Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.08.2018 17:39 Chop etish versiyasi

Mehnat huquqlari himoyasi va ommaviy axborot vositalari

Mehnat huquqlari himoyasi va ommaviy axborot vositalari Farg‘onada “Mehnat huquqlari himoyasini xolis yoritish va axborotni o‘z vaqtida taqdim etish mexanizmlari” mavzusida seminar trening o‘tkazildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan Farg‘ona viloyati hokimligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlaridagi ommaviy axborot vositalari hamda Kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi vakillari ishtirok etdi.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida fuqarolar huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini mustahkamlashga qaratilgan choralar belgilangan bo‘lib, bugungi kunda ushbu yo‘nalishda muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, munosib ish bilan ta’minlash, mehnat me’yorlarini bajarish, bolalar va majburiy mehnatning har qanday ko‘rinishining oldini olish bo‘yicha samarali ishlar olib borilayotir.

Jumladan, 2017-2020 yillarda O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha davlat dasturi amalga oshirilmoqda. Oliy Majlis Senati qoshida Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash masalalari bo‘yicha Parlament komissiyasi tashkil etilgan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan joriy yil 10 mayda “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.

Bugungi kunda mamlakatimizda ta’lim va tibbiyot muassasalari xodimlari, talabalar, ijtimoiy soha vakillarini dala va tozalash-obodonlashtirish ishlariga jalb etishni ta’qiqlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Qolaversa, keng jamoatchilik bunday noqonuniy xatti-harakatlarga o‘z munosabatini ommaviy axborot vositalari, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda ochiq va erkin bildirmoqda. Natijada ushbu sohada muammolar, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar sezilarli ravishda kamayishiga erishilayotir.

Tadbirda mehnat huquqlari sohasida qabul qilinayotgan so‘nggi huquqiy hujjatlar ijrosi, xalqaro standartlar va sohada OAV erkinligi bo‘yicha ham fikr almashildi.

Fuqarolarning qonunlar to‘g‘risida yetarli bilimga ega bo‘lishi, huquqiy savodxonligi va madaniyati oshishida ommaviy axborot vositalarining o‘rni beqiyos ekani ta’kidlandi. Faktlar va ishonchli manbalarga tayanadigan sifatli mustaqil jurnalistikani shakllantirish bo‘yicha soha xodimlari zimmasida turgan muhim vazifalar xususida fikr almashildi.

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat) O‘zA
2 129