Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.08.2017 20:22 Chop etish versiyasi

Mehr-muruvvatdan nurafshon ko‘ngillar

Mehr-muruvvatdan nurafshon ko‘ngillar Eng ulug‘, eng aziz ayyom – Vatanimiz mustaqilligining 26-yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan muruvvat tadbirlarida imkoniyati cheklangan fuqarolarning bir guruhiga Prezident sovg‘asi – zamonaviy uylar berilayotgani ular qalbini cheksiz quvonchga to‘ldirmoqda.

“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlarning barchasi xalqimizga xos mehr-oqibat, bag‘rikenglik, muruvvat va saxovatpeshalik kabi olijanob fazilatlarni o‘zida mujassam etgan. Bu Xalq qabulxonasi tomonidan oddiy odamlarning hayotiy talab va ehtiyojlarini qondirish borasida olib borilayotgan ishlarda ham o‘z ifodasini topayotir.

Jizzaxda ehtiyojmand oilalar, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarga Prezident sovg‘asi – yangilangan namunaviy loyihalar asosida bunyod etilgan uy-joylarni tantanali topshirish marosimida ham bunday fazilatlar yanada yaqqol namoyon bo‘ldi.

Sharof Rashidov tumanidagi Uchtepa massivida 24 xonadonga mo‘ljallangan ikki qavatli yangilangan loyiha asosida zamonaviy uy qurilib, foydalanishga topshirildi. Ushbu uyning har biri 2-3 xonadan iborat 6 xonadoni ehtiyojmand fuqarolarga berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jizzax viloyatidagi Xalq qabulxonasi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari, keng jamoatchilik ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda aholini qiynayotgan muammolarni joyida hal etish, og‘irini yengil qilish borasida ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar ularning hayotdan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.

– O‘z uyimga ega bo‘lish men va oilam uchun kutilmagan baxt bo‘ldi, – deydi A.Nizomov. – Uch farzandimiz bilan uy-joysiz birovlarning omonat boshpanalarida vaqtinchalik yashashning o‘zi bo‘ladimi? Uch xonali shinam uyga ega bo‘lganimizdan ko‘ksimiz osmon qadar ko‘tarildi. Bunday ezgu ishlar boshida turgan davlatimiz rahbariga, hukumatimizga rahmat.

Er-xotin Nizomovlar oilasi shu kuni ishli ham bo‘ldi. Tuman hokimligi ko‘magida ular hududdagi paxta tozalash korxonasida shartnoma asosida ish boshladi.

Yangi uylardan biri tumanning Qo‘shko‘prik mahallasida akalari bilan tor hovlida yashab kelayotgan Jasur Rashidovga berildi. O‘zi ham, turmush o‘rtog‘i ham nogiron bo‘lgani bois alohida uy-joy qilib chiqib ketish imkonini qilolmayotgan edi. Xalq qabulxonasi tavsiyasi bilan uning murojaati ishchi guruh tomonidan o‘rganib chiqildi va yangi uydagi 3 xonali xonadonlardan biri unga ajratildi.

– To‘rt muchasi sog‘ odam harakat qilsa, o‘ziga boshpana qilib oladi, biroq mehnat qobiliyati cheklangan inson o‘zgalar ko‘magiga muhtoj bo‘lib qolar ekan, – deydi J.Rashidov. – Baxtimga shunday bag‘rikeng yurtim, xalqparvar Prezidentimiz borligi uchun shukr qilaman. Ehtiyojmand oilalar, ko‘ngli yarim insonlarga baxtiyor yashash quvonchini baxsh etayotgan, inson sha’ni, qadr-qimmati ulug‘lanadigan Vatan fuqarosi ekanimdan faxrlanaman.

– Taqdir meni nogiron qilib yaratgani yetmaganday, yaqinlarim yo‘qligi tufayli hayotim iztirobdan iborat edi. Qirq yil umrim birovlarning xonadonida o‘tdi. Xalq qabulxonasiga qilgan murojaatim e’tiborsiz qolmay, Prezidentimiz tomonidan menga 2 xonali uy barcha jihozlari bilan sovg‘a qilindi. Nogiron bo‘lsam-da, qo‘limdan ish keladi. Paxta zavodiga kasanachilik asosida ishga qabul qilib, tikuv mashinasi berildi. Davlatimizning bu yaxshiliklariga halol mehnatim bilan javob beraman, – deydi ikki xonali uyga ega bo‘lgan Muhayyo Xolboyeva.

Davlatimiz tomonidan inson manfaatlarini ta’minlash, aholining barcha qatlami turmush farovonligini yanada yuksaltirish, ayniqsa, kam ta’minlangan va o‘zgalar ko‘magiga muhtoj insonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib turmush sharoiti yaratishdek olijanob maqsadga qaratilgan aniq manzilli tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bu ezgu maqsad Vatanimiz mustaqilligi bayramiga bag‘ishlab viloyat hokimligi, Xalq qabulxonasi jamoatchilik vakillari ishtirokida Jizzax shahridagi “Bahora” tantanalar majmuasida jismoniy imkoniyati cheklanganlar uchun o‘tkazilgan uchrashuvda ham o‘z ifodasini topdi.

Uchrashuvda 28 nogironga imtiyozli kredit asosida uy-joyga egalik qilish huquqini beruvchi sertifikat topshirildi. Ehtiyojmand fuqarolardan 46 nafariga kattalar, 15 nafariga bolalar nogironlik aravachasi, 17 nafariga eshitish moslamasi va boshqa vositalar topshirildi.

Shu kuni Zomin tumanidagi Muruvvat uyida istiqomat qiluvchilar bilan uchrashuv va bayram tadbiri o‘tkazildi. Mehr-muruvvatga ehtiyojmand ayollar davlatimiz e’tibori va g‘amxo‘rligidan ko‘ngillari ko‘tarilib, yurtimizga tinchlik, farovonlik tilab duo qildi.

Tadbirlarda Jizzax viloyati hokimi U.Uzoqov so‘zga chiqdi.

Toshqul Beknazarov, Jamshid Yorbekov (surat), O‘zA
1 534






Все о погоде - Pogoda.uz