MDH tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi majlisi
Ashxobodda 11-oktyabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtadi.
Ashxobodda 11-oktyabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtadi.
Ushbu anjuman oldidan MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashining majlisi oʻtkazildi. Unda sammit kun tartibiga taqdim etiladigan va boshqa dolzarb masalalar yuzasidan fikrlashib olindi.
Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etdi.
Delegatsiyalar rahbarlari Hamdoʻstlik doirasidagi hamkorlikning hozirgi holati va uni rivojlantirish istiqbollari hamda xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdi.
MDH mamlakatlari oʻyinlari, axborot xavfsizligini taʼminlash, giyohvand, psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish kabi qator masalalar muhokama qilindi.
Majlisda qator hujjatlar loyihalari koʻrib chiqildi. Ular MDH Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida tasdiqlatish uchun kiritiladi.
Shu kuni Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya tashqi siyosat idoralari rahbarlarining ikkinchi uchrashuvida ishtirok etdi.
Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Oʻzbekiston va Rossiya tashqi ishlar vazirlari barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlash, mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik istiqbollari, madaniy-gumanitar sohadagi almashinuvlarni faollashtirish masalalari boʻyicha fikr almashdi.
Uchrashuvda Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya hamkorligini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, qoʻshma iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish, oʻzaro savdo hajmlarini koʻpaytirish borasidagi takliflar ham muhokama qilindi.
Vazirlarning mazkur formatdagi uchrashuvini doimiy oʻtkazishga kelishib olindi.
Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Turkmaniston oʻrtasida uch mamlakat Davlat chegaralarining tutash nuqtasi hududi toʻgʻrisidagi shartnomani (2017-yil 10-noyabrda Samarqand shahrida imzolangan) ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi yorliqlarni almashish marosimida ishtirok etdi.
Hujjatni, shuningdek, Qozogʻiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi va Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi oʻrinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov ham imzoladi.
Imzolangan bayonotga koʻra, hujjat 2019-yil 10-oktyabrdan kuchga kiradi.