O‘zA O`zbek

11.08.2019 Chop etish versiyasi

Mehr-oqibat va bagʻrikenglik ayyomi

Mehr-oqibat va bagʻrikenglik ayyomi

Muborak Qurbon hayiti bayrami Orolboʻyining barcha shahar va tumanlarida, chekka ovullarda ham keng nishonlanmoqda.

Nukus shahridagi Imom Eshon Muhammad jomye masjidi va joylardagi 50 ta masjidda hayit namozlari oʻqildi.

Qurbon hayiti munosabati bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va Vazirlar Kengashi, Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi, Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi kengashi va boshqa tashkilotlari bilan birgalikda keng koʻlamli xayriya tadbirlar amalga oshirilayotir. Jumladan, bayram munosabati bilan kam taʼminlangan, yordamga muhtoj, nogironligi boʻlgan shaxslarga, Mehribonlik, Bolalar, Muruvvat uylariga moddiy yordamlar koʻrsatildi.

– Muborak Qurbon hayiti jamiyatimizda mehr-oqibat, oʻzaro bagʻrikenglik muhitini yanada mustahkamlash, xalqimizga xos boʻlgan insoniylik fazilatlarni, diniy-maʼrifiy qadriyatlarni asrab-avaylashda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Nukus shahridan mehnat faxriysi Yesen Reymov. – Hayit namozini ado etib chiqqanlar bir-birlarini bayram bilan tabriklab, yurtimizga tinchlik, xalqimizga moʻl rizq-nasiba tilashdi. Mana shunday baxtiyor, xayrli kunlarimiz koʻp boʻlsin.


4 241
Dovud Abibullayev, OʻzA