bag‘ishlangani bilan kishi e’tiborini tortadi, – deydi Mudofaa vazirligining Ma’naviyat va ma’rifat markazi boshlig‘i Oleg Zokirov. – Chunki ularda harbiy hayot aks ettirilgan. Milliy armiyamizda xizmat qilib, Vatanni himoya qilish esa o‘sib-ulg‘ayayotgan har bir farzandning sharafli burchi va orzusidir. Bu kabi tadbirlar ular qalbida Vatanga muhabbat, milliy armiyamiz va harbiy xizmatchilarimizga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Fotografiya, fotokollaj, ko‘rgazmali targ‘ibot plakati, panno yo‘nalishi bo‘yicha mayor Ma’murjon Turg‘unov birinchi o‘ringa loyiq ko‘rildi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarga fotograflar Bahrom Abdurahimov va Amina Zokirova sazovor bo‘ldi.

Tanlovning rangtasvir, grafika, miniatyura yo‘nalishida birinchi o‘rin yosh ijodkor Mirvohid Mirsaidovga nasib etdi. Ikkinchi o‘rinni Hasan Egamberdiyev, uchinchi o‘rinni Muyassar Sobirova egalladi.

13.JPG

– Harbiy mavzuda ishlash men uchun juda qiziqarli, – deydi yosh rangtasvirchi M.Mirsaidov. – Respublika rassomlik kollejida o‘qituvchilik qilaman. Garchi rassom bo‘lsam-da, ona yurtimizga bo‘lgan mehrimni Vatan himoyachilari hayoti ifoda etilgan ishlarim orqali namoyon etganimdan cheksiz faxrdaman. Tanlov g‘olibi bo‘lganim meni bu sohada yana jiddiy izlanishlarga undaydi.

G‘oliblar va tanlovning faol ishtirokchilari tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Vatan, tinchlik, sadoqat, jasorat, mardlik va qahramonlikni tarannum etgan kuy-qo‘shiqlar tadbirga bayramona shukuh bag‘ishladi.

Nasiba Ziyodullayeva, Yolqin Shamsiddinov (surat), O‘zA
16 531