O‘zA O`zbek

14.08.2018 09:29 Chop etish versiyasi

Maxsus chuqurda nasha yetishtirayotgan “uddaburon” qo‘lga tushdi

Maxsus chuqurda nasha yetishtirayotgan “uddaburon” qo‘lga tushdi

Surxondaryo viloyatida o‘tkazilayotgan “Qoradori – 2018” tadbirlarida ayrim kimsalar tomorqasida nasha giyohvand moddasini yetishtirayotganida qo‘lga tushgani haqida xabar bergan edik. Bu safar ichki ishlar idorasi xodimlari Denov tumanidagi “Mehnatobod” mahallasida zahri qotil parvarishi bilan bog‘liq ikkita “g‘aroyib” holatni aniqladi.

Ziyrak huquq posbonlari mahalladagi E. Jovliyev (ism-shariflar o‘zgartirildi) xonadoniga kelganida uning tomorqasida yam-yashil bo‘lib turgan sabzi ekinlari e’tiborini tortdi. Ular ne ko‘z bilan ko‘rsinki, bu shaxs sabzi qator oralariga 18 tup nasha o‘simligini ekib, parvarishlab kelayotgan ekan. Bundan tashqari, oshxonasi ko‘zdan kechirilganda marixuana giyohvandlik moddasi saqlanayotgani aniqlanib, hujjatlashtirib olindi. Shu mahallada yashovchi ellik yoshdagi S. Qulto‘rayev giyohvand modda yetishtirish uchun ancha mehnat qilgan ko‘rinadi. U tomorqasidagi anor daraxtlari orasida 11 maxsus chuqur kovlab, zahri qotil yetishtirmoqchi bo‘ladi. Shu maqsadda 27 tup nasha o‘simligini ekib, parvarishlay boshlaydi. Afsuski, tomorqadagi chuqurlarda o‘sayotgan bu o‘simlikni ham ichki ishlar idorasi xodimlari ilg‘ab qoldi.

Qonunlarimizda ekish taqiqlangan mazkur o‘simliklar xolislar ishtirokida rasmiylashtirilib, og‘u yetishtirish bilan shug‘ullanayotgan shaxslarga nisbatan tegishli tartibda jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

X. Mamatrayimov, O‘zA
2 129