O‘zA O`zbek

22.05.2020 Chop etish versiyasi

MDH mamlakatlari universitetlari oʻrtasida videokonferensiya boʻlib oʻtadi

MDH mamlakatlari universitetlari oʻrtasida videokonferensiya boʻlib oʻtadi

Shu yilning 26-may kuni MDH mamlakatlari universitetlarining COVID-19 pandemiyasining Hamdoʻstlik mamlakatlari iqtisodiyotiga taʼsiriga bagʻishlangan xalqaro videokonferensiyasi boʻlib oʻtadi.

Ushbu anjuman Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Osiyo va Afrika mamlakatlari instituti, Sankt-Peterburg davlat universiteti, Belarus davlat universiteti, Baku davlat universiteti, Yerevan davlat universiteti, Moldova davlat universiteti, Al-Farobiy nomidagi Qozogʻiston milliy universiteti, Tojikiston milliy universiteti, Oʻsh davlat universiteti tomonidan tashkil qilindi.

2020-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligida raislik qilmoqda. Raislik konsepsiyasi ishlab chiqilgan boʻlib, unda madaniy-gumanitar sohaga, xususan, fan va taʼlim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga muhim oʻrin ajratilgan. Shu munosabat bilan biz nafaqat mamlakatlarimiz, balki butun insoniyat uchun oʻta dolzarb boʻlgan muammo yuzasidan xalqaro videokonferensiya oʻtkazish tashabbusi bilan chiqishga qaror qildik. Bizning hamkasblarimiz, hamkorlarimiz ushbu tashabbusni qoʻllab-quvvatladi hamda COVID-19 pandemiyasiga bagʻishlangan ushbu tadbirni tashkil qilish va oʻtkazish maqsadida birlashdi.

Dunyoda COVID-19 tarqalishi bilan bogʻliq boʻlgan nomaqbul epidemiologik vaziyat qaror topdi va shu munosabat bilan Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti koronavirus pandemiyasini eʼlon qildi.

Hozirgi paytda koronavirus infeksiyasi ulkan global inqirozga olib keldi, u oʻzining chuqurligi va koʻlamiga koʻra soʻnggi yuz yillikdagi barcha jahon inqirozlaridan oʻzib ketdi. Dunyo boʻylab butun bir sohalar, nihoyatda koʻp korxonalar, kompaniyalar va korporatsiyalar halokat yoqasiga kelib qoldi. Jahon iqtisodiyotining rivojlanishi prognozlarini oʻta maqbul deb boʻlmaydi, ular kun sayin yomon tomonga oʻzgarib bormoqda.

Xalqaro mehnat tashkilotining maʼlumotlariga koʻra, pandemiyaning salbiy oqibatlarini butun dunyo boʻylab 3,3 milliard mehnatga layoqatli aholining 2,7 milliardi, yaʼni ishchi kuchining 81 foizi oʻz misolida his etadi. Jahon sayyohlik tashkiloti 2020-yilda turizm daromadi tushib ketishining eng ogʻir holatini 78 foizgacha deb baholamoqda, bu esa xalqaro sayyohlik tashriflarning 850 milliondan 1,1 milliardgacha yoʻqotilishiga, milliy iqtisodiyotlarning turizmdan eksport tushumlarining 1,2 trillion AQSH dollarigacha kamayishiga sabab boʻlishi mumkin. Jahon savdo tashkilotining maʼlumotlariga koʻra, 2020-yilda jahon savdosi hajmi uchdan bir qismiga, toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi 40 foizga kamayishi mumkin.

Xalqaro valyuta jamgʻarmasining rahbari Kristalina Georgiyeva shunday deb qayd etadi: “Mohiyatan, jamgʻarmamizning 75 yillik tarixi davomida hech qachon bunchalik koʻp mamlakatlar shoshilinch moliyalanishga muhtoj boʻlmagan – bizga bir paytning oʻzida 85 mamlakat murojaat qildi”.

Taʼkidlash kerakki, COVID-19 milliy iqtisodiyotlarning ishbilarmonlik faolligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi va jahon bozorida tigʻizlikni kuchaytiradi. Kelajakda esa korxonalar, kompaniyalarning yopilishi, ishsizlar sonining koʻpayishi tufayli global iqtisodiyotning ishlab chiqarish salohiyatini jiddiy tarzda zaiflashtirishi mumkin. Oʻz navbatida, iqtisodiy tavakkalchilikning alohida zonasiga aynan rivojlanayotgan davlatlar, shu jumladan, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi mamlakatlari kirib qolishi mumkin.

Shu munosabat bilan MDH mamlakatlarini koronavirus infeksiyasining salbiy oqibatlariga qarshi kurashish boʻyicha hamkorligi katta ahamiyat kasb etadi. Ushbu mamlakatlar iqtisodiyoti bir-biriga nihoyatda bogʻliq, ularning oʻrtasida yaqin kooperatsion, investitsion va migratsion aloqalar ham mavjud. Demak, MDH mamlakatlari faqat birlashgan holatda yuzaga kelayotgan mislsiz qiyinchiliklarni yengib oʻtishi mumkin. Birgalikdagi xatti-harakatlarni safarbar qilish va ularni samarali joriy etish qoʻyilgan maqsadlarga erishish imkonini beradi. Buning uchun MDH ning mavjud imkoniyatlaridan kengroq foydalanish, epidemiologik vaziyat boʻyicha monitoring va tezkor maʼlumotlar bilan almashishni yoʻlga qoʻyish, Hamdoʻstlik mamlakatlarida COVID-19 ga qarshi kurashda oʻzaro maslahat yordamini va amaliy yordam koʻrsatish zarur.


Shu nuqtayi nazardan oʻtkazilayotgan xalqaro videokonferensiya tanlangan muammo nuqtayi nazaridan ham, oʻtkazilayotgan shakliga koʻra ham, shuningdek oʻz mamlakatlarining yetakchi oliy oʻquv yurtlari boʻlgan MDH ning 9 mamlakatidan ishtirokchilar qatnashayotganligi bilan ham nihoyatda dolzarb ahamiyat kasb etadi. MDH davlatlari akademik hamjamiyatining integratsiyasi – bu taʼlimning baynalminallashuvi va hamkorlikning shonli anʼanalari mustahkamlanishining muhim omilidir. Mazkur videokonferensiya bunday shaklda ilk bor oʻtkazilmoqda. Umid qilamizki, bunday tadbirlar muntazam oʻtkaziladi, ishtirokchilarining safi esa kengayib boradi, ayni paytda MDH da fan va taʼlimning barcha yoʻnalishlari boʻyicha dolzarb masalalar muhokamasi uchun maydon yaratiladi.

Tashkiliy qoʻmita aʼzolari, spikerlari va moderatorlariga koʻrsatayotgan yordami va videokonferensiyada ishtiroki uchun minnatdorlik bildiramiz.

Elyor Mahmudov,
Tashkiliy qoʻmita raisi,
Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining
xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektori

1 100
OʻzA