O‘zA O`zbek

13.07.2020 Chop etish versiyasi

Maxsus komissiyasining cheklovchi choralarini kiritish boʻyicha qarorlari qonunga toʻgʻri keladimi?

Maxsus komissiyasining cheklovchi choralarini kiritish boʻyicha qarorlari qonunga toʻgʻri keladimi?

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi shtabida adliya vaziri oʻrinbosari Muzraf Ikromov ishtirokida Oʻzbekistonda koronavirusga qarshi kurashish boʻyicha choralar va ularni amalga oshirishning huquqiy jihatlari haqida jamoatchilikka va ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilariga asosli maʼlumotlarni yetkazish mavzuida press-brifing tashkil etildi.

M.Ikromov pandemiya sharoitida befarq boʻlmaslik, karantin bilan bogʻliq qoidalarga qatʼiy rioya etish zarurligiga eʼtibor qaratdi. Tasdiqlanmagan maʼlumotlarga, asoslanmagan subyektiv qarashlarga ishonib boʻlmaydi. Eng ishonchli axborot manbasi, albatta, davlat organlarining rasmiy axborotlari ekanligiga shak-shubha yoʻq.

Respublika maxsus komissiyasining tuzilishi va uning cheklovchi choralarini kiritish boʻyicha qarorlar qabul qilishga vakolatli ekanligi qonunga toʻgʻri keladimi, degan savolga adliya vazirining oʻrinbosari quyidagi javob qaytardi:

- Mamlakatimizda koronavirusga qarshi olib borilayotgan kurash mustahkam huquqiy asosga ega. Konstitutsiyaga, qonunchilikka va Oʻzbekiston qoʻshilgan xalqaro hujjatlarga toʻla mos keladi, inson huquqlarini buzmaydi.

“Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi qonunning 3-moddasiga koʻra, Hukumat ijro etuvchi hokimiyatning oliy organi boʻlib, iqtisodiyot, ijtimoiy va maʼnaviy sohalarning samarali faoliyat koʻrsatishiga rahbarlik qiladi, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Parlament qarorlari, Prezident hujjatlari ijrosini taʼminlaydi.

Qonunning 11-moddasiga koʻra, Vazirlar Mahkamasining ijtimoiy sohadagi vakolatlari sirasiga, jumladan, sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni taʼminlash boʻyicha choralarni amalga oshirish kiradi. 25-moddaga binoan, davlat va xoʻjalik boshqaruvining ayrim masalalari boʻyicha takliflar tayyorlash, Hukumat qarorlari loyihalarini ishlab chiqish, shuningdek uning ayrim topshiriqlarini bajarish uchun muvaqqat komissiyalari tashkil etishi mumkin.

Hukumat Reglamentiga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi vakolatlarining amalga oshirilishi komissiyalar, kengashlar va boshqa idoralararo kollegial organlar faoliyati bilan ham taʼminlanadi. Vazirlar Mahkamasida uning vakolatlariga kiradigan masalalarni koʻrib chiqish Hukumat tashkil etadigan komissiyalarning hamda boshqa idoralararo kollegial organlarning majlislarida manfaatdor davlat organlari va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirokida amalga oshiriladi.

“Aholining sanitar-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi qonunning 31-moddasiga muvofiq, yuqumli va parazitar kasalliklarning paydo boʻlish yoki tarqalish xavfi yuzaga kelgan taqdirda Vazirlar Mahkamasi yoki viloyat hokimliklari ham oʻrnatilgan tartibda tegishli hududlarda yoki obyektlarda belgilangan tartibda cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etishi mumkin.

Shu tariqa, bir vaqtning oʻzida Fuqaro muhofazasi boshligʻi boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri boshchiligidagi Maxsus komissiya Vazirlar Mahkamasi vakolatlarini amalga oshirishni taʼminlashning usullaridan biridir.

Prezidentimizning maxsus farmoyishiga muvofiq, koronavirus boʻyicha epidemiologik vaziyatning yomonlashishi ehtimoli belgilarini oʻz vaqtida aniqlash va kasallanish xavfini kamaytirish hamda bemorlarga malakali tibbiy yordam koʻrsatishga qaratilgan profilaktik va epidemiologiyaga qarshi kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish Maxsus komissiyaning asosiy vazifalaridan biri etib belgilangan.

Hukumatning 2020-yil 23-martdagi 176-son qarori bilan komissiya tomonidan oʻz vakolati doirasida qabul qilinayotgan qarorlarning majburiy ijro qilinishi koʻrsatib oʻtilgan.

“Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi qonunning 35-moddasiga koʻra esa, Hukumatning qabul qilgan qarorlari va farmoyishlari Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar hamda fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir.

Shunday ekan, ishonch bilan aytish mumkinki, Maxsus komissiyaning tuzilishi va uning vakolatliligi borasida ikkilanishga oʻrin yoʻq, bu boradagi barcha shubha-gumonlar biror bir yuridik asosga ega emas.

1 252
Muattar Roʻziboyeva, OʻzA