O‘zA O`zbek

13.11.2019 Chop etish versiyasi

Mehnat jamoalaridagi xotin-qizlarning huquqlari poymol etilayotgani yuzasidan 2 mingga yaqin murojaatlar kelib tushgan

Mehnat jamoalaridagi xotin-qizlarning huquqlari poymol etilayotgani yuzasidan 2 mingga yaqin murojaatlar kelib tushgan

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtadi.

Unda Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi va “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi mutasaddilari ishtirok etdi.

Matbuot anjumanida aytilishicha, joriy yilning oʻtgan 9 oyida 250 mingdan ortiq ishsiz xotin-qizlar ishga joylashtirilgan. 

Shuningdek, nogironligi boʻlgan 5 mingdan ortiq xotin-qizga Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlari hisobidan nogironlik aravachalari va boshqa reabilitatsiya vositalari olib berildi. Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasining birinchi oʻrinbosari Zulayxo Mahkamova tizimda shu va boshqa qilinayotgan ishlarga toʻxtalib oʻtar ekan mavjud muammolardan ayrimlarini ham sanab oʻtdi:

– Qoʻmitaga murojaatlarning asosiy qismi uy-joy, oilaviy muammolar, bandlik, kredit olish hamda zoʻravonlik masalalarida boʻlmoqda. Shu oʻrinda men mehnat jamoalaridagi xotin-qizlarimizning huquqlari poymol etilayotganini ham aytib oʻtishni joiz deb bilaman. Joylarda xotin-qizlarimizni ish joylaridan nohaq boʻshatilishlari, ularga nisbatan qisqartirishlarning notoʻgʻri qoʻllanganligi bilan bogʻliq shikoyatlar koʻp. Mana shu davrgacha 2 mingga yaqin ish beruvchilar bilan shunday holatlar roʻy berilganligi aniqlandi. Ularga toʻgʻridan toʻgʻri murojaat qilish bilan va sud darajasigacha xotin-qizlarni himoya qilish orqali murojaatlarni ijobiy hal etishga erishildi. 

Matbuot anjumanida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori oʻrinbosari Dilbar Alimjanova ham soʻzga chiqib markazning oldiga qoʻygan vazifalari, amalga oshirilgan ishlar va oldinda turgan vazifalarga toʻxtalib oʻtdi. 

577
Inobat Ahatova, OʻzA