Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.06.2018 18:31 Chop etish versiyasi

Maxsus tergov xonalari ishga tushirildi

Maxsus tergov xonalari ishga tushirildi
Jizzax viloyati IIB tergov boshqarmasi va uning quyi tizimlarida tergov xonasi, o‘smirlarni tergov qilish va operator xonalaridan iborat majmua ishga tushirildi. Majmua tergov jarayonini stenografiya qilish, videonazorat, shuningdek, tergov harakatlarini audio va video shaklda yozib olish usukunalari bilan jihozlangan elektron dastur asosida ishlaydi.

Prezidentimizning 2018 yil 18 apreldagi Ichki ishlar organlarining jinoyatlarni tergov qilish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq, inson huquqlari, xususan, tergov-surishtiruv jarayonlarida jabrlanuvchi, gumondor, guvohlarning fuqarolik haq-huquqlari daxlsizligi, jarayonning ochiq va shaffofligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ushbu maxsus tergov xonalari qurilishida jabrlanuvchi va guvohlarni gumon qilinayotgan shaxs bilan yuzlashtirishga amal qilinadigan xalqaro me’yorlar hisobga olingan. Bunda gumon qilinuvchi shaxs o‘ziga ko‘rsatma berayotgan jabrlanuvchi bilan yuzma-yuz ko‘rishmaydi, balki alohida xonada o‘rnatilgan monitor orqali ularni ko‘radi. Guvoh yoki jabrlanuvchi gumon qilinayotgan shaxsni ko‘rmaydi. Sababi, jinoyatga aloqador shaxsni ko‘rgan jabrlanuvchi ruhiy zarba olishi mumkin. Bu esa tergov jarayonini og‘irlashtiradigan holatlardan hisoblanadi. Shu sababli majmuada nazorat kameralari o‘rnatilgan, tasvirni kerakli xonadagi monitorga yetkazish bilan operatorlar shug‘ullanadi.

Mazkur elektron dastur xodimlarning xizmat va shaxsiy kompyuterlarini, har qanday hujjatlarning qonuniy tuzilishini nazorat qilish, tergovchi va surishtiruvchilar tomonidan tergov qilinayotgan jinoyat ishlarining tegishli qarorlarini masofadan ko‘rish, shuningdek, boshqa ma’lumotlarni almashish imkonini beradi.

Xonalarga o‘rnatilgan kuzatuv kameralari orqali tergov jarayoni yozib boriladi.

– Bu tizimning joriy etilishi tergov qilinayotgan shaxsga psixologik va jismoniy tazyiq o‘tkazish, shuningdek, boshqa g‘ayriinsoniy va noqonuniy usullarni qo‘llashni bartaraf etadi, – deydi viloyat IIB transportda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘limi huzuridagi tergov guruhi katta tergovchisi Elyor Po‘latov. – Barcha tergov xodimlari kompyuter va boshqa axborot texnologiyalari bilan to‘liq ta’minlangan. Bu tergovchilarga bir-biri bilan o‘zaro axborot almashish, maslahatlashish imkonini beradi.

Toshqul Beknazarov, Jamshid Yorbekov (surat) O‘zA
1 440