O‘zA O`zbek

03.03.2020 Chop etish versiyasi

Mehmonxonada 150 kishi ishli boʻldi

Mehmonxonada 150 kishi ishli boʻldi

Buxoro shahrining markazida 20 yil davomida tashlandiq holga kelib qolgan sobiq “Zarafshon” mehmonxonasi bahorning ilk kunlarida mahalliy tadbirkorning xorijiy hamkorlar bilan birgalikda amalga oshirgan investitsiya loyihasi asosida zamonaviy va koʻrkam qiyofaga kirdi.

“Sahid Zarafshon” nomidagi mehmonxonaning ochilish marosimida jamoatchilik vakillari, tadbirkorlar, xorijiy mehmonlar, sayyohlik firmalari rahbarlari, yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Taʼkidlanishicha, mamlakatimizda turizmni jadal rivojlantirishga qaratilgan oqilona islohotlar natijasida yurtimiz, jumladan, Buxoroga kelayotgan sayyohlar soni yildan-yilga koʻpaymoqda. Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, betakror Buxoro ulkan salohiyatga ega turizm chorrahasiga aylanib bormoqda.

Birgina 2019-yilda viloyatga tashrif buyurgan sayyohlar soni 3,6 million kishini tashkil etgan. Shundan 600 mingdan ziyodi xorijiy turistlardir. Ayni paytgacha viloyatda katta-kichik hajmdagi 346 ta mehmonxona negizida 8 mingdan ziyod kishini qabul qilish quvvati yaratildi. 2018-2019-yillarda jami 4 mingdan ziyod mehmon qabul qilish imkoniyatiga ega 225 ta yangi mehmonxona va joylashtirish vositalari qurib bitkazildi. Bu sohada 3 mingga yaqin muqim ish oʻrni yaratildi.

“Sahid Zarafshon” mehmonxonasi ilgʻor menejment boshqaruvini yoʻlga qoʻyish boʻyicha Indoneziyaning xalqaro miqyosda tanilgan “Sahid” kompaniyasi bilan hamkorlikda bunyod etildi.

Mazkur yirik mehmonxonada mehmonxona xizmati bilan bir vaqtda, 3 ta yirik konferensiya zallari, qishki bogʻ, restoranlar, koʻrgazmalar binosi, ochiq va yopiq basseyn kabi qoʻshimcha obyektlar faoliyat koʻrsatadi. Mehmonxonada 150 nafardan ziyod buxorolik yoshlar ishli boʻldi. 

Tadbirda Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamolov qatnashdi.

1 668
Zarif KOMILOV, OʻzA