O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

04.09.2018 14:45 Chop etish versiyasi

Matbuotimiz tarixi muzeyi ochilsa....

Matbuotimiz tarixi muzeyi ochilsa....
OʻzA minbari

Yangi oʻquv yili boshlanyapti. Bugun erta Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining tantanali ochiladi. Meni ham taklif etishdi. Yangi uyga quruq qoʻl bilan borib boʻlmaydi. Men Qoʻqon madaniyati tarixi davlat muzeyi xazinalar fondi bilan tanishdim. U yerdan bir narsa qidirgandim. Xayriyat, topdim. Mana oʻsha qimmatbaho eksponat. 1914 yil 3 aprelda tadbirkor Obidjon Mahmudov ilk bor tashkil etgan bosmaxonada Ashurali Zoxiriy muharrirligida chop etilgan “Sadoi Fargʻona” gazetasining Margʻilonda maxsus nafis ipakdan toʻqilgan oq, harir shohiga bosilgan birinchi soni. Oradan bir yuz toʻrt yil oʻtgan boʻlsa-da, gazeta yorqinligicha saqlanib qolgan.

“Sadoi Fargʻona”ning shu kungacha saqlanib qolayotgan sonlarini varaqlar ekanmiz, XX asr boshidagi siyosiy, ijtimoiy, axloqiy muhit hamda ziyolilar maʼnaviyati, maslagi, nuqtai nazari haqida tasavvurga ega boʻlamiz. Yoki boshqacha aytganda matbuot zamon tarixi sahifalarini bitguvchi ishonchli manbalardan biri boʻlib xizmat qiladi. Biz u orqali millat va Vatan oʻtmishini oʻrganamiz, ajdodlarimiz, hamkasblarimiz ruhi, malakasi bilan yuzma-yuz kelamiz. Shunday qilib, ommaviy axborot toʻplovchi, tahlil qiluvchi va tarqatuvchigina emas, balki tarixni muhrlaguvchi vosita vazifasini ham bajaradi.

“Sadoi Fargʻona” gazetasining ilk soni tarixchi olimlar taʼkidlashicha, 100 nusxa oq shoxi matoga va 1500-1700 nusxa qogʻozga bosib tarqatilgan. U Fargʻona viloyatida (oʻsha yillari Fargʻona viloyati tarkibida hozirgi Namangan, Andijon viloyatlari ham birlikda boʻlgan) chiqqan ilk milliy gazetadir.

“Sadoi Fargʻona” gazetasi bosh maqolasida shunday deyiladi:

“Gʻazetani nashrdan maqsadimiz albatta tijorat emas, balki xalqimizgʻa qoʻlimizdan kelgan qadar xizmat etmakdir”.

“Arbobi qalam va asʼhofi irfon uchun gʻazetamizning sutunlari har zamon ochiq boʻlub, maslakimiza muvofiq boʻlgʻon har bir maktub darj oʻlinajakdir... Dardimiz – bir, kasalimiz ham – bir, davo va darmonimiz ham birdur. Bas, andogʻ boʻlsa, ey himmatlik birodarlar, chiqinglar maydongʻa, yozayluk, oʻquyluk! Chunki dardlarimizning davoi shofiysi yolgʻiz oʻqumoq va yozmoqdur”.

Shubhasiz, “Sadoi Fargʻona” oʻzbek matbuoti tarixini oʻrganishda talabalar uchun gʻoyat qimmatli qoʻllanma boʻlib qoladi.

Bundan tashqari birgina Qoʻqonda 1917 yil va unga qadar oʻzbek tilida “Tirik soʻz”, “Fargʻona sahifasi”, “Fargʻona nidosi”, “Ravnaq ul islom”, “Xalq gʻayrati”, “El bayrogʻi” kabi gazetalar, “Kengash”, “Hurriyat”, “Yurt” kabi jurnallar chop etilgan. Ularning bizgacha yetib kelgan nusxa va sonlarini Qoʻqon, Fargʻona, Toshkent, Samarqand, Sankt-Peterburg muzeylarida uchratish mumkin.

Bugun yurtimizda jurnalistikaga ixtisoslashgan oliy dargoh ish boshlayapti. Uning oldiga qoʻyilgan bosh masala – yuqori malakali jurnalistlar tayyorlash. Lekin bu natijaga erishish uchun talaba Matbuotimiz tarixini ham yaxshi bilishi lozim. Taklifim – Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tarkibida “Oʻzbek milliy matbuoti tarixi” muzeyini tashkil etish zarur. Unga zamonaviy muzey texnologiyalari va oʻylashimcha byudjetdan yetarli mablagʻ ajratilishi kerak.

Balki, shunday loyiha tayyorlanar va hukumatga taklif kiritilar. Eksponatlar masalasiga kelsak, mamlakatimiz jurnalistlari fidoyilik koʻrsatib ularni yigʻib topshirishda asosiy kuch boʻladi, albatta. Biz matbuot tarixiga oid har qanday qimmatga ega boʻlgan kitob, gazeta nusxalari, teleradio, bosmaxona jihozlari, fotosuratlar va h.k. borki, ularni ana shu muzeyga keltirib beraylik. Bu doimo boyib boradigan chinakamiga Oʻzbekiston matbuoti tarixi muzeyi boʻlsin.

Shu oʻrinda yana bir gap. Yuqorida nomi tilga olingan biz xorijiy sayyohlarga maqtanib koʻrsatadigan Qoʻqon madaniyati tarixi davlat muzeyidagi ahvol aslida talabga mutlaqo javob bermaydi. Uning fondida bosh saqlovchi Akromjon Yaxyayev aytishicha 47,5 ming eksponat bor. Ammo koʻrgazma zallarida atigi ikki mingga yaqini qoʻyilgan xolos.

– Bino Qoʻqon xoni Xudoyorxonning saroyi boʻlgan va tabiiyki uning xonalari koʻrgazma qoʻyiladigan muzey zali emas. Lekin tarixiy qimmatga ega saroyning naqshinkor devor, ustun, peshtoqlariga muzey eksponatlari osib qoʻyilyapti... 45 mingdan ziyod gʻoyat noyob kitob, jihoz, buyumlar, ular qatorida 19-asr boshida chop etilgan gazeta va jurnallar ham bor, moʻʼtadil havo taʼminlanmaydigan, hatto konditsioneri ham yoʻq saroy xonalarida bir ahvolda saqlanmoqda, – deydi A.Yaxyayev.

Biz eksponatlar, jumladan, “Sadoi Fargʻona”, boshqa gazeta – jurnallarning elektron nusxasi bor-yoʻqligini muzey direktori Manzuraxon Mansurovadan soʻradik. Afsuski... Viloyat muzeylari idorasi rahbariga oʻtinch bilan murojaat qilib, ehtiyotkorlikka kafillik berib “Sadoi Fargʻona” gazetasining birinchi sonini bosh xazinabon Akromjon aka Yaxyayev hamrohligida Fargʻona shahriga olib kelib undan nusxa olgach yana Qoʻqonga, muzeyga borib topshirdik. Matbuotimiz tarixiga oid eksponatlar saqlanayotgan boshqa muzeylardagi ahvol ham bundan yaxshi boʻlmasa kerak.

Shunday ekan, Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida zamonaviy talablarga javob beradigan matbuot tarixi muzeyini tashkil etish dolzarb masalalardan biridir.

Muhammadjon Obidov,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist