O‘zA O`zbek

04.12.2019 Chop etish versiyasi

MDH kuzatuvchisi Farg‘ona viloyatidagi saylov jarayoni bilan tanishdi

MDH kuzatuvchisi Farg‘ona viloyatidagi saylov jarayoni bilan tanishdi

Mustaqil davlatlar hamdo‘stligining (MDH) ijroiya qo‘mitasi uzoq muddatli kuzatuvchilar missiyasi a’zosi Yevgeniy Kozak Farg‘ona viloyatida saylovlarga tayyorgarlik bilan tanishdi.

“Yangi O‘zbekiston, yangi saylovlar” shiori ostida bo‘lib o‘tayotgan saylovlarga viloyatda ham qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Hozirda viloyatda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 17 ta, xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha 60 ta, tuman va shahar Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi 567 ta okrug saylov komissiyasi hamda 1 ming 51 ta saylov uchastkalari tashkil etilgan. Ularning faoliyat yuritishi uchun barcha sharoitlarga ega zamonaviy binolardan joy ajratilgan.

Xalqaro kuzatuvchi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 111-Farg‘ona saylov okrugi, Farg‘ona shahridagi 710, 673 hamda Farg‘ona tumanidagi 784-saylov uchastkasi faoliyati bilan tanishdi.

– Missiyamiz davomida saylovni o‘tkazishga mas’ul bo‘lgan okrug va uchastka komissiyasi a’zolari bilan suhbatlashyapmiz, – deydi Yevgeniy Kozak. – Nafaqat Toshkent shahri balki, barcha shahar va tumanlardagi saylov uchastkalarini ko‘zdan kechirishni maqsad qilganmiz. Shuni aytishim mumkinki, saylov uchastkalarida a’lo darajada tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Barcha uchastkalar saylovga tayyor holatda. 2016 yilda ham O‘zbekistondagi saylovda ishtirok etganman. Bu yilgi saylovlarni yangi qabul qilingan Saylov Kodeksi asosida tashkil etilayotgani ham O‘zbekistonda saylov tizimining ochiq, oshkora va demokratik tamoyillarga to‘la mos kelishiga xizmat qiladi.

Xalqaro kuzatuvchi okrug va uchastka saylov komissiyalarining tarkibi, faoliyati, nomzodlarning saylovoldi tashviqoti tadbirlari, ularga qonunchilik talablari asosida teng sharoitlar yaratib berish masalalari hamda saylov jarayonini boshqarishda axborot tizimi, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati bilan qiziqdi. Kuzatuvchiga viloyatda bu borada olib borilayotgan ishlar haqida so‘zlab berildi.

2 084
M.SULAYMONOV, M.QODIROV (surat), O‘zA